Breaking News

O’zbek-qirg’iz orasidagi adovat ildizi qayerda? Xorijdan fikrlar


Qirg’iziston janubida bundan ikki yil oldin yuz bergan xunrezliklar nafaqat mahalliy aholi va qo’shni jamiyatlarni balki xorijda yurgan elatdoshlarni ham dahshatga keltirgan edi.

O’zbek-qirg’iz munosabatlarining bugungi ahvoli haqida so’z ochgan muhojirlar Qirg’izistonda millatlararo totuvlikka erishish uchun, eng avvalo, hukumat barchaga birdek munosabatda bo’lishi lozim deya ta’kidlaydi.


Janubiy Qirg’iziston fojeasi asoratlarini bugun O’sh ko’chalaridan topish qiyin. Ammo uning minglab odamlar yuragida paydo qilgan chandiqlari hali to’la bitgani yo’q. Qirg’iz va o’zbek qardosh xalqlari orasida hanuz davom etayotgan adovatni ana shu yaralar berayotgan og’riqning natijasi deyish mumkin.

Biz fojea ortidan o’tgan ikki yilni xotirlab, xorijdagi va Qirg’izistondagi ayrim insonlar bilan suhbat qurdik. Ulardan fojea asoratlarini yo’qotish va Qirg’izistonda millatlararo totuvlikka erishish uchun bugun nima qilish lozimligi haqida so’radik.

AQShdagi “O’zbek Tashabbusi” tashkiloti prezidenti Ulug’bek Qosimov:

“Asosiy mavzu shundaki, biz o’zbek diasporasi sifatida bu yerda Amerikada qanaqa yordam qildik, qilyapmiz va qilamiz? Shu ikki yil ichida diasporamiz Janubiy Qirg’izistondagi voqealarga kam e’tibor berib qo’ydi. U yoqda vatandoshlarimizning hol-ahvoli qanday ekanligi haqida uncha ko’p bilishmaydi. Men O’zbekistondan, O’rta Osiyodan kelgan vatandoshlarimga, umuman, boshqa millatdagilarga aytmoqchimanki, bu muammoga biz juda katta e’tibor berishimiz kerak. Bizga bu regionda tinchlik zarur. Bir-birimiz bilan qanday tinch yashashni o’rganishimiz va bilishimiz kerak”.

Fransiyada joylashgan Markaziy Osiyodagi inson huquqlari assotsiatsiyasi prezidenti Nadejda Atayeva:

“O’zbeklar oilasidan, albatta, kimningdir xorijda bo’lishi odatga aylanib qoldi. Ko’pincha, bolali ayollar, keksa ota-onalar uyda qolyapti. Himoyaga eng ko’p muhtoj bo’lgan odamlar toifasi bular. Meni eng ko’p tashvishlantirayotgan narsa shuki, bu vaziyatga xalqaro kuzatuvchilar hech qanday ta’sir o’tkaza olmayapti. Qirg’iziston o’z maxsus komissiyasini tuzdi. Inson huquqlari bo’yicha BMT Oliy komissari bor. Biz vaziyatni yaxshilash bo’yicha chiqarilgan juda ko’p hisobot va tavsiyalarni o’qiyapmiz. Lekin O’sh shahri hokimiyati, mamlakat rahbariyati bu tavsiyalardan ko’z yumib turgan paytda qanday qilib biror ijobiy o’zgarish bo’lishini kutish mumkin?”

Qirg’izistondagi O’sh telekanali asoschisi va sobiq rahbari Haliljon Xudoyberdiyev:

“Biz qarindosh-urug’larimizga telefon qilib gaplashganimizda, ular aytishyapti, “Yaxshi bo’lyapti, yaxshi bo’lyapti”. Lekin huquq himoyachilarining materiallari bo’yicha qarasak, millatlararo qarama-qarshilikni kuchaytirishga harakat qilayotgan kuchlar o’zbeklarning pullarini, mulkini hozirgacha tortib olishni biznes qilib olgan. Men o’ylayman, Qirg’izistonning ichida ham qirg’iz millatiga mansub huquq himoyachilari bor, xalqaro hamjamiyat bor. Shular va biz harakat qilib, umuman, xalqaro hamjamiyat va huquq tashkilotlari ishini yanada jadallashtirish kerak. Shundagina siljish bo’ladi. Lekin asosiy siljish Bishkekdagi markaziy hukumat o’z ta’sirini janubga ham bir mamlakatdek bo’lib o’tkazsa amalga oshadi. Shundagina xalqaro hamjamiyatning ta’siri bilinadi”.

2010-yil Janubiy Qirg’izistonda sodir etilgan jinoyatlarda ishtirok etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchi Dilmurod Haydarov:

“To’g’risini aytsam, men ikki yildan beri turmada o’tirganim uchun yaxshi bilmayman. Lekin ayolimning gaplariga qaraganda, hozircha yaxshi. Lekin ayrim ishlar bo’lib turibdi. Asosan, yaxshi. Men o’ylayman, bu yerda oddiy xalqni kimdir urushtirib qo’yib, chekkada tomosha qilyapti. Oddiy xalqning, mehnatkash xalqning bu yerda hech qanday aybi yo’q. Qandaydir uchinchi kuchlar siyosatda kreslo talashgan holda shu ishlarni qildi. Oddiy xalq, ko’pchiligi sodda qishloqdagi xalqlar, tushunmagan, birini uyoqqa borib urdirib, birini buyoqqa olib kelib urdirib, bunisini unga, unisini bunga aybdor qilib, urushtirib qo’yib tomosha qilib turgan qandaydir kuchlar bor, deb o’ylayman. Shu aybdor kishilar topilsa, Qirg’iziston oldin qanday yashagan bo’lsa, xuddi shunday yashab ketishiga umidvorman”.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG