Breaking News

Fransiyada afg'on rasmiylari va jangarilar muzokarada


Hilmand viloyati, Afg'oniston
Hilmand viloyati, Afg'oniston
Afg’on rasmiylari Fransiyada Tolibon va yana bir necha jangari guruhlari vakillari bilan yopiq eshiklar ortida muzokara qilmoqda. Mamlakatning 2014-yilda xorijiy qo’shinlar tark etganidan keyingi kelajagi muhokamada.

Afg’oniston Oliy tinchlik kengashi, Tolibon va unga qarshi kurashib kelgan Shimoliy alyans ilk bor yuzma-yuz muzokara qilmoqda. Kengash toliblar bilan muloqotni boshlash maqsadida 2010-yilda prezident Hamid Karzay tomonidan tuzilgan. Parij yaqinida o’tayotgan tadbir ikki kun davom etadi, matbuot tomonidan yoritilmaydi.

Fransiya qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqqani uchun ham muzokaralarning bu mamlakatda bo’lishiga rozilik berdik, deydi Hizbi Islomi delegatsiyasi rahbari G’ayrat Bahir. Bahir guruh rahbari, sobiq bosh vazir va ko’zga ko’ringan jangarilar yetakchisi Gulbiddin Hikmatyorning kuyovi.

"Mamlakatda xorijiy qo’shinlar bor ekan, tinchlik bo’lmaydi. Bu uchrashuvdan umidimiz katta, undan unumli foydalanishga harakat qilamiz. Tashabbus afg’onlardan chiqdi, fransuzlar esa vositachilik qilaypti, xolos, ular muzokaralarda ishtirok etayotgani yo’q. Muloqotga Qo’shma Shtatlar aralashmagan", - deydi Bahir.

Fransiya seshanba kuni 500 askarini Afg’onistondan chiqarib, bu mamlakatdagi missiyasini yakunladi. Bugun ma’lum bo’lishicha, to’qqiz ming sonli britan qo’shinlarining yarmi kelasi yili Afg’onistonni tark etadi.

Prezident Hamid Karzay jangarilar muzokaralarda qatnashish istagini bildirganidan mamnun.

"Afg’onlar urushdan charchagan. Mamlakat tinchlikka tashna. Bunga hissa qo’shadigan har qanday tashabbusni olqishlaymiz", - deydi Karzay.

Afg’on faollariga ko’ra, Tolibon bilan muloqotda ayollar va inson huquqlari masalalarida bo’sh kelmaslik kerak.

Ulardan biri Nargis Nehanning aytishicha, 1990-yillardagi fuqarolik urushida ishtirok etgan sobiq jangarilar hozirda parlamentda, hukumatda ishlamoqda.

"Ayrimlari ayollar huquqlariga qarshi edi, shunga qaramay ular bilan til topishildi", - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG