Breaking News

Misr. Inqilobdan ikki yil o'tib


Tahrir maydoni yonida prezident Muhammad Mursiyga qarshi namoyishlar, Qohira, Misr, 25-yanvar, 2013-yil.
Tahrir maydoni yonida prezident Muhammad Mursiyga qarshi namoyishlar, Qohira, Misr, 25-yanvar, 2013-yil.
Misrda tarixiy inqilobga ikki yil to’libdiki, xalq yutuqlar va muammolarni sarhisob qilmoqda. Amerika Ovozining Qohiradagi muxbiri Elizabet Errot turli kasb egalari va tabaqa vakillarining fikrini o’rgandi.
Misr inqilobidan ikki yil o'tib/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00
Yuklab oling

Inqilobdan keyingi davr oddiy misrliklar uchun ham shodiyonalarga, ham sinovlarga boy davr bo’ldi. Eng muhimi, deydi ular, xalq kuch ekaniga ishondi.

“Inqilobdan oldin o’zimizni erkin his etmas edik. Endi esa videokameraning qarshisida turib, prezidentga uning vazifalarini eslatishim mumkin”, - deydi Ehab Gavhar ismli bir fuqaro.

Yozuvchi Alaa al-Asvaniy vatandoshlarining kurashi, orzu-umidlari va dardini o’z kitoblarida bitdi. 30 yillik rahbarga qarshi isyon paytida u ham millionlar qatori ko’chaga chiqqan.

“Xalq ongi o’zgargani, qo’rquv yo’qolgani - inqilobning eng katta yutug’i. Eski holga qaytish yo’q endi. Bundan keyin odamlarni qo’rqitib bo’lmaydi”, - deydi adib.

Ayrimlar inqilob ruhi so’nib bormoqda deya, namoyishlarni hanuz davom ettirmoqda. Ularning xavotiri shuki, islomiy partiya vakili Muhammad Mursiyning prezidentlikka saylangani va munozaraga sabab bo’lgan yangi konstitutsiyaning qabul qilingani kelajakda yangi to’qnashuvlarga sabab bo’lishi, xalqni bo’lib qo’yishi mumkin.

Nil daryosi bo’ylab yuradigan kema kapitani Mustafo Siam “Musulmon Birodarlar” partiyasiga ishonmaydi.

“Ular faqat o’z manfaatlari haqida qayg’uradi. Rahbarlar butun mamlakat oldida javobgar ekanini tushunishi lozim”, - deydi u.

Alaa al-Asvaniy ham o’tmishda faoliyati taqiqlanib, endi hokimiyatga kelgan “Musulmon Birodarlar” ning tanqidchilaridan. Uning aytishicha, harakat mamlakat infratuzilmasini tiklash va ish o’rinlarini yaratish kabi saylov paytida bergan va’dalarining ustida chiqmadi.

"“Birodarlar” ishni eplolmay, xalq nazaridan qolmoqda", - deydi yozuvchi.

Xalq orasida sabrli bo’lishga da’vat etayotganlar ham bor. Masalan, novvoy Ashraf al-Husayniy iqtisodiy hayot og’ir, ammo prezident Mursiyga vaqt kerak, deydi.

"Hukumat oldida ko’plab muammolar bor. “Musulmon Birodarlar” ularni hal qilish yo’lida ko’p ter to’kmoqda", - deydi u.

Tanqidlarga qaramay partiya Misrda eng uyushgan siyosiy guruh hisoblanadi. “Musulmon Birodarlar” o’z tarafdorlarini hukumat himoyasiga qisqa vaqt ichida shay qilish salohiyatiga ega.

Al-Asvaniy nazarida muxolifat orasida tarqoqlik mavjud. Har bir guruh o’z manfaatlarini o’ylaydi, ammo tizimni maromiga yetkazish uchun vaqt kerak, deydi u. Yozuvchi Fransiya va Amerika singari davlatlar inqilobdan so’ng bosib o’tgan yo’lni misol tariqasida keltiradi.

“Agar inqilob ikki yilda haqiqiy o’zgarishlar olib keladi deb o’ylasangiz, demak inqiloblar tarixi haqida bilimingiz sayoz ekan”, - deydi u.

Muhimi, deydi misrliklar, to’g’ri yo’ldan borish va ular mamlakat hozir aynan to’g’ri yo’ldan ketayotganiga ishonadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG