Breaking News

AQSh va Isroil aloqalari qay tomon yo'nalmoqda?


Benyamin Netanyaxu va Barak Obama o'rtasidagi aloqalar tarang
Benyamin Netanyaxu va Barak Obama o'rtasidagi aloqalar tarang
Barak Obamaning qayta saylanishi Mitt Romnini ochiqchasiga qo’llab-quvvatlagan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu uchun jiddiy siyosiy zarba bo’ldi. Xo’sh, azaldan yaqin hamkor bo’lgan AQSh va Isroil o’rtasidagi munosabatlar kelasi to’rt yil davomida qanday bo’ladi?

Barak Obamaning g’alabasi e’lon qilinganidan bir necha soat o’tib, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ikki tomonlama aloqalarni diplomatik yo’l bilan yaxshilashga urindi.

U AQShning Isroildagi elchisi Den Shapironi huzuriga taklif qilib, jurnalistlar oldida Obama g’alabasini olqishladi:

“Xavfsizlik bobida AQSh-Isroil munosabatlari toshdek mustahkam. Men prezident Obama bilan ishlashga va bu aloqalarni yanada chuqurlashtirishga umid qilaman. Tinchlik va xavfsizlik borasida ham hamkorlik qilish niyatidaman”.

Elchi Shapiro bunga javoban shunday dedi:

“Prezident Obama o’zining birinchi muddati davomida Isroil bosh vaziri va hukumati bilan aloqalarni rivojlantirdi va ikkinchi muddatda ham bu hamkorlikni davom ettirish niyatida”.

Netanyaxu va Obama o’rtasidagi shaxsiy aloqa biroz tarang. AQShdagi saylov kampaniyasi davomida Isroil rahbari do’sti Mitt Romnini qo’llab-quvvatladi. Obama Oq uyda ikkinchi muddatga kirishish arafasida ekan, Isroil bilan munosabatlar endi qanday bo’ladi?

“Netanyaxu saylovga aralashdi, shu bois uning prezident Obama bilan aloqalari yanada qiyinlashadi deyayotganlar bor. Ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarga bu yomon ta’sir qilmasa kerak, nazarimda, lekin boshlanishi yaxshi emas,” - deydi Isroil Demokratik instituti professori Gideon Rexat.

Tahlilchilar fikricha, ikkinchi muddatga saylanib olgach, Obama AQShdagi yahudiylar ko’nglini ovlashga majbur emas, shu sababli Isroilni Falastin bilan tinchlik muzokaralarini olib borishga undaydi.

Netanyaxu shu paytgacha hech qanday shart qo’yilmasa, muzokaralarni qayta boshlashga tayyorman, deb keladi.

AQShning bir necha sobiq prezidenti, xususan, Jimmi Karter, Bill Klinton va Jorj Bush ikkinchi prezidentlik muddati davomida ikki tomonlama muzokaralar uyushtirib, jiddiy siljishga erishgan edi.

“Umid qilamanki, ikkinchi muddat davomida tinchlik mukozaralari qayta boshlanadi. Biroq men Netanyaxu buning uddasidan chiqishiga ishonmayman. Chunki muzokara murosa degani. U va tarafdorlari esa murosaga tayyor emas,” - deya fikr bildiradi Bar Ilan universiteti professori Denni Rubinshteyn.

Obama va Netanyaxu o’rtasidagi yana bir nozik masala – Eron.

Isroil siyosiy doiralarida Eron yadroviy inshootlarini bombardimon qilish-qilmaslik yuzasidan qizg’in bahs ketmoqda.

Netanyaxu Eronga nisbatan keskin va qatiqqo’l siyosat tarafdori. Vashingtonni ham shunga undab keladi. Obama esa amaldagi sanksiyalar Tehronni yadro qurolini yaratish rejasidan voz kechishga majbur qilishiga ishonadi.

Isroilda saylovlar yaqinlashar ekan, AQSh bilan munosabatlar katta rol o’ynashi shubhasiz, deydi Gideon Rexat:

“Obamaning g’alabasi muxolifatga Likud partiyasi va uning rahbari Netanyaxuni tanqid qilishga asos bermoqda. Ular “AQSh bilan aloqalar muhim, Romnini qo’llab-quvvatlagan Netanyaxu uning mag’lubiyatidan so’ng bosh vazir bo’lishga loyiq emas” deydi”.

Mo’tadil qarashdagi isroillik siyosatchilar Obamaning qayta saylanganidan mamnun.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG