Muhojir yoshlardan prezidentga xat, Karimov Rossiyadagi ko’rgiliklardan bexabarmi?


Rossiyada o’zbekistonliklar tuzgan “Yoshlar” harakati prezident Islom Karimov yordamiga umid qilmoqda. Guruh nazarida Karimov muhojirlarning xo’rlanayotganidan, elchixona va konsulliklarning esa qo'l qovushtirib o'tirganidan bexabar. Ayni paytda, bu borada prezidentga ochiq xat uchun imzo yig’ish davom etmoqda.

Harakat rahbari Mahsud Abdujabborovning aytishicha, o’zbekistonlik muhojirlarning ahvoli tobora og’irlashib bormoqda. Vladivostokda kuzatilgan so’nggi voqea, xususan, to’lg’oqdagi o'zbek ayolining tug’ruqxonaga qo’yilmagani tashkilot sabr-kosasini to’ldirgan.

“Yoshlar” bu muammolar qarshisida jim qolayotgan elchixona ustidan prezident Karimovga arz qilishga qaror qilgan. Abdujabborovning ishonishicha, Moskvadagi elchixona prezidentni haqiqiy vaziyatdan xabardor etmayapti.

“Hozir elchxonada va konsullikda ishlayotgan odamlar birinchi navbatda O’zbekiston nomini suiiste’mol qilishmoqda. Chunki ularning har bir chiqishi o’z-o’zidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga, tuzumga qaratilgan bo’lishi kerak. Ular esa bundan qo’rqishadi, Rossiya tomonidan kimdir norozi bo’lib xat yo’zishidan, ishdan olinishidan qo’rqadi. Shuning uchun jim. O’zbekiston prezidenti esa haqiqiy vaziyatdan xabardor etilmayapti, bunga yo’l berishmayapti”, - deydi u.

Prezident Karimovning birmuncha oldin O’zbekiston televideniyesi orqali Rossiyadagi mehnat muhojirlariga oid aytgan fikrlari ko’pchilikka ma’lum. Ularni ishyoqmas, dangasalarga qiyoslagan rahbar O’zbekistonda hech kim ochdan o’lmayotgani, yengil pul topish evaziga Moskva ko’chalarini supurayotgan muhojirlar mamlakatni sharmanda qilayotgani haqida gapirgan edi.

Bu ochiq xat Rossiyada millatchilik chiqishlari, xususan, o’zbek muhojirlarini deportatsiya qilish amaliyoti kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Karimovga yozilgan nomada aytilishicha, o’zbeklar Rossiya bo’ylab xo’rlanmoqda, millatchilar tomonidan o’ldirilmoqda, qullikka sotilmoqda. Muhojirlar himoyasi uchun hozirgacha bir so’z aytmagan O’zbekiston elchixonasi esa Rossiya hibsxonlarida deportatsiyasini kutayotgan bir necha ming o’zbekistonlik taqdiriga ham befarq qolmoqda.

Abdujabborov deydiki, Rossiyadagi o’zbekistonliklar mahkum vaziyatda o’zgarish qilish fursati kelgan, bu mavjud muammolar haqida ochiq gapirishni talab etadi.

“Rossiyaga kelib muhojirlikda o’zbek bo’lish qanaqa ekanligini anglab yetdim. Bu yerda har kim o’zbekistonlik muhojir ustidan pul topishga, boyishga harakat qiladi. Bizning huquqlarimiz keskin toptalgan. Bizni podvallarda, turli yaroqsiz joylarda yashashga majbur qilishadi. Bunday vaziyatda sen o’zbekman deb aytishga ham istihola qilasan. Biz o’zbek bo’lishdan uyala boshladik, bunday holatga kelib qolishimizga Rossiya hukumati bilan birga O’zbekiston elchixonasi ham aybdor”, - deydi Abdujabborov.

Harakat faollari mehnat muhojirlari kamsitilishi, bu boradagi tasavvurlarga qarshi kurashni ham maqsad qilgan.

“Yangi avlod kirib kelmoqda, 10-15 yildan keyin ular ikki o’rtadagi aloqalarni hal etishadi. Rossiyada o’zbeklar haqidagi mavjud tasavvur ularga ham tegishli. Bu vaziyatni to’g’rilash uchun hozirdanoq kurashish va muloqotga kirishish lozim degan fikrda to’xtaldi. Har kim O’zbekiston fuqarosiman, o’zbekman degan fikrni g’urur bilan aytsin, davlati va jamoatchiligining himoyasida ekanini bilsin”, - deydi Abdujabborov.

O’zbekistonlik yoshlardan iborat harakat Sankt-Peterburgda tashkil etilgan. Ikki o’rtadagi madaniy va iqtisodiy aloqalar yuzasidan turli tadbirlar, muhokamalar o’tkazish uchun tuzilgani aytiladi.



  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG