Breaking News

Jahon banki O'zbekistonga 12,6 million dollar grant ajratdi


Toshkent bozorlarida
Toshkent bozorlarida
Vashingtonda asoslangan va dunyo bo'ylab qashshoqlikka qarshi kurashni maqsad qilgan Jahon banki O'zbekiston qishloq aholisiga yordam tariqasida 12,6 million dollarlik yangi loyiha boshladi.

Bank bergan ma'lumotga ko'ra, qishloq xo'jaligi rivoji va iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga moslashish yo'lida sakkiz viloyatdagi 10 milliondan oshiq aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg'ona viloyatlari haqida gap ketmoqda.

Yangilanuvchi (muqobil) energetika, masalan quyosh nuri va shamoldan quvvat olish; tokni ayab ishlatuvchi texnologiyalar; agrobiznes va fermerlik xo'jaliklariga madad; irrigatsiya tizimlarini yangilash va suvni isrof qilmaslik - loyiha shularni ko'zlaydi, deydi bank rasmiylari.

O'zbekiston hukumati harorat ko'tarilgani sari ikki asosiy daryo Amudaryo va Sirdaryo sathi pasayib borayotgani haqida ogohlantirib kelmoqda.

Shunday ekan, deydi mutaxassislar, qishloq xo'jaligi yangi sharoitlarga moslashishi kerak.

Jahon bankining Toshkentdagi idorasi rahbari Takuya Kamata deydiki, yangi loyiha O'zbekiston qishloq xo'jaligini isloh qilish yo'lida jiddiy qadam.

Yangi texnologiyalar va uslublar qo'llanishi bilan qishloq aholisi uchun yangi ish o'rinlari va imkoniyatlar vujudga keladi, deydi mutaxassis.

Proyekt uch qismdan iborat: yangilanuvchi energetika texnologiyalaridan foydalanishni yo'lga qo'yish, 9 million dollar; irrigatsiya tizimlarini yangilash va tuproqni parvarishlash, 1 million dollar; zarur maslahat va ekspert yordami ko'rsatish, 2,6 million dollar.

Qishloq xo'jaligi sohasi egalari nazarida bu sektor respublikada eng qoloq va tub islohotlarga muhtoj.

Vaholanki, O'zbekiston agrar davlat, aholining yarmidan ko'pi qishloq joylarda yashaydi va tirikchilik qiladi.

O'zbekiston Jahon bankiga 1992-yildan beri a'zo. Bank rivojlanayotgan davlatlarga quyi foizda qarz beradi, taraqqiyot uchun grantlar ajratadi.

Shu paytgacha respublikaga 894,5 million dollarga teng moliyaviy yordam va kredit berilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG