Breaking News

Bishkek: Toshkent So'xdagi mojaro yuzasidan xulosa qilishga shoshmasin


So'x tumani joylashgan hudud xaritasi (RFE/RL)
So'x tumani joylashgan hudud xaritasi (RFE/RL)
Qirg’iziston hukumati O’zbekiston mulozimlarini So'x tumanida ro’y bergan mojaro yuzasidan asossiz xabarlar tarqatmaslikka chaqirmoqda.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi 9-yanvar kuni chiqargan bayonotda O'zbekistondagi tegishli idoralar tergov-surishtiruv ishlari yakunlanmaguncha bir tomonni ayblovchi xabarlarni tarqatishdan saqlanib turishi lozimligi ta’kidlangan.

Qirg’izistonning Botken viloyati hokimiyati esa ushbu ziddiyat yuzasidan chegarani ochish shartlariga doir dastlabki xulosalarini e’lon qilgan.

Bishkek Toshkentdan norozi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00
Yuklab oling

Bishkek bayonoti rasmiy Toshkent tomonidan qanday baholanishi hozircha noma'lum. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida So'xdagi ziddiyat yuzasidan biror ma'lumot uchramaydi.

Ammo So'xda vaziyat taranglashgan paytda O'zbekistondagi ayrim ommaviy axborot vositalari Davlat chegara xizmati matbuot bo'limi ma’lumotiga tayanib xabarlar tarqatgan edi. Ularga ko'ra, So'xdagi ziddiyat qirg'iz chegarachilarining noto'g'ri harakatlari tufayli yuzaga kelgan.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi noroziligi aks etgan bayonotda shular nazarda tutilayotgan bo'lishi mumkin.

Bishkek nazarida, chegaradagi mojaro yuzasidan boshlangan surishtiruv ishlari yakunlanmasdan turib quruq xulosaga kelmaslik kerak.

Qirg'izistondan kelayotgan xabarlarga ko'ra, Botken hokimiyati So'x bilan chegarani ochish uchun o’rtaga bir qator shartlarni qo’ygan.

Ularga binoan, garovga olingan Qirg’iziston fuqarolarini kaltaklagan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi, ziddiyat paytida yetkazilgan moddiy zarar qoplanishi kerak.

Qirg'iziston rasmiysi Saitjan Eratov qirg'iz matbuotiga bergan intervyusida, yuqoridagi shartlar bajarilmas ekan, chegarani ochish haqida muzokaralar boshlanmaydi degan.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi tomonidan tarqatilgan ma'lumotlarda shunga urg'u beriladiki, ayni paytda Farg’ona viloyatining Rishton tumanida 80 nafardan dan oshiq so’xlik chegara yopiqligi bois o'z uylariga qayta olmayapti. Rishtondan O’zbekistonga qarashli So’x tumaniga o’tish uchun Qirg’iziston hududini kesib o’tish kerak.

Mahalliy hokimiyat Rishtonda qolayotgan bu odamlar vaqtinchalik turar joy bilan ta'minlanganini aytmoqda.

So’x tumani aholisining aksariyat qismini tojiklar tashkil etadi. Qirg'izistonning Botken viloyati Tojikiston bilan ham chegaradosh, So`x Tojikiston hududiga yaqin yerda joylashgan.

"Amerika Ovozi"ning Tojikistondagi muxbiri Ravshan Shams:

“Notinch vaziyatlar paytida chegarada askarlar ko'payadi, biroq chegara hech qachon berkitilmaydi. Tojikistonlik tojiklar va So'xdagi tojiklar o'rtasida azaldan qarindosh-urug'chilik aloqalari yaxshi yo`lga qo'yilgan. Shunday vaziyatlar yuzaga kelganda, albatta, bordi-keldilar uchun biroz qiyinchilik tug'iladi, chegarada nazorat kuchaytiriladi. Lekin chegara berkitilmagan, ishlab turibdi. Tojikistonning O'zbekiston bilan chegaralari ham normal, avval qanday bo'lsa shundayligicha ishlab turibdi. So'xdagi ziddiyat Tojikistondagi o'zbek jamoatchiligida ham tashvish uyg'otgan, chunki o'zbeklarning bordi-keldisi ham chegaradagi vaziyatga bog'liq”.

O'zbekiston va Qirg'iziston chegara xizmatlari va hokimiyat vakillaridan iborat delegatsiya mojaroni o'rganish uchun bir haftalik muddatga protokol imzolagan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG