Amerika yozgi lagerlarida yoshlar nima bilan mashg'ul?


Summer Camp Kids

Summer Camp Kids

Ko'plab amerikalik bolalar yozgi ta'tilni maxsus mashg'ulotlar tashkil etiladigan lagerlarda o'tkazadi. Masalan, Merilend shtatida ana shunday oromgohlardan birida o'quvchilar san'at sirlarini o'rgandi.

Ari Goldblum-Helzner 1980-yilgi filmga asoslangan musiqiy sahna asarida bosh rolni ijro etmoqda. U ertalab sakkizdan kech soat 11 gacha mashq qilayotgan musiqiy teatr dasturining 39 yosh a'zosidan biri.

Kun bo'yi o'quvchilar raqs, aktyorlik va kuylashdan dars oladi. Kechqurun esa o'rganganlarini sahnada namoyish etadi.

"Juda intensiv. Odamni qattiq toliqtiradi, lekin menga eng yoqadigani ham shu", - deydi Ari.

Lager Amerikaning yosh artistlari tomonidan tashkil etilgan. O'quv yili paytida davom etadigan dasturlar ham bor. Opera qo'shiqchisi Rolando Sanz tashkilot asoschilaridan biri.

"Oltinchi yilga kiryapmiz. Menga yoqadigan tomoni shuki, bu dasturga o'z ustida qattiq ishlaydigan ko'plab yoshlarni jalb qilyapmiz", - deydi Sanz.

Qatnashchilar professional san'atkor va mentorlardan dars olmoqda. Ular har bir lahzani behuda o'tkazmaslikka urinadi.

Amanda Yuan bosh rollardan birida.

"Ish juda ko'p, qattiq charchayman. Lekin shunisi zo'r. Nafaqat vaqtim chog' o'tyapti, balki o'z ustimda ishlayapman. Imkoniyatim darajasida o'zimni yaxshilashga urinib, oldimdagi to'siqlarni muntazam yengib boryapman. Kunning oxirida bundan rohatlanaman", - deydi u.

"Amerikaning yosh artistlari bilan mahoratimni oshirdim. Lager menga ko'p narsa o'rgatdi. O'rganganlarimni o'zim bilan olib ketishni, kollejda va undan keyin ham ulardan foydalanishni umid qilaman", - deydi Ari.

Ikki haftalik yozgi dastur nihoyasida bo'lajak san'atkorlar o'z mahoratlarini mahalliy teatrda namoyish etadi.

Sanzning aytishicha, ayrim talabalar professional san'atkor bo'lish yo'lidan ketadi, lekin hammasi san'atni qadrlaydigan insonlar bo'ladi.

XS
SM
MD
LG