Breaking News

O'zbekistonda yagona banjochi sozanda bilan suhbat


"Della Mae" guruhi bilan "Turkiston" saroyidagi uchrashuv chog'ida, Janna Kim (o'rtada)
"Della Mae" guruhi bilan "Turkiston" saroyidagi uchrashuv chog'ida, Janna Kim (o'rtada)
O’zbekistonda amerikacha blugrass va kantri musiqani sevib tinglovchilar ko’p, ammo uni ijro etadiganlar sanoqli. Bu janr uchun zarur torli soz banjoni chala oladigan esa bitta - xonanda va sozanda Janna Kim.

Banjochi sozanda Janna Kim bilan suhbat/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:46 0:00
Yuklab oling

Интервью с Жанной Ким
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:06 0:00
Yuklab oling

AQShda blugrass janrida qo’shiq kuylab tanilgan Della Mae ansambli o’tgan yil kuzida O’zbekiston va qo’shni yurtlarda bo’ldi.

Davlat departamenti Amerika madaniyatini xorijda tanitish uchun tashkil etgan sayohat edi bu.

Toshkentda Turkiston saroyidagi chiqish paytida qo’shiqchi qizlar butun mamlakatda yagona banjo ijrochisi Janna Kim bilan tanishib qoldi.

Professional musiqiy ta’lim olgan Janna kantri va blugrass usulida ashula aytadi, bastalaydi va konsertlar beradi.

“Men Estrada-sirk kollejini vokal yo’nalishida bitirganman. Muzika ham xobbiim, ham kasbim. Nima sababdan aynan Amerikaning kantri musiqasini sevishimni aniq aytolmayman. Bu tuyg’u bilan tug’ilgandekman", - deydi Janna Kim.

Kunlardan bir kun Toshkentdagi do’konlarning biridan eski banjoni xarid qildi. Uni chalishni ham, nechta tori bo’lishi kerakligini ham bilmasdi. Sekin-sekin bu soz haqida internetda ma’lumot izlab, chalishni o’rgana boshladi.

"Banjoda oltita emas, beshta tor bo’lishi kerakligini aniqlab, uni o’zgartirdim”, - deydi Janna Kim.

U Toshkentdagi maktablar, konservatoriyani aylanib, kantridan xabari bor padegoglarni qidirdi, lekin topa olmadi. Endigi niyati - Qo’shma Shtatlarga borib o’qish. Internet orqali butun dunyodan banjo sozandalari va kantri ijrochilari bilan tanishdi.

“Global tarmoqdagi forumlarda ular bilan ingliz tilida gaplashamiz. Aynan shu insonlarning qo’llab-quvvatlovi bois hozir rostmana banjom bor. Bu do’stlar pul to’plab turib, Amerikadan menga shunday noyob sovg’a yo’llashdi”, - deydi Janna.

Uning rok ansambli bor – Alyans guruhi to’rt kishidan iborat va ular uchun bu haqiqiy kasb, shu bilan kun ko’rishadi.

“To’ylarda, marosim, banketlarda qo’shiq ijro etamiz. Repertuarimiz, asosan, oddiy tinglovchiga ma’qul pop-musiqadan iborat. Kantri janrida chiqish qilishga harakat qilib ko’rdik bir necha bor, lekin hozircha bizning auditoriya ushbu yo’nalishga tayyor emas shekilli”, - deydi yosh xonanda.

Janna Kim hozir yangi musiqiy to’plam ustida ishlayapti va unda kantri hamda blugrass elementlari bor.

“Meni suyab yuborgan barcha do’stlar, ayniqsa, www.banjohangout.org saytidagi sozandalarga rahmat aytmoqchiman. O’zbekistonda yolg’iz o’zimga banjo chalish oson emas. Haqiqiy kantrichilarni o’z ko’zim bilan ko’rib tanishishni orzu qilib yurar edim. Nihoyat, o’tgan yili Della Mae ansambli bilan yuzlashib, boshim osmonga yetdi”, - deydi Janna Kim.



XS
SM
MD
LG