Breaking News

Pokiston: AQSh chiqsa, Afg'onistonda vaziyat og'irlashadi


Pokiston tashqi ishlar vaziri Xina Rabboniy Xar Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan
Pokiston tashqi ishlar vaziri Xina Rabboniy Xar Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan
AQSh yetakchiligidagi xalqaro qo’shinlarning Afg’onistonni tark etish muddati yaqinlashar ekan, qo’shni Pokiston kelajakdan xavotirda. Mintaqada jangarilar faollashishi muqarrar, chunki Afg’oniston armiyasi va politsiyasi ularga qarshu kurasha olmayapti, deydi Islomobod rasmiylari.

Pokiston rasmiylarining bildirishicha, chegaradosh hududlarda Afg’onistondan kelayotgan qochoqlar ko’paygan. Ayni vaqtda Peshovar kabi chegaraga yaqin shaharlarga Afg’onistondan sarmoyalar oqimi oshgan. Bu esa afg’onlar yaqin kelajakda mamlakat ichidagi vaziyat yomonlashadi, deb ishonayotganidan dalolat beradi, deydi Islomobod rasmiylari.

Yaqinda AQShga tashrifi chog’ida Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xina Rabboniy Xar Afg’onistonda hokimiyatni topshirish jarayoniga mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ta’kidlab, xalqaro qo’shinlarni Afg’onistonni tark etishga shoshmaslikka chaqirdi.

U, shuningdek, so’nggi paytlarda chegaraning har ikki tomonida jangarilar faoliyati kuchayganiga e’tibor qaratdi. Pokistonda xudkush terrorchilar ko’paygan, minglab odamlar va harbiylar halok bo’ldi, dedi Rabboniy Xar.

Xavotirlarga sabab bo’layotgan yana bir voqelik – afg’on hukumatiga qarashli askarlar orasida xalqaro qo’shinlarga hujum qiluvchilarning uchrayotgani. Bu afg’on Milliy xavfsizlik kuchlari samaradorligini savol ostiga qo’ymoqda, dedi Pokiston Tashqi ishlar vaziri.

“Chegaraning afg’on tarafida vaziyat bundan ikki yil oldingiga qaraganda ancha beqarorlashgan. Boz ustiga hukumat askarlarining xalqaro qo’shinlarga hujumlari ko’paygan. Bu amerikaliklarni qo’rquvga solsa, biz, pokistonliklarni ham tashvishlantiradi. Chunki bunday hujumlar afg’on milliy armiyasi va politsiyasi biz istagandek professional emasligidan dalolat beradi”, - dedi Xina Rabboniy Xar.

Biroq Kobul rasmiylarining ishonch bilan aytishicha, 90-yillarda sovetlar mamlakatni tark etganidan keyin yuzaga kelgan vaziyat qayta takrorlanmaydi. Afg’oniston Savdo aloqalari vaziri muovini Muzammil Shinvariy mamlakatda siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson huquqlari sohalarida jiddiy muvaffaqiyatlarga erishilganini ta’kidlaydi:

“Umidlarimiz katta, chunki hozirda mablag’larimiz va imkoniyatlarimiz bundan 10 yil oldingiga qaraganda ancha ko’p. Qo’shinlarimiz kuchaytirildi. Iqtisodiyot rivojlanyapti. Afg’onistonda taraqqiyot davom etishiga ishonamiz. Muammolar bo’lmaydi, degan umiddaman. 2014-yildan keyin ham Afg’oniston rivojlanadi”, - deydi u.

Kobullik mustaqil tahlilchi Said Muhammad A’zamga ko’ra, 2014-yildan keyin Afg’oniston hukumatiga qarashli qo’shinlar ishi ancha qiyinlashadi. Biroq ular Tolibon jangarilariga qarshi kurashni uddalaydi, deydi u.

“Nazarimda, jangarilar bilan to’qnashuvlar davom etadi, biroq hozirgi hukumat ishini davom ettira oladi. Sovet Ittifoqi qo’shinlari chiqib ketganidan keyin Afg’oniston hukumati parchalanib ketganidek, bunisi ham parchalanadi, deyish noto’g’ri. Chunki 2015-yildan boshlab 10 yil davomida xalqaro hamjamiyat mamlakatga mablag’ ajratishda davom etadi. Bu esa milliy armiya va politsiya faoliyatini davom ettirish hamda taraqqiyot sohasidagi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi”, - deydi mustaqil tahlilchi.

AQShning Afg’onistondagi elchisi Jeyms Kanningam fikricha, rasmiy Kobul Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini tezroq boshlashi kerak.

“Mintaqada barqarorlik va tinchlik o’rnatilishi uchun muzokaralarda hududning barcha davlatlari ishtirok etishi zarur. Bunga ishonchimiz komil. Biz nafaqat Pokiston, balki mintaqaning boshqa davlatlari bilan ham Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishiga olib keladigan muzokaralarni olib boryapmiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Pokiston Afg'oniston tinchlik muzokaralari haqida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:59 0:00
Yuklab oling

O’tgan yili Pokiston o’nlab toliblarni hibsdan ozod etdi. Kobul va Islomobod Tolibon bilan sulhga tayyorligini bot-bot tilga olmoqda. Ammo hozirgacha bu borada jiddiy muzokaralar boshlangani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG