Floridaning bir mahallasida Zika virusi tarqalgan

  • Amerika Ovozi

AQShning Florida shtati Zika virusiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Ayniqsa, homilador ayollar uchun xavfli bo’lgan bu virus Floridaning Vinvud mahallasida chivinlar orqali tarqalayotgani ma’lum.

Mayami shahri shimolidagi bu hududga havodan dori sepilyapti. Shtat bo’ylab qariyb 2,5 ming fuqaro tekshiruvdan o’tkazilgan bo’lsa, taxminan 15 kishida virus aniqlangan.

Sog’liqni saqlash mutasaddilariga ko’ra, kasallikni tashiydigan chivinlarni tezda yo’q qilishning eng samarali yo’li - insektisidni havodan sepishdir. To’g’ri qollansa, aholiga zarari yo’q, deydi ular.

Zika virusi vahima uyg’otgani bejiz emas, chunki tug’ma kasallik keltirib chiqaradigan va chivinlar orqali yuqadigan virus Qo’shma Shtatlarda ilk bor qayd etilishi.

“Bu chivinlar tuxum qo’yishi uchun suv kerak. Eski avtomobil shinasi bo’ladimi, eski konteyner yoki idish, ichida bir-ikki tomchi suv bo’lsa kifoya. Chivinlar in qo’yadi. Suv yig’ilib qoladigan joylarni tekshiring”, - deydi AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi direktori Tomas Friden.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Zika virusi Qo’shma Shtatlarda epidemiyaga aylanishi ehtimoldan yiroq.

“Uni tashiydigan chivinlar mamlakatning faqat ayrim qismlarida uchraydi. Ammo yaqin orada infeksiya ko’payishini kutish mumkin”, - deydi Obama.

Florida gubernatori Rik Skott virus tarqalgan mahallani ko’zdan kechirdi. Xavotirga o’rin yo’q, deydi u.

“Joriy yilda 110 million sayyoh shtatimizga tashrif buyuradi”, - deydi gubernator. Uning aytishicha, kasallik tarqalgan hudud atigi 5 kvadrat kilometrga teng.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG