AQShda o'quv yili tugar ekan, yosh kadrlar ish izlab sarson

  • Amerika Ovozi

AQShda o'quv yili tugar ekan, yosh kadrlar ish izlab sarson

AQShda o'quv yili tugar ekan, yosh kadrlar ish izlab sarson

Amerikada o’quv yili yakunlanar ekan, minglab bitiruvchilar oldida turgan ustuvor masala bu - ish topish.

Mamlakatda ishsizlik sur’ati hozir 9 foiz atrofida. Iqtisodiyot sekin-asta oyoqqa turayapti, lekin endigina diplom olgan yoshlar u yoqda tursin, tajribali mutaxassislarga ham mehnat bozorida imkoniyat oz.

Amerikada kompaniyalar ko’proq odamni ishga ola boshlagani rost, lekin real o’zgarish hali sezilmayapti. Qayerga qaramang, yoshlar umidsizlanib yuribdi, ish topish eng qiyin masala, deydi iqtisodchi olima Xaydi Sherolz.

“Yaqin 70 yil ichida yoshlar bunday holat bilan yuzlashmagan. Krizis Buyuk Depressiya davriga qiyoslanishi bejiz emas”,- deydi u.

Mamlakatda ishsizlik sur’ati har qachongidan ham baland ekan, bu yilgi bitiruvchilar millionlab ishidan ayrilgan, tajribali mutaxassislar bilan bellashishi kerak.

“Universitetni tamomlayotgan yoshlar oldida katta dovonlar yotibdi. Ular nafaqat o’tgan yilgi, balki undan ham avval bitirganlar bilan raqobat qiladi. Chunki mehnat o’rinlari cheklangan. Imkoniyatlar uncha ko’p emas”,- deydi Xaydi Sherolz.

Elliot Riven bu yili Jorj Vashington Universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlaydi. Bir qarashda advokatlarga talab kattadek, lekin aslida unday emas ekan, deydi u, harakat qilish kerak.

“Men tabiatan optimistman. Eng og’ir damlardan o’tib oldik, bu yog’i yaxshi bo’ladi deb o’ylayman. Tushunaman, omma orasida kayfiyat salbiy”,- deydi u.

Kimyo fakultetini tamomlayotgan Den Forman fikricha iqtisod o’nglanishini kutgan ma’qul. Ish o’rinlari yo’q emas, bor, deydi u, biroq durust maosh to’lashmaydi.

“O’zim xohlagan ish topishimga ko’zim yetmaydi. Yana bir ikki yil sabr qilsam, aspiranturani tamomlab olaman. Ishga kirish ham oson bo’ladi”.

Professor Ayman Tarabishi zamon o’zgarmoqda deydi. Bugun ish topish uchun diplomning o’zi yetmaydi, amaliy tajriba muhimroq.

“Hozir ish beruvchilar qaysi universitetni tamomlagansiz, qanday ilmiy unvoningiz bor, bularga qarab o’tirmaydi. Eng muhimi - sizning tajribangiz, sohani qay darajada yaxshi bilishingiz. Mana shularga e’tibor qaratish zarur”,- deydi u.

Nikol Man jurnalistika fakultetida 3 kurs talabasi. U keyingi yil bitiradi. Talabalar har qanday vaziyatga tayyor bo’lishi kerak.

“Menga boshqa bir sohada ish taklif qilishsa ham hech ikkilanmasdan rozilik bergan bo’lardim. Chunki ertaga nima bo’ladi, bilib bo’lmaydi”,- deydi Nikol.

“Bunday vaziyatda barcha birdek hushyor tortishi tabiiy. Hukumat, ota-onalar, tashkilotlar, yoshlar",- deydi professor Tarabishi

"Zamon o’zgarib boryapti. Bu degani yangi qonun-qoidalar, yangi talablar. Moslashish kerak xolos”.

Iqtisodiy Siyosat Instituti xodimi Xaydi Sherolz yosh bitiruvchilar eng ko’p jabr ko’rishini ta’kidlaydi. Hukumat ularga hatto ishsizlik nafaqasini ham bermaydi.

“Yosh kadrlar ish izlab sarson bo’lishlari turgan gap. So’nggi ikki yil ichida mehnat birjalarida navbatning keti uzilgani yo’q. Endi diplomini qo’liga olgan yoshlar yana bir muddat ota-onalarining gardanida tushadilar”,- deydi Xaydi Sherolz.

Lekin tushkunlikka tushmaslik kerak, deydi olima. So’nggi olti oy mobaynida AQShda yuzlab ming yangi ish o’rinlari yaratilgani ayon. Inqirozdan chiqish uchun o’tgan uch yil ichida ko’rilgan chora-tadbirlar samara bera boshlaydi, deydi mutaxassis. Qolaversa, yoshlar ham bir sohaga yopishib olmay, izlanishga, talabga moslashishga harakat qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG