Breaking News

AQShda Qozog'istonning yangi elchisi ish boshladi


Kairat Umarov
Kairat Umarov
Kayrat Umarov (Kairat Umarov) - Qozog'istonning Qo'shma Shtatlardagi yangi elchisi.

Umarov 14-yanvar kuni Amerika rahbari Barak Obama huzurida bo'lib, ishonch yorlig'ini topshirdi.

Obama u bilan qisqa suhbatda Qozog'istonni muhim strategik hamkor deb atadi.

Prezidentning aytishicha, AQSh bu davlat bilan global va mintaqaviy xavfsizlik yo'lida birgalikda ishlashda davom etadi, ayniqsa yadroviy qurollar va materiallarga qarshi chora ko'rishda.

Elchi Umarov orqali Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Obamani prezidentlikning ikkinchi muddati bilan qutlagan va uni Ostonaga taklif qilgan.

Qozog'iston Markaziy Osiyoda Amerikadan eng ko'p sarmoya olgan davlat, asosan neft sohasida.

Vashington nazarida bugun mintaqada Qozog'iston iqtisodiy jihatdan yetakchi davlat va Obama ma'muriyati u bilan har tomonlama sheriklikdan manfaatdor.

Yangi elchi e'tiborni xavfsizlik, energetika, savdo va sarmoya, qishloq xo'jaligi, ilm-fan va texnologiya sohalaridagi hamkorlikka qaratmoqchi. Madaniy aloqalarni mustahkamlash ham asosiy vazifalardan biri, deya bildiradi elchixona.

Kayrat Umarov ko'p yillik diplomatik tajribaga ega. 1994-1996-yillarda u Vashingtondagi elchixonada birinchi kotib, elchi maslahatchisi bo'lib xizmat qilgan.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligining rivojlanishida katta rol o'ynagan Umarov 2004-2009-yillarda Hindiston va Shri-Lankada elchilik qilgan.

2013-yilga qadar esa Tashqi ishlar vazirining muovini edi. Bu lavozimda u boshqa davlatlar qatorida aynan AQSh bilan aloqalarga ham mas'ul bo'lgan.

2007-2012-yillar orasida Qozog'istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrissov edi. Bugungi kunda u mamlakatning Tashqi ishlar vaziri.

Diplomatlar ikki davlat orasidagi aloqalarni mustahkam deb ataydi. Amerika siyosiy doiralarida Qozog'iston kuchli lobbichilarga ega. Vashingtondagi elchixona siyosiy va madaniy jihatdan faolligi bilan tanilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG