Breaking News

Matbuot saytlari - xakerlar nishoni


Internet xakerlik
Internet xakerlik
AQShda chiqadigan uch gazeta xitoylik xakerlar ularning kompyuter tizimiga kirganini aytmoqda. “Nyu-York Tayms”, “Uoll Strit Jornal” va “Vashington Post” vakillariga ko’ra, bu besh yildan beri davom etayotgan amaliyot bo’lib, xitoyliklar bu gazetalarda ularning davlati qanday yoritilayotganini shu tariqa o’rganmoqchi bo’lgan.

Vashingtondagi Axborot muzeyida ko’rgazmaga qo’yilgan ayrim eksponatlardan texnologiya va yangiliklar o’rtasidagi bog’liqlikni ko’rsa bo’ladi.

Ilg’or texnologiyalar jurnalistlarga voqealarni yoritishda, aholiga xabarlarni tezkor yetkazishda qo’l kelish bilan birga xakerlar ham ulardan o’z maqsadida foydalanmoqda. Masalan, ayrimlari matbuotda nima yoritilayotganini va jurnalistlar ma’lumotlarni kimdan olayotganini bilishni istaydi.

Yuqorida nomlari tilga olingan uch gazeta xakerlar xurujiga uchragan yolg’iz nashrlar emas. Ekspertlar xakerlar har bir matbuot vositasining saytiga kirib chiqqanini aytadi, jumladan, “Amerika Ovozi”nikiga ham. Ayrim vositalar bu haqda bilmaydi, ayrimlari ovoza qilgisi kelmaydi, deydi mutaxassislar.

“Amerika Ovozi”ning tibet tilidagi sahifasi bu muammoga deyarli har kuni duch keladi, deydi Tibet xizmati rahbari Losan Gyatso.

"Kompyuterlarimizda bizni axborot bilan ta’minlovchi manbalarimiz haqida hech bir ma’lumot yo’q. Juda ehtiyotmiz. Kompyuterlarimizga turli himoya vositalari, filtrlar o’rnatilgan", - deydi u.

Losan Gyatsoning aytishicha, kompyuterlardagi iz xakerlarning Xitoydan ekaniga ishora qilmoqda.

Alan Paller kiberxavfsizlik bo’yicha instruktor, dunyo bo’ylab 145 ming mutaxassisni tayyorlagan. Uning aytishicha, 100 dan ortiq davlatlar kiberjosuslik bilan shug’ullanadi.

"Xitoylik xakerlarni aniqlash oson, chunki ko’p iz qoldiradi. Ruslar esa ishni ancha toza bajaradi", - deydi Paller.

Ekspertga ko’ra, xakerlardan saqlanish uchun virusga qarshi programmalar va boshqa himoya choralari yetmaydi.

"Devorni qancha baland qursangiz, o’g’rilar ham narvonni shunchalik baland qiladi. Gap himoya vositalari yoki programmalarda emas, qobiliyatda, ammo matbuot organlari bunga yetarlicha e’tibor bermayapti. Ular o’g’rilik sodir bo’lgandan keyingina mutaxassisni yollaydi", - deydi Paller.

Vashingtondagi Axborot muzeyida kasbini deb nobud bo’lgan jurnalistlarga atalgan yodgorlik bor. Ko’plarini ularning ishiga qarshi bo’lgan odamlar o’ldirgan. Muzey xodimi Patti Rul xakerlikni jurnalistlar hayoti uchun xavfli deb biladi.

"Agar xakerlar ishini xufyona bajarsa, erta-indin qotil sizni topib kelganini bilmay qolishingiz ham mumkin", - deydi u.

Ekspertlarning aytishicha, xakerlarning kompyuterga kirishini shu qadar qiyinlashtirish kerakki, sizni o’z holingizga qo’yib, osonroq o’ljaga o’tsin.

("Amerika Ovozi" saytiga kirishda qiynalayotgan bo'lsangiz, quyidagi link orqali proksilarning qanday ishlashi haqida o'rganib, ulardan foydalanishingiz mumkin - http://www.amerikaovozi.com/info/psiphon/2811.html)
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG