Yaman mazhabiy mojaro xavfi bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Sanoni havodan hujumga olmoqda, Yaman, 6-sentabr, 2015-yil

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Sanoni havodan hujumga olmoqda, Yaman, 6-sentabr, 2015-yil

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Yaman poytaxti Sanoni hutiy isyonchilardan tortib olish maqsadida shaharga qo'shin tortishi mumkin.

Yil boshidan beri mamlakatning katta qismi shia guruhi qo’liga o’tgan. Poytaxt Sano ham ular nazoratida, prezident esa qo’shni Saudiya Arabistoniga qochishga majbur bo’lgan. Ayrimlarning xavotir olishicha, fuqarolar urushi mazhablararo mojaroga ham aylanishi mumkin.

O’tgan hafta Sano shahridagi shia masjidida ikkita suiqasd xuruji ro’y berdi. Shialarga qarshi munosabati bilan tanish “Islomiy davlat” bu ishga qo’l urganini da’vo qildi. Yaman alg’ov-dalg’ov, deydi londonlik tahlilchi Jeyn Kinninmont.

“Mintaqadagi kuchlar regiondagi ta’sirini oshirish uchun fuqarolar urushidan jang maydoni sifatida foydalanmoqda. Hudud arab bahori va Eron yadro dasturi natijasida notinch”, - deydi Kinninmont.

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya hutiy isyonchilarni havodan nishonga olmoqda. Riyodga ko’ra, ularga Eron yordam beryapti. Inson huquqlari guruhlarining bildirishicha, mojaro minglab odam yostig’ini quritdi.

Bir necha kun burun hutiylar tarafdorlari Sanoda ko’chaga chiqib namoyish qildi. Hokimiyatdan ag’darilgan prezidentga sodiq kuchlar iyul oyida janubdagi Adan shahrini isyonchilardan tortib oldi.

“So’nggi haftalarda Birlashgan Arab Amirliklarining ta’siri oshgan. Janublik jangarilar shimoldan kelgan hutiylarni bu mamlakat yordamida siqib chiqarishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi tahlilchi Kinninmont.

Kuzatuvchilarga ko’ra, koalitsiya hutiylarni poytaxtdan haydash uchun yaqinda Sanoga qo’shin kiritishi mumkin.

Yaqinda Sudanga safar qilgan Yaman Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadining aytishicha, hutiylar tezlik bilan siqib chiqarilmoqda. Hadi mojaroning chuqurlashishida Eronni ayblaydi.

“Askarlarimiz Eronning mintaqada kuchayishiga qarshi kurashmoqda. Tehron hozir Iroq, Suriya, Livanga ta’sirini yoydi”, - deydi Hadi.

Eron hutiylarga madad berayotganini inkor etib keladi. Arab koalitsiyasi kuchlari Sanoga kirsa, Tehron to’g’ridan-to’g’ri javob bera olmaydi, deydi Londondagi “Chatxam uyi” tahlil markazidan Jeyn Kinninmont.

“Yaman Tehron uchun muhim strategik ahamiyat kasb etmaydi. Bu Iroq yoki Suriya emas. U yerdagi hukumatlar bilan Tehron juda yaqin”, - deydi ekspert.

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya samolyotlari Yaman poytaxti Sanoda hutiy isyonchilarni o'qqa tutmoqda. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari harbiy samolyotlarini ishga solgan. Shanba kungi hujumlarda 24 fuqaroning o'lgani ma'lum, yakshanba kuni ham tinch aholi o'lgan. .

Juma kuni Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Saudiya Arabistoni hamda Yamandan haydalgan Prezident Hadiga sodiq askarlar sharqdagi Marib viloyatida hutiylar hujumiga uchrab, 60 dan ziyodi o'lganidan so'ng amirliklar va qirollik havo hujumlarini kuchaytirgan. Halok bo'lgan harbiylarning 10 nafari saudiyalik, 45 tasi amirliklardan. Xabarlarga ko'ra, hutiylar otgan raketa o'q-dori omboriga borib tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG