Breaking News

Obama qurol nazoratini kuchaytirish payida


Prezident Barak Obama mamlakatda qurol nazoratini kuchaytirishga qaratilgan takliflarni Kongressga yuborib, choralarni tez ko’rib chiqishni so’radi. Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabda ro’y bergan qonli fojiadan keyin ko’plab amerikaliklar ham aynan shunday o’zgarishlarni talab qilmoqda. Masalaning Kongressda ko’rilishi uchun bir necha hafta ketishi mumkin. Obamaning takliflari muxolifat qarshiligiga uchrashi muqarrar.

Dekabr oyida Konnektikutda ro’y bergan qotillik kabi hodisalarning oldini olish maqsadida prezident Barak Obama Kongress tasdig’ini talab qilmaydigan 23 ta farmon imzoladi. Sendi Xuk maktabida 20 yosh bola va olti o’qituvchining o’ldirilishi butun mamlakatni larzaga soldi.

“Agar zo’ravonlikni kamaytirishning birgina imkoni bo’lsa, inson hayotini saqlab qolishning birgina imkoni bo’lsa, undan foydalanish – burchimiz”, - dedi Obama.

Prezident farmonlari ruhiy salomatlikka oid islohot, mahalliy politsiya boshqarmalariga qo’shimcha mablag’ ajratish, zo’ravon video o’yinlar ta’sirini o’rganish kabi choralarni qamraydi.

Obama rejasining asosiy qismi Kapitoliyda qarshilikka uchrashi mumkin.

Prezident Kongress qurol xaridorlari o’tmishini tekshirishni talab qiluvchi qonunni kuchga kiritadi, degan umidda.

“Litsenziyasi bor joydan qurol sotib olasizmi, xususiy sotuvchidanmi, jinoyatchi emasligingizni, sizga qurol sotib olish man qilinmaganini isbotlashingiz kerak bo’ladi. Bu oddiy bir mantiq”, - deydi Obama.

Biroq Virjiniyadagi qurol-yarog’ do’koni sohibi Chak Nesbi fikricha, bunday qonunlar natija bermaydi.

“Bir jinoyatchi boshqasiga qurol sotmoqchi bo’lsa, litsenziya olarmidi yoki tekshiruvdan o’tarmidi? Yo’q, albatta!” - deydi u.

Obama qonunchilardan harbiy rusumdagi avtomatik qurolni taqiqlovchi qonunni qayta tiklashni va o’ntadan ko’p o’qqa mo’ljallangan magazinlar savdosini man qilishni so’ramoqda.

O’tgan yili Kolorado kinoteatridagi otishmada qotil aynan tezotar avtomat qo’llagan. Natijada 70 odam halok bo’lgan.

“Urush uchun mo’ljallangan qurolga kinoteatrda o’rin yo’q. Aksariyat amerikaliklar ham shu fikrda va bizni qo’llamoqda”, - dedi Obama.

Prezident takliflariga ayrim respublikachi qonunchilar qarshi chiqishi shubhasiz. Ular Milliy qurol uyushmasi kabi kuchli lobbi guruhining tayanchiga ega. Qarshilar AQSh Konstitutsiyasida qurolga egalik qilish huquqi bitilganiga ishora qiladi.

Milliy qurol uyushmasi yangi qonun loyihasiga qarshi kurash uchun mablag’ to’plamoqda.

Obama kiritgan takliflar vitse-prezident Jo Bayden rahbarligidagi qo’mita tomonidan ishlab chiqilgan. Qo’mita 200 dan ziyod guruhlar, shu jumladan Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabda nobud bo’lgan bolalar ota-onalari bilan uchrashib, fikrlarini o’rgangan.

“Bunday dahshatli voqeaning oldini olish mumkinmidi, yo’qmi, endi buni hech kim aniq aytolmaydi. Lekin bu kabi hollarning kelajakda takrorlanmasligini ta’minlash uchun qo’limizdan kelganicha harakat qilishimiz lozim. Bu bizning burchimiz”, - dedi Bayden.

Prezident Kongress masala yuzasidan qarorni tez qabul qilishiga umid qilmoqda. Biroq Vakillar Palatasi va Senat a’zolari takliflarni o’rganishga bir necha hafta ketishini bildirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG