Breaking News

AQShda qurol nazorati: Huquq, siyosat va lobbichilar


AQShning Konnektikut shtatida yosh bolalar va o’qituvchilarni hayotdan olib ketgan fojia qurol nazoratiga doir bahs-munozarani avj oldirib yubordi.

Qurolga egalik huquqi va lobbi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00
Yuklab oling

Yangi qonunlar qabul qilish maqsadida prezident ko’rsatmasi bilan tuzilgan ishchi guruh Vashingtonda ilk majlisini o’tkazdi. Federal agentliklar hamda mahalliy huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan iborat bu komissiya qurol savdosini qattiqroq nazorat qilishga doir konkret taklif-tavsiyalar bilan chiqishi kerak.

Ammo mamlakatdagi eng kuchli lobbichi tashkilotlardan biri – Qurol uyushmasi bunga nima deydi?

AQSh Qurol uyushmasining Vashingtondagi idorasi qarshisida norozilik namoyishi… Sendi Xuk maktabida birinchi sinf o’quvchilari otib o’ldirilgani ommani oyoqqa turg’azdi. Qurolga egalik huquqini targ’ib etuvchi uyushma kuchli tanqid ostida.

Otishmalar har kuni 34 odamni hayotdan olib ketadi, deydi Nyu-York meri Maykl Blumberg.

“Sharmandalik emasmi? Bir-birimizni o’ldiryapmiz, rivojlangan davlatlar orasida shu ahvolga kelib qolgan yagona mamlakatmiz”, - deydi Blumberg.

AQSh Qurol uyushmasi nimaga qodir ekani tillarda doston. Uning to’rt million a’zosi konstitutsiyaga kiritilgan ikkinchi o’zgartirish, ya’ni qurol sotib olishni fundamental huquq deb biladi.

Hukumatni ochiqlikka undaydigan tashkilot xodimasi Keti Kili so’zlariga ko’ra, Vashingtonda Qurol uyushmasini tilga olsangiz siyosatchilar dahshatga tushadi. Chunki uyushma saylov kampaniyalarining yirik homiysi, unga qarshi chiqish qiyin.

Konservativ sharhlovchi Jon Fand fikricha, gap qonunlarda emas. Qatliomlar ruhan kasal odamlar tomonidan sodir etiladi, deya ta’kidlaydi u.

Biroq so’nggi fojia hech kimni befarq qoldirmadi.

Hatto Qurol uyushmasining faxriy a’zosi, virjiniyalik senator Mark Vorner ham yetar demoqda. Muayyan cheklovlar joriy etish vaqti yetgan.

Kongressda, qurolga egalik huquqining ashaddiy tarafdorlari orasida ham bu fikrga qo’shiladiganlar topilyapti.

Qurol uyushmasi o’zi siyosiy jihatdan nimaga qodir deb so’rasangiz, yaqin tarixni yodga olish kifoya. 1994-yilda avtomatik qurollar sotuvi man etilgach, uyushma moliyaviy quvvatini ishga solib, Kongressda respublikachilar g’alabasini ta’minlagan.

Afsuski, bugun taqiq muddati tugagan. Barak Obama uni qayta joriy etishga chaqirmoqda.

“Qurol bilan bog’liq zo’ravonlikning dahshatli oqibatlarini ko’rib turibmiz. Uni to’xtatish uchun har birimiz mas’ulmiz”, - deydi prezident.

Qurol uyushmasi Konnektikutdagi qatliomni “vahshiylik” deya ta’riflab, bunday voqealar takrorlanmasligi uchun yordamga tayyor ekanini bildirmoqda.

Keti Kilining aytishicha esa Kongressga yangi saylanganlarning yarmidan ko’pi uyushmadan pul olgan.

“Saylovchilar o’z vakiliga yozib-niqtab talab qilsa, o’zgarish bo’ladi. Aks holda, mulla jiring hamma narsadan ustun”, - deydi nohukumat tashkilot vakili.

Konnektikut qatliomi qurol nazoratiga doir keskin bahslarga xotima yasadimi-yo’qmi, yaqin orada ma’lum bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG