Breaking News

Dunyo bo'ylab oziq-ovqatning yarmi isrof qilinadi


Dunyo bo’ylab ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli yarmi axlatga tashlanadi. Britaniyadagi Mexanika muhandisligi institutining yangi hisobotiga ko’ra, isrofgarchilikni kamaytirish orqali och-nahor yurganlar qornini bemalol to’ydirish va hatto kelajakdagi ehtiyojlarni ham qondirish mumkin.

Dunyo bo'ylab oziq-ovqatning yarmi isrof qilinadi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:41 0:00
Yuklab oling

Dunyo bo’ylab yiliga to’rt milliard tonna oziq-ovqat ishlab chiqariladi. Uning uchdan bir qismi, ba’zi yillarda esa yarmi axlatga tashlanadi. Bu Mexanika muhandisligi institutining yangi tahlilnomasida keltirilgan raqamlar.

Izlanish mualliflaridan biri Kolin Braunning bildirishicha, bugun oziq-ovqat qayerda yetishtiriladi, qayerga olib borib iste’mol qilinadi, buni aniqlash qiyin emas.

“Yegulik tez buziladi, shuning uchun uni quruq va sovuq joyda saqlash kerak. Bir joydan boshqa joyga iloji boricha tezroq olib borish zarur. Infratuzilma, ya’ni temir yo’llari yoki kemalar bo’lmasa, mahsulot isrof bo’lishi aniq”, - deydi olim.

Rivojlangan mamlakatlar, xususan Yevropa va Qo’shma Shtatlarda fermerlik xo’jaliklari samarali ishlaydi. Yetishtirilgan mahsulotning xaridorga imkon qadar tezroq yetkazilishi ta’minlangan. Shunga qaramay millionlab tonna oziq-ovqat iste’mol qilish muddatigacha sotilmay, axlatga tashlanadi, ayrim hollarda hatto do’kon rastalariga yetib bormaydi.

“Supermarketda sotilishi uchun mahsulot juda yuqori talablarga javob berishi kerak. Uning ko’rinishi, ta’mi va foydasidan ham muhimroq. Eng asosiy mezon shu desak mubolag’a bo’lmaydi. Ko’rimsiz mahsulot ko’pincha tashlab yuboriladi”, - deydi izlanish muallifi.

Bunda do’konlarning aybi yo’q, deya qo’shadi Britaniya chakana savdo uyushmasidan Richard Dodd:

“Aslida Yevropa Ittifoqida qabul qilingan marketing qoidalari shunaqa. Chakana savdo sohasi vakillari talablar yumshatilishini so’rab keladi. Biz bunga qisman erishdik ham. Masalan, 2009-yilda 26 mahsulot turi ro’yxatdan olib tashlandi”, - deydi Dodd.

Tahlil xulosalari ko’plarga ma’qul keldi, xususan rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ajratuvchi tashkilotlarga. Axir hujjatda e’tibor millionlab odamlar ocharchilikda yashayotgan bir paytda oziq-ovqatning uvol bo’lishiga qaratilgan.

“Bolalarni asrang” xalqaro tashkilotiga ko’ra, aslida har bir bola qornini to’yg’azish uchun yegulik yetarli. Lekin yiliga 2,3 million yosh bola ochlikdan o’ladi.

“O’zim ovqat yesammikan, bolamga yedirsammikan, deb kun ko’radigan oilalar ko’p. Hech kim bunday yashamasligi kerak,” - deydi tashkilot rahbari Brendan Koks.

Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun katta miqdorda yer, energiya va o’g’it talab qilinadi. Hisobotda bunga ham e’tibor qaratilgan.

Ijobiy xulosalardan biri shuki, deydi hisobot mualliflari, hozirda shu qadar ko’p oziq-ovqat isrof bo’layaptiki, u bilan butun dunyo ahli qornini bemalol to’ydirish mumkin, hatto aholi ko’payishini inobatga olganda ham. Demak, o’rmon va daraxtlarni kesib, qo’shimcha ekin ekishga hojat yo’q.

2075-yilga borib sayyoramiz aholisi 9,5 milliardga yetadi. Insoniyatning tobora oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirishning oddiy bir yo’li –isrofgarchilikka chek qo’yishdir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG