Breaking News

G’azoda Xamas harbiy qo’mondoni o’ldirilgan


Isroil havo hujumida Xamasning harbiy qo’mondoni halok bo’lgan. Isroil G’azoda hukmron bu guruhga qarshi keng ko’lamli kampaniya boshlagan.

\
Xamasning harbiy qanoti uchun mas’ul Ahmad al-Jabariy va yana bir kishi ketayotgan mashina bugun G’azo shahrida havodan nishonga olingan.

Isroil matbuotiga ko'ra, ikkinchi odam Jabariyning o’g’li edi. Falastin tomoni to’qqiz kishi, jumladan, yetti yoshli qizaloq ham o’lgan deya qayd etmoqda.

G’azo va Isroil bir necha kun oldin ketma-ket o’q almashib olgan edi. Bugun Isroil sektorni bir necha bor bombardimon qilgan. Ixtilof keskinlashgani yaqqol ko'zga tashlanadi.

Xamasning qurol-aslaha obyektlarini nishonga oldik, deydi Isroil polkovnigi Avital Leybovich. Lozim bo’lsa, piyoda qo’shinlarni ham safarbar etamiz, deydi u.

Xamas rasmiylari Jabariyning o’limi “do’zax eshiklarini ochdi” deydi.

Isroil izohiga ko’ra, Jabariy “uzoq yillik terrorchilik faoliyati” uchun yo’q qilingan. 2006-yilda yahudiy askar Gilad Shalitni o’g’irlashda ham qo’li bor edi uning, deydi Isroil rasmiylari.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansurning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, isroilning ko'psonli askarlari shay holatga keltirilgan va sektorga yurishi mumkin. "Vaziyat g'oyat xatarli".

"Falastin xalqiga qarshi uyushtirilgan agressiyani prezident Mahmud Abbos ham qoralaydi", - deydi elshi.

Mansur Jabariyning o'limi haqida to'xtalar ekan, bir falastinlik, siyosiy qarashlaridan qat'iy nazar, halok bo'lgani - fojea, deydi.

"Isroil falastinlik insonni qatl etib, xalqaro qonunlarni buzayapti", - deydi u.

Uning aytishicha, Falastin xalqaro hamjamiyatning to'laqonli a'zosi, tom ma'noda davlat maqomiga erishishga intilar ekan, Isroil atayin agressiyani, provokatsiyani ishga solayapti. "Muzokaradan e'tiborimizni chalg'itish maqsad", - deb hisoblaydi Mansur.

AQSh hujumlarni qoralmoqda. Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Toner deydiki, Vashington Isroil va Falastin ahli orasidagi talofatlardan birdek afsusda.

"Xamas va boshqa terrorchi tashkilotlarning Isroilga qarshi zulmini oqlab bo'lmaydi. Isroil o'zini mudofaa qilishga haqli va bu davlatni oddiy fuqarolar orasida talofatlardan tiyilishga undaymiz", - deydi Toner.

Uning aytishicha, Xamas Falastin xalqi manfaatlarini ko'zlashini da'vo qiladi, ammo zo'ravonlik faqat buning aksiga xizmat qiladi.

"Isroilga kunda raketa otish orqali Falastin davlatini barpo etish mumkin emas", - deydi AQSh tomoni.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG