Yamanda qonli to'qnashuvlar davom etmoqda, kelajak mavhum

  • Amerika Ovozi

Yamanda qonli to'qnashuvlar davom etmoqda, kelajak mavhum

Yamanda qonli to'qnashuvlar davom etmoqda, kelajak mavhum

Beqaror Yaman janubidagi Zinjibar va Taiz shaharlarida bugun armiya jangarilar bilan olishib 19 kishi halok bo’lgan.

Zinjibar shahri mana bir haftadirki, jangarilar qo’lida. Biroq prezident Ali Abdulla Solih ketsin deya yil boshidan beri tinmayotgan namoyishlar bosilganday.

O’tgan juma raketa hujumi oqibatida jarohat olgan prezident Ali Abdulla Solih Saudiya Arabistonida davolanar ekan, mamlakatda xursandchilik hissi hukmron. Uning iste’fosini talab qilib kelayotgan fuqarolar boshi osmonda. Lekin Solih ikki haftadan keyin qaytish niyatida.

Saudiya Arabistoni, Qo’shma Shtatlar va Yevropa pozitsiyasi shuki, Yaman rahbari lavozimidan ketishi kerak. “Xalq manfaati va tinchligi uchun zarur bu”, - deydi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Hukumatga qarshi kurashayotgan jangarilar

Hukumatga qarshi kurashayotgan jangarilar

Tahlilchilar fikricha, Solih qaytish-qaytmasligidan qat’iy nazar, terrorchilar fursatdan foydalanib qolishi aniq.

Amerikaning Yamandagi sobiq elchisi Barbara Bodin Solih hokimiyatdan voz kechishiga ishonmaydi.

“Zarurat bo’lganki, Solih davlatni tark etgan. Menimcha, u Yamandan ketib, qaytish g’oyat mushkul bo’lishini binoyiday tushunadi. Mamlakatda qolib, vaziyatni boshqarish osonroq, chetga chiqib, qaytib biror ish qilish ancha qiyin”, - deydi sobiq diplomat.

Vaqtinchami, yo’qmi, tahlilchilar nazarida Solihning ketishi AQSh olib borgan aksilterror siyosatga pand beradi.

“Al-Qoida” Yamanda ildiz ota boshlagani haqiqat. Britaniyalik olima, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo’yicha mutaxassis Keyt Nivens prezident Solihni ustomon siyosatchi deya ta’riflaydi. U terrorizm xavfini ro’kach qilib, chetdan yordam olish sirini yaxshi o’rgangan, deydi Nivens.

“Ali Abdulla Solih, uning o’g’li Ahmad va jiyani Yahyo terrorizmga qarshi kurash siyosatiga mas’ul ekan Qo’shma Shtatlar bu oilaga katta pul uzatib keladi. Siyosiy vaziyat o’zgarib, AQSh hamkoridan ayrilmoqda va muzokarani qaytadan boshlashi kerak. “Al-Qoida” Yamandagi ahvoldan foydalanib, biror ish qiladimi-yo’qmi, hozir aytish qiyin”, - deydi Keyt Nivens.

Solih ijozati bilan Amerika terrorchi manzillarini havodan nishonga olib keladi.

Yamanda vitse-prezident Abdu-Rabu Mansur Hadiy, muvaqqat rahbar

Yamanda vitse-prezident Abdu-Rabu Mansur Hadiy, muvaqqat rahbar

Tahlilchi Barbara Bodin:

“Bu havo hujumlari ravedka bobida yaqin hamkorlikni nazarda tutadi. Yaman hukumati ruxsatisiz operatsiya o’tkazish mumkin emas”, - deydi olima.

Terrozimga qarshi kurashga to’g’anoq bo’layotgan omillar ko’p. Hukumat va namoyishchilar o’rtasidagi ziddiyat, siyosiy elita safida raqobat, qabilalar va prezident tortishuvi… Ekspert Keyt Nivens yangi hukumat tuzish uzoq va murakkab kechishini taxmin qiladi.

“Gap boshqaradigan kuch yo’q ekanida emas. Hokimiyat uchun kurash avj olishi mumkin. Raqib kuchlar bir to’xtamga kelishi uchun anchagina vaqt o’tishi aniq”, - deydi Nivens.

Barbara Bodin fikricha, Solih iste’fosi AQSh-Yaman aloqalarini qayta qurish kerak degani emas. “Yaman hukumati, fuqarolik jamiyati, muxolif partiyalar bilan muloqot qilib kelamiz”, - deydi u.

Yamanni vaqtincha vitse-prezident Abdulrab Mansur Hadi boshqarmoqda. Tahlilchilar nazarida u hokimiyatda uzoq qolishi gumon, chunki xalq Hadini prezident Solihning sodiq safdoshi deb ko’radi. Yaman konstitutsiyasiga ko’ra, amaldagi rahbar ishdan ketsa, yangi prezident saylovlari ikki oy ichida o’tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG