Breaking News

Qirg'iziston-Amerika: “Manas” kelajagi va Afg’onistondagi loyihalar


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk Qirg’izistonga tashrif buyurdi. Rahbariyat bilan uchrashuvlarda o’zaro munosabatlar, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish xususida gaplashilgan.

AQSh-Qirg'iziston/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00
Yuklab oling

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev Bleyk bilan uchrashuv paytida kelasi yil “Manas” aeroportidagi tranzit yuk tashish markazi haqidagi bitimning muddati tugashini eslatib o’tdi.

Qirg’iziston rahbari 2014-yildan so’ng zikr qilingan havo portida harbiy yo’nalish bo’lmasligi lozimligini ta’kidladi. Ushbu xabar mahalliy axborot vositalarining asosiy mavzularidan biri bo’layotir.

Mahalliy tahlilchi, xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Imomberdi Jalilov deydiki:

“2014-yilda Afg’onistondan Amerika bosh bo’lgan harbiy koalitsiya kuchlari chiqariladigan bo’lsa, “Manas” aeroportidagi harbiy baza o’z ahamiyatini yo’qotadi. Ayni paytda dunyoda iqtisodiy aloqalar rivojlanayotgan bir vaqtda, logistika nuqtai-nazardan, ushbu manzil katta imkoniyatlarga ega. Ikkinchidan, bir o’lkada ikki tarafning harbiy bazalari joy olishi mantiqqa to’g’ri kelmaydi, deb o’ylayman. Qolaversa, Qirg’iziston Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosi. Ushbu tashkilot nizomi esa xorijiy bazalarning qay bir mamlakat hududida joylashishi uchun tashkilotning barcha a’zolari roziligi zarurligini taqozo qiladi”.

Prezident Atambayev va Bosh vazir Satibaldiyev janob Amerika diplomati bilan uchrashuvlar paytida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga to’xtaldi.

Bosh vazir janoblari Amerika tomonini Qirg’iziston iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritishga chorladi. Rasmiy ma’lumotlarga binoan, hozirda o’zaro savdo ko’lami katta emas.

Tahlilchi Imomberdi Jalilov fikricha, tomonlar, jumladan, Afg’oniston iqtisodiyotini tiklash bo’yicha qator yirik loyihalarda hamkorlik qilishi mumkin.

“Ushbu loyihalarni amalga oshirishda asosiy rolni Amerika o’ynaydi. Qirg’iziston bu yo’nalishda Amerika biznesi bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega. Tashqi sarmoyalarga kelsak, Qirg’izistonda barqarorlik hukm sursa, demokratik taraqqiyot ta’minlansa, inflyatsiya ko’lami pasaytirilsa, sarmoyalar himoya qilinsa, Amerika ishbilarmonlari o’z pullarini qirg’iz iqtisodiyotiga kiritishi tabiiy hol bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

AQSh diplomati Robert Bleyk Qirg'iziston rahbariyatidan mamlakatda millatlararo totuvlikni va etnik hamjihatlikni ta'minlashga alohida diqqat qaratishni so'ragan. 2010-yilgi qonli voqealar yuzasidan adolat ta'minlanishi zarur, deydi mehmon.

Bishkekdagi muzokaralar davomida AQSh tomoni CASA-1000 loyihasini qo’llashini bildirgan. Ushbu loyiha Qirg’iziston va Tojikiston elektrostansiyalari ishlab chiqargan quvvatning bir qismini Afg’oniston va Pokistonga uzatishni ko’zda tutadi.

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, AQSh Davlat departamenti vakilining Markaziy Osiyoga tez-tez tashrif buyurishi ayrim yirik davlatlar, jumladan, Rossiya matbuotida turli sharh va ma’lum tashvishlarga sabab bo’lmoqda.

Ayni paytda aksar qirg’izistonlik suhbatdoshlar bunday safarlar va muzokaralarni tabiiy diplomatik jarayon, deb baholaydi.

AQSh-Markaziy Osiyo-Afg'oniston/US-Central Asia-Afghanistan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:03 0:00
XS
SM
MD
LG