Breaking News

AQShda immigratsiya masalasi qachon hal bo'ladi?


Yosh muhojirlar
Yosh muhojirlar
Bu yilgi saylovlarda Barak Obama uchun ovoz berib, uning g’alabasini ta’minlaganlar orasida ispanzabon fuqarolar, ya’ni latinolar juda ko’p. Saylovdan so’ng demokratlar ham, respublikachilar ham immigratsiya bobida islohotlarni amalga oshirish fursati yetdi, demoqda. Biroq ikki partiya o’zgarishlar qanday bo’lishi yuzasidan kelisha olmayapti.

Kongressdagi Latinolar Forumi deb nomlangan guruhga Senat va Vakillar Palatasidagi ispanzabon demokratlar kiradi. Ular o’zlarining immigratsiya masalasidagi fikrlarini jamoatchilikka tushuntirish uchun jurnalistlar bilan uchrashdi. Kongress a’zosi, demokrat Luis Gutierrezning aytishicha, ushbu Forum 2004-yildan buyon Kongressni immigratsiyaga oid qonunlarni isloh qilishga undab keladi. Ammo respublikachilar muhojirlarni yomon otliqqa chiqarib, islohotlarning amalga oshishiga qarshilik ko’rsatmoqda, deydi arbob.

“Kongress hech narsa qilmagani uchun jamiyatga foyda keltiraman, oilamni boqaman deb qattiq mehnat qilayotgan yaxshi odamlar “soya”da qolib ketyapti. Ular qonuniy ravishda bu mamlakatda qolish imkonini topolmaganidan keyin, qonunni buzishga majbur bo’ladi”, - deydi kongressmen.

Demokratlar taklif qilayotgan islohotga ko’ra, hujjatsiz immigrantlar AQSh fuqaroligini olishdan oldin ixtiyoriy ravishda hukumat ro’yxatidan o’tib, ingliz tilidan test topshirishi va soliqlarni to’lab borishi kerak. Senat a’zosi, demokrat Robert Menendez fikricha, agar 11 million hujjatsiz muhojir maqomi qonuniylashtirilsa, mamlakat katta foyda ko’radi.

“Islohotlar iqtisodiy farovonlik va milliy xavfsizlik uchun kerak. Odamlar “soya”dan chiqmasa, hukumat ro’yxatidan o’tmasa, kim Amerika orzusiga erishaman deb kelganu, kim biz uchun tahdidligini aytishning iloji yo’q”, - deydi senator.

Respublikachi senatorlar “Achieve Act” nomini olgan qonun loyihasini ilgari surmoqda. Unga ko’ra, ayrim yosh immigrantlar, xususan, AQSh armiyasida xizmat qilgan va mamlakat kollej va universitetlarida o’qigan yoshlarga AQShda doimiy ravishda yashash va ishlash huquqi berilishi kerak, ammo fuqarolik emas.

“Noqonuniy immigrantlar navbatda birinchi emas, oxirgi o’rinda bo’lishi kerak. Ularga fuqarolik olish taqiqlanmaydi, lekin imtiyozlar ham yaratilmaydi”, - deydi respublikachi senator Key Beyli Xatchinson.

Demokratlar esa respublikachilar rejasiga qarshi. Bu yo’l bilan muhojirlarga yordam bera olmaymiz, deydi ular.

Respublikachilar safida immigratsiya masalasi yuzasidan pozitsiyamizni o’zgartirishimiz kerak, deganlar bor. Aks holda, kelasi saylovda ham mag’lubiyatga uchraymiz, deydi ular. Senat a’zosi, respublikachilar orasida katta obro’ga ega Marko Rubio ta’biri bilan aytganda, “agar saylovchi oila a’zosi, masalan, buvisining deportatsiya qilinishidan tashvishlanayotgan bo’lsa, unga iqtisodiy o’sish, soliqlar va sog’liqni saqlash haqida gapirish befoyda”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG