Breaking News

Alisher Soipov o'ldirilganiga bir yil bo'ldi


Bugun Qirg’izistondagi muxbirimiz Alisher Soipovning O’sh shahrida noma’lum kishilar tomonidan o’ldirilganiga roppa-rosa bir yil to’ldi.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning tergovni o’z nazorati ostiga olishi haqidagi va’dasiga qaramay, bir yil o’tib ham tergov joyidan siljimagan.

Mutaxassislarning aytishicha, bir yil ichida mintaqada, xususan O’zbekistonda matbuot erkinligi borasida bironta ijobiy o’zgarish bo’lmagan.

Alisher Soipov idorasi yonida ikki noma’lum kishi tomonidan otib ketilgan edi. Tergov haligacha natija bergani yo’q. Qotillar topilmadi, qotillik sabablari ma’lum emas.

Huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar va Qirg’iziston ichki ishlar tizimidagi ayrim manbalarga ko’ra, Soipovni O’zbekiston xavfsizlik kuchlari yo’q qilgan. Bunga uning jurnalistik va siyosiy faoliyati sabab bo’lgan deyiladi.

2005 yilgi Andijon voqealarini o’z ko’zi bilan ko’rgan mustaqil jurnalist, tazyiq ostida O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan Galima Buxarbayevaning aytishicha, Alisherning qotillari hali-beri topilmaydi.

“Oldin Qirg’iziston rasmiylari ‘tergovni olib boryapmiz, qotillarni albatta topamiz’ deya ishontirishga urinardi. Endi esa ular befarqlik bilan javob qaytaradi. Qirg’iziston hech qachon yirikroq qo’shnisi, O’zbekistonga qarshi bormaydi”, - deydi Buxarbayeva.

Bryusselda asoslangan Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhi (International Crisis Group) vakili Endryu Strolaynning aytishicha, Alisher Soipovning o’limi mintaqa jurnalistikasiga katta ta’sir qildi.

“Alisherning o’ldirilishi O’zbekiston ichida va umuman mintaqada ishlayotgan jurnalistlarga ‘agar Toshkentdagi tuzumni tanqid qilsangiz, oqibatlari yomon bo’ladi’ degan ogohlantirish bo’lgan. Ularni vahimaga solishni maqsad qilgan. Ana shu vahima o’ziga yarasha senzuradir”.

Endryu Strolayn fikricha, nukuslik mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovning qoradorini iste’mol qilishda ayblanib 10 yilga qamalishi ham shunga misol.

“Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi mamlakatda qolgan oz sonli mustaqil jurnalistlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatdi”, - deydi Galima Buxarbayeva.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoyalash xalqaro qo’mitasi (Committee to Protect Journalists) xodimi Nina Ognyanovaning aytishicha, O’zbekistonda malakali jurnalistlar qolmadi.

“Kimdir mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Kimdir esa faoliyati uchun sharoit yo’qolgach va xorijiy matbuot hukumat bosimi ostida respublikadan chiqib ketgach, kasbini o’zgartirishga majbur bo’ldi”, - deydi Ognyanova.

Suhbatdoshlarimizning barchasi Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni qisman bekor qilish qarorini shoshma-shosharlik deb ataydi.

“Tashkilotimiz hisobiga ko’ra, O’zbekiston qamoqxonalarida ayni damda olti jurnalist saqlanmoqda. Ular soxta siyosiy ayblovlar asosida qamalgan. Prezident Karimovning jiyani majburiy ravishda ruhiy kasalxonaga joylashtirilgan”, - deydi Jurnalistlarni himoyalash xalqaro qo’mitasi xodimi Nina Ognyanova.

Oy boshida Toshkentda matbuot erkinligiga bag’ishlangan xalqaro anjuman o’tkazilgan. Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhi vakili Endryu Strolayn ham unda ishtirok etgan.

“Inson huquqlari va matbuot erkinligi borasida biz ko’rgan ahvoldan kelib chiqib sanksiyalarni yumshatishga asos yo’q deb hisoblayman”, - deydi u.

“Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni ahvol yaxshilanayotganiga qarab bekor qilgani yo’q. Germaniya O’zbekistonga sanksiyalarni olib tashlashga va’da bergan va bu ish Germaniya boshchiligida qilinmoqda. Bu rasmiy Berlinning Termizdagi harbiy bazani saqlab qolishga qaratilgan harakatidir”.

Alisher Soipov o’limidan oldin ota bo’lgan edi. Hozir qizi Zulayho bir yoshdan oshdi. Jurnalist Shohida To’laganovaning aytishicha, Alisherning do’stlari va hamkasblari uning qizi nomiga maxsus jamg’arma ochishga qaror qildi.

XS
SM
MD
LG