Breaking News

O'zbekistonda turmushning og'ir aravasini ayollar tortib keladi


O’zbekistonda aholining yarmidan sal oshiqrog’ini xotin-qizlar tashkil etadi.

Mamlakat prezidenti Islom Karimovning 8 mart munosabati bilan yo'llagan tabrigida ta’kidlanishicha, xotin-qizlar haq-huquqlarini ta’minlash hukumatning ustuvor vazifasi va bu vazifa muvaffaqiyat bilan uddalanmoqda. Hatto “avval faqat tushda ko’rish mumkin bo’lgan” yutuqlarga erishilmoqda.

Jamoatchilik nazarida esa haqiqiy vaziyat bundan yiroq.

O’zbek ayolining bugungi ahvoli bir qadar og’ir - oila boqish, farzand tarbiyasi, tirikchilik mashshaqqatlari uning qaddini bukkan.

Gulbahor uch yildiki poytaxtdagi mardikor bozorida tirikchilik qiladi. Ikki farzandi bor, eri ishsiz, buning ustiga muttasil ichishni odat qilgan. U hali 8 martni qanday bayram qilishini o’ylab ham ko’rmagan.

“Qiynalganimdan, muhtojlikdan chiqayapman. Bir joyda ishlagan bilan pulini vaqtida bermasa … Bu yerda har holda non puli topib turibman. Uyalib turasiz, tanish-bilish ko’rib qolmasin deb, osonmas. Lekin nima qilaylik? 8 mart kimgadir bayramdir. Misol uchun men ayol kishi bo’lib shu paytgacha bayramni his qilmaganman”, - deydi u.

O’zbekiston prezidenti xotin-qizlarga tabrigida aytgan so'zlarini yoqlovchilar ham bor. Ularni deyarli har kuni o’zbek televideniyesi orqali eshitish mumkin, ayniqsa bayram arafasida. “Prezident tabriklarini eshitib, nihoyatda g’ururlandim”, - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan juvonlardan biri.

8 mart O’zbekistonda azaldan, sobiq Ittifoq davridan nishonlab kelinayotgan bayramlardan biri. Mustaqillik davrida mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotida kechgan yangilanishlar ayollar kuni sifatida e’tirof etilgan bu an’anani chetlab o’tdi. 8 mart bugun ham respublika miqyosida keng bayram qilinadi.

Biroq mustaqillikni mustahkamlash shiori ostida kechgan bu davr o’zbek ayoli uchun oson kechmagan.

Xotin-qizlar avval xayollariga ham keltirmagan muammolar bilan to’qnash kelmoqda - odam savdosi, mardikorlik va muhojirlik. O’zbek ayollari taqdiri mana shu voqeliklar bilan chambarchas bog'liq.

“Shu paytgacha hech kimdan yordam ko’rganim yo’q. Bundan umidimni ham uzganman. Biror o’zgarish qilish ham qo’limizdan kelmaydi. Bu yerda asosan hayot majburlagan ayollar. Har doim ham ish topish qiyin, masalan 80 ayol chiqsa, shundan 40 nafari ish topishi mumkin”, - deydi mardikor bozorida tirikchilik o’tkazayotgan ayol.

O’zbekistonliklar dunyo bo’ylab avj olgan odam savdosining asosiy qurbonlaridan. Ularning ko’pchiligi xotin-qizlar.

Yaqinda farg’onalik bir guruh qizlar Turkiyada qullikda saqlanayotgani, avvalroq esa Hindistonda tutqinlikda o'tirgan o’zbek ayollari haqida ma’lumot tarqatilgan edi.

Huquq faollarining qayd etishicha xotin-qizlarni odam savdosi bilan shug’ullanuvchi guruhlar tuzog’iga ilintiradigan asosiy sabab - ishsizlik.

“Farg’ona viloyati misolida olsak, ayollarni ish va mablag’ bilan ta’minlab turgan Farg’ona to’qimachilik kombinati, pillakashlik fabrikasi, Marg’ilonda 30 mingga yaqin ayollar ishlaydigan ipakchilik kombinat, qolaversa poyabzal farbikasi bor edi... Ularning hammasida asosan yosh ayollar ishlashardi. Hozir ularning hammasi ko’chada qolgan. Ayollar yaxshi kiyinishni, yaxshi yashashni xohlaydi. Bu har bir insonga xos narsa. Qonuniy, islomiy yoki boshqa bir insoniy yo’llar bilan pul topish imkoniyatini topolmagan ayollar ba’zan aldov yo’llari bilan, ba’zan ixtiyoriy ravishda fohishalikka bormoqda”, - deydi farg’onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev.

O’zbekistonda odam savdosiga qarshi kurash bo’yicha so’nggi paytda qator qonunlar qabul qilindi. Jamoatchilik orasida targ’ibot-tashviqot ishlari ham kengaytirilgan. Biroq iqtisodiy vaziyat o’nglanmas ekan, bu borada o’zgarish bo’lishi qiyin.

Ma’lumotalrga ko’ra so’nggi paytda hukumat tug’ish ustidan nazoratni kuchaytirish borasida yangi kampaniya boshlagan.

“Tezkor guruh” tahlil markazi tarqatgan ma'lumotlarga ko’ra, shu yil fevral oyida Sog’liqni saqlash vazirligi tug’ish yoshidagi ayollarni ixtiyoriy ravishda bichish (sterilizatsiyalash) bo’yicha maxsus buyruq chiqargan. Ixtiyoriy ravishda belgilangan bu operatsiya tibbiyot xodimlariga majburiy yuklatilgani bois ommaviy qo’llanishi mumkin degan xavotirlar mavjud.

“Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov Xorazm viloyatida Sog’liqni saqlash vazirligining mazkur buyrug’i qanday bajarilayotgani bilan tanish:

“Bu borada monitoring o’tkazyapman. Vazirlikni ko’rsatmasi bor, unda bir madaniy maqsadda tushuntirish ishlari olib borilishi kerak deb yozilgan. Lekin men o’ylaymanki, buni ortidan berilgan boshqa bir topshiriq ham bor: qanday bo’lmasin bu ishni amalga oshirish, bolalar kam tug’ilishini ta’minlash kerak. Vrachlar ayollarni aldov yo’li bilan jalb qilib, senda shunaqa kasal bor, buni oldini olish uchun shu operatsiyani qilish kerak deb, shu DXS (sterilizatsiya) amalga oshirishayapti ekan”, - deydi Hayitboy Yoqubov.

Tug’ish ustidan nazorat, oilani rejalash loyihalari mamlakatda avval ham “So’glom Avlod” , “Ona va Bola” va shu kabi boshqa dasturlar ostida qo’llanilgan.

O’zbek ayollari orasida kuzatilayotgan yana bir jarayon - hijobli namozxon ayollar ko’payib borayotganidir. Ayrim hollarda esa xotin-qizlarda radikalizmga moyillik oshayotganidir.

“Tezkor guruh” yaqinda Andijonda 5 mingga yaqin aholi diniy ekstremistlar ro’yxatiga kiritilgani haqida xabar tarqatgan edi. Bu ro’yxatning uchdan biri ayollar hisobiga to’g’ri keladi.

“Albatta hukumat tomonidan qilinadigan radikal harakatga aholi tomonidan ham aks sado bo’ladi. Ayollar ham bundan mustasno emas. Diniy radikalizm haqida qancha ko’p gapirilsa, unga qiziqish shuncha ko’payib borayapti, nazarimda. Bundan tashqari O’zbekistonda juda ko’pchilik diniy ko’z-qarashlari uchun qamoqqa olingan. Ular ortida besh-olti kishidan iborat olila turgan bo’lsa, ularning teng yarmi ayollar. Umuman islomlashish kuchayib borayapti, masalan hijobga kirishga qarshi matbuotda qancha ko’p gaprilsa, hijobni tanlayotgan ayollar soni shuncha ko’payayotganini ko’rish mumkin”, - deydi Abdusalom Ergashev.

XS
SM
MD
LG