Breaking News

AQSh qo'shinlari Janubiy Koreyada mashqlar o'tkazdi


AQSh armiyasining 2-piyoda diviziyasi mashqqa tayyor. Janubiy Koreya. 25-yanvar 2013.
AQSh armiyasining 2-piyoda diviziyasi mashqqa tayyor. Janubiy Koreya. 25-yanvar 2013.
AQSh armiyasi 2-piyoda diviziyasining 17 ming askari Janubiy Koreyani Shimoliy Koreyadan ajratib turuvchi chegara yonida joylashgan. Ularning vazifasi ikki qo’shni davlat o’rtasida urush boshlangudek bo’lsa, yordam yetib kelguncha, shimol hujumini qaytarish. 1950-yilgi Koreya urushidan beri hududda vaziyat tarang. “Amerika Ovozi” muxbiri yaqinda mintaqada o’tkazilgan harbiy mashqlarni kuzatdi.

Havo sovuq, yer muzlagan. “Abrams” rusumidagi to’rtta tank katta tezlikda ketyapti. Mashq batalyonning operativ markazidan kuzatilyapti.

Katta palatka ichida tank rotalarining biridan olingan va vaziyatni tasvirlovchi raport muhokama qilinmoqda.

"Moving forward phase line blue, phase line crimson.”

“Phase line blue, phase line crimson!”

Tanklar joylashuvi haqidagi ma’lumot qayta-qayta takrorlanmasa bo’lmaydi. Hamma o’z qismlarining pozitsiyasini aniq bilishi lozim.

Kapitan Joshua Jons 72-tank rotasi ofitseri:

“Hozir “Ajdarho” nomli rotaning 2-vzvodi hududni egallashga muvaffaq bo’ldi va tevarakni o’rganyapti. Ular asta-sekin pastga yurib, dushmanni yo’q qilishi kerak”.

“Abrams” tankiga o’rnatilgan 120 millimetrlik to’p ovozlarini ikki kilometr narida joylashgan Shimoliy Koreya harbiylari eshitayotganiga shubha yo’q.

AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi sobiq rahbari general Kreyton Abrams sharafiga nomlangan bu harbiy mashinalar Amerika armiyasidagi eng qudratli jangovar transport. Nafaqat Qo’shma Shtatlar, balki Yaqin Sharq, Avstraliya va Janubiy Koreyada joylashtirilgan.

Shimoliy Koreya hujum qilgudek bo’lsa, “Abrams” tanklari dunyodagi eng ko’p sonli armiyalardan biriga qarshi turadi. Bu hududdan bor-yo’g’i 30 kilometr narida esa poytaxt Seul va tevaragi aholisini hisoblaganda 25 million odam yashaydi.

Batalyon qo’mondoni podpolkovnik Metyu Xolli tank guruhlari mashq davomida qanday baholanishini tushuntirmoqda:

“Nishonga olish va o’q uzishga ketgan vaqt hamda nishonga tekkan-tegmaganligi hisobga olinadi. Nishonga tegsa, yaxshi, aks holda qaytadan o’q uziladi. Biroq bu holda umumiy balldan bir necha ochko olib tashlanadi”.

Vzvod 18 ta snaryad otib, barchasi nishonga tegdi. 2-diviziya qo’mondoni, general-mayor Edvard Kardon askarlarni maqtadi.

“Bizga ana shunday mergan tankchilar, qismlar kerak. Urush boshlansa, shimoliy koreyaliklar nima qilishini bilmayman. Lekin o’zimizning askarlardan ko’nglim xotirjam. Oldimizga qo’yilgan har bir vazifani 100 foizga bajarish – burchimiz. Amerika Qurolli Kuchlarining qudrati aynan shunisi bilan butun dunyoga tanilgan”.

Ikkinchi piyoda diviziyasi AQSh armiyasida eng mashhuri bo’lib, 1917-yilda tuzilgan. Birinchi Jahon urushidan beri to’rt urushda ishtirok etgan. Diviziya ikki Koreya chegara zonasini 1965-yildan beri nazorat qiladi. Safida janubiy koreyalik harbiylar ham bor.
Seuldagi Sejon tadqiqotlar instituti tahlilchisi Xon Xyun Ik e’tiroficha, AQSh qo’shinlarisiz bu mamlakat Shimoliy Koreyaga bas kelolmaydi.

“Agar Pxenyan urush boshlasa, Seulni osonlikcha zabt etadi. Janubiy Koreya AQSh qo’shinlariga muhtoj. Amerikaliklarning borligi uchun ham shimol o’zini hujumdan tiyib turibdi”, - deydi mutaxassis.

AQSh hukumati Iroq va Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqmoqda. Janubiy Koreyadagi harbiylar esa xizmatini davom ettiradi, lekin 2015-yildan boshlab AQSh emas, Janubiy Koreya yetakchiligida.

Hozircha esa 2-diviziya harbiy tayyorgarligi va qudratini oshirish bilan band. Shu maqsadda zamonaviy harbiy asbob-uskuna olindi, koreyalik hamkorlar bilan birgalikda mashqlar tashkil etilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG