Breaking News

AQShning fazodagi maqsadlari nima?


AQShning fazo tadqiqotlari uchun ajratayotgan mablag’i kamayib borar ekan, soha taraqqiyotining kelajagi savol ostida turibdi. Samoga parvozlarni amalga oshirish uchun mablag’ yetarli emas, deyiladi dekabr va yanvar oyida chiqqan ikki hisobotda.

AQSh raketalari fazoga uchgan davrda Xyustondagi Jonson Fazo Markazi gavjum joy edi. Endi esa raketalar muzeyda. Markaz yuzlab yuqori malakali mutaxassislarni ishdan bo’shatdi.

Jonson Fazo Markazi sobiq direktori, hozirda Rays Universutetida dars berayotgan Jorj Abbi buni uyat, deydi.

“Dasturlar yopildi, xodimlarimiz boshqa joylarda ishlayapti. Bularni qayta tiklash endi juda qiyin”, - deydi u.

Markazning yangi rahbari - sobiq astronavt Ellen Ochoa bunday dasturlarni davom ettirish tarafdori.

“Dasturlar kelib ketadigan narsa. Hamma narsa ham bizning xohishimizga bog’liq emas. Lekin o’z qo’limizda bo’lgan masala – hozirgi faoliyatimizda muvaffaqiyatga erishish. Shunisi muhim”, - deydi u.

AQShning NASA fazoviy tadqiqotlar agentligi yangi raketalar qurish va eski texnologiyalardan samarali foydalanish yo’llarini izlamoqda. Jonson Fazo Markazi esa Xalqaro fazo stansiyasi ishini boshqarishda davom etyapti.

“Byudjetimiz ilgarigidek katta emas. Shuning uchun har bir loyihadan unumli foydalanishimiz kerak”, - deydi Jonson Fazo markazi direktori Ochoa.

Yaqinda Rays Universitetidagi anjumanda qatnashgan ekspertlar AQSh fazoviy tadqiqotlariga siyosat salbiy ta’sir qilayotganini ta’kidladi.

AQSh Dengiz akademiyasi professori Joan Jonson-Friz fikricha, asteroidga uchish haqidagi 2010-yilgi loyiha quruq gapligicha qoldi.

“Uch yil vaqt o’tdi axir. Agar shunday maqsad qo’yilgan bo’lsa, unga erishish uchun ilk qadamlarni qo’yish fursati kelmadimi?”, - deya so’raydi u.

Anjuman qatnashchilari, shuningdek, AQSh hukumat laboratoriyalari, NASA va Mudofaa vazirligi o’rtasida hamkorlikni kengaytirish lozimligini ta’kidladi.

Sobiq astronavt, Xalqaro fazo stansiyasi rahbari Leroy Chiao Rossiya bilan hamkorlikni misol keltiradi.

“Bunday hamkorlikni kengaytirib, Xitoy bilan ham birgalikda ishlashimiz kerak deb hisoblayman. Hozirda fazoga raketalar uchirishga qodir yagona boshqa davlat bu Xitoy”, - deydi u.

Ammo Xitoy bilan samodagi sheriklikka Kongress qarshi. Qonunchilar byudjet masalasini uzil-kesil hal eta olmayotgani ham fazo tadqiqotlariga ta’sir qilmoqda.

Shunga qaramay, Ellen Ochoaning NASA kelajagidan umidi katta.

“Ilmiy izlanishlarimizda olg’a siljish uchun qo’limizdan kelganicha mehnat qilyapmiz”, deydi Ochoa.

AQSh xazinasining nimaga sarflanishini Kongress hal qiladi. Demak, NASA kelajagi uning qaroriga bog’liq. Qonunchilar oldida turgan eng dolzarb masala hozir davlatning byudjet kamomadini kamaytirish.

AQShning fazodagi maqsadi nima? US Space Programs
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:35 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG