Breaking News

Neft va gazga boy mamlakatlar xavfsizligi yanada dolzarblashgan


Jazoirdagi gaz koni. 22-yanvar 2013
Jazoirdagi gaz koni. 22-yanvar 2013
Yaqinda Jazoirdagi tabiiy gaz inshootida jangarilar mahalliy va xorijiy ishchilarni garovga olib, reyd paytida 80 dan ziyod odam nobud bo’ldi. Afrika tarixidagi eng dahshatli fojialardan biri bu.
Afrika, neft va xavfsizlik/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00
Yuklab oling

Inshootga egalik qiluvchi kompaniyalardan biri “British Petroleum” xavfsizlik qoidalarini qayta ko’rib chiqmoqda. Tahlilchilar fikricha, hukumatlar ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratishi kerak.

“British Petroleum” rahbari Bob Dadlining e’tirof etishicha, kompaniyaga hech qachon bunday ko’lamda hujum uyushtirilmagan. O’lganlar orasida Jazoir, AQSh, Britaniya, Yaponiya va Norvegiya fuqarolari bor.

Bunday xurujlar, ishchilarni garovga olishlar Afrika bo’ylab tez-tez kuzatilmoqda, ayniqsa, tabiiy resurslarga boy, ammo o’z xavfsizligini ta’minlashga ojiz, infratuzilmasi rivojlanmagan mamlakatlarda.

Masalan, Jazoir, Nigeriya va Angola iqtisodi energiya eksportiga tayanadi. Milliy byudjetga katta daromad olib keladigan bu soha xatar manbai ekani ham hukumatlarga tobora ayon. So’nggi besh yilda qit’a bo’ylab o’nlab ishchilar o’g’irlab ketildi, garovga olindi va o’ldirildi.

Shimoliy Afrikada al-Qoida bilan hamkor guruhlar uchun bu o’ziga xos biznes – bu orqali mo’maygina pul topishadi. Yoki Jazoirda bo’lgani kabi maqsad siyosiy ham bo’lishi mumkin. Nigeriyaning neftga boy hududlarida faol bir jangari guruh tenglik bayrog’i ostida hujumlar uyushtiradi. Angoladagi bo’lginchilar esa mamlakatdan ajralib chiqish uchun.

Pirovardida maqsad qandayligidan qat’i nazar ular neft va gaz inshootlariga hujumlar orqali bir narsaga intiladi – xalqaro hamjamiyat e’tiborini o’ziga tortish va nufuzini oshirish, deydi Balaji Srimulanatan, mudofaa va xavfsizlik bo’yicha mutaxassis.

Natijada neft va gaz sektorida xavfsizlikni ta’minlovchi kompaniyalar xizmatiga talab oshib bormoqda. 2011-yilda ular 18 milliard dollar daromad qilgan. 2021-yilga borib bu raqam 31 milliard dollarga o’sishi kutilmoqda.

“Afrikada katta biznesga ega “British Petroleum” va “Shell” kabi neft kompaniyalari o’z inshootlarini mudofaa etish uchun katta mablag’ ajratmoqda. Tahdidlarga qarshi zamonaviy texnologiyalar qo’llanadi. Ammo milliy iqtisodi neft va gazga bog’langan bo’la turib, bu muammoga jiddiy yondashmayotgan mamlakatlar kam emas. Bu iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi shubhasiz”, - deydi tahlilchi.

Uning maslahati - Afrika hukumatlari bir yoqadan bosh chiqarib, strategik inshootlarni himoya qiladigan qo’shin tuzishi kerak.

Janubiy Afrikadagi Xavfsizlik tadqiqotlari instituti olimasi Anneli Buta deydiki, Jazoirdagi fojia ketidan hamma hushyor tortdi. Jangari guruhlarning neft va gaz konlariga hujumlari boshqa bir muammoni, bu jamiyatlardagi nuqsonlarni fosh etmoqda.

“Aslida masala negizida xalq haqida qayg’urmaslik, odamlarning eng oddiy ehtiyojlarini qondirmaslik yotadi. Buning uchun xalqaro kompaniyalar emas, mahalliy hukumatlar javobgar. Janubiy Afrika bo’ladimi, Nigeriya, Jazoir yoki Mali, hukumat layoqatli bo’lishi kerak”, - deydi suhbatdosh.

“British Petroleum” va “Shell” xavfsizlik bobida qanday choralar ko’rilajagini hozircha bildirmadi. Shunisi aniqki, neft va gaz zaxiralariga boy Afrikada biznes to’xtamaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG