Breaking News

AQSh poytaxtida korrupsiya azaldan katta muammo


Vashington
Vashington
Vashington shahar ma’muriyatida korrupsiya hollari tergov qilinmoqda. AQShdek yirik demokratik davlat poytaxtida yulg’ichlik azaldan katta muammo. Biroq mahalliy qonunchilar va faollar fikricha shahar butun dunyoga namuna bo’la olmasa-da, uni korrupsiyaga botgan deyish to’g’ri emas.

Vashingtonda korrupsiyaga qarshi kurash, Odil Ruzaliev
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00
Yuklab oling

O’tgan yili Vashington shahar meri Vinsent Grey federal darajadagi shahardan Kongressda vakillar yo’qligiga norozilik bildirganida hibsga olinib, shov-shuv ko’tarilgan edi. Ammo uning uch yordamchisi va shahar kengashining ikki a’zosi moliyaviy qalloblikda ayblanib, qilmishiga iqror bo’lganida jamoatchilik shokka tushdi.

Shuni qayd etish kerakki, Vashington Kolumbiya okrugiga kiradi va bu federal hudud hisoblanadi. Shu bois Kongressda o'z ovoziga ega emas. Poytaxt taqdiri federal qonunchilik organi qo'lida. Vashingtondan saylangan yagona vakil faqat qo'mitada ovoz beradi xolos.

Shaharda samarali boshqaruvni targ’ib qilayotgan faollar uchun bunday mashmashaning Oq uydan uch ko’cha narida ro’y berishi achinarli holdir. Bu hatto eng ilg’or demokratik jamiyat ham nuqsonlardan xoli emasligini namoyish etadi.

Jamoatchilik ishonchi markazi xodimi Bill Buzenberg xorijdan kelgan jurnalistlarga rasmiylarni nazorat qilish yo’llarini o’rgatadi.

“Ishini doim ham halol bajarmaydigan mulozimlar har yerda uchraydi. Bu faqat Amerika yoki boshqa bir davlatga xos vaziyat emas. Shuning uchun fuqarolar siyosatchilarni nazorat eta olishi juda muhim",- deydi mutaxassis.

1990-yilda Vashington meri Marion Berri kokain sotib olib, uni iste’mol qilayotganda qo’lga tushgani shaharda korrupsiya borligidan nishona edi.

Biroq shahar kengashi a’zosi Deyvid Kataniyaning aytishicha, so’nggi 10 yilda lavozimini suiiste’mol qilish hollari ko’p uchramadi. Aybdorlarning jazolanishi qonun samara berayotganidan dalolat, deydi u.

“O’tgan bir yilda kengashning bir a’zosi qamaldi, yana biriga sinov muddati belgilandi, ya’ni uy qamog’ida, mer ustidan esa tergov hali tugamagan. Bu boshqa siyosatchilarga yaxshi dars bo’ladi, degan umiddaman”,- deydi Kataniya.

Kataniyaning aytishicha, Demokratlar partiyasi shahar siyosatida ustun bo’lgani sabab korrupsiyaga osonroq berilishi mumkin.

“Bir partiyalik tizimda – xoh demokratlar ustun bo’lsin, xoh respublikachilar – nazorat mexanizmi, hokimiyatdagilarni muvozanatga keltirish vositasi yo’q. Bu zarar keltirishi tabiiy. Raqobat bo’lishi lozim”,- deydi Kataniya.

Siyosatchi shaharda mustaqil nazoratni kuchaytirish, oydinlikni ta’minlash kerak, deydi, biroq shu bilan birga uning nazarida Vashingtondagi ahvolni Amerikaning boshqa yirik shaharlaridagi vaziyatdan yomon deb bo’lmaydi.

Vashingtonda korrupsiya/Corruption in Washington
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG