Breaking News

Pokistonda afg'on muhojirlariga tazyiq kuchaymoqda


Pokistondagi afg'on qochoqlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:19 0:00

O’tgan yilning dekabr oyida Peshovardagi maktabga uyushtirilgan hujum ketidan Pokistondagi afg’on muhojirlariga qarshi tazyiqlar kuchaygan. Kobul bundan tashvishda ekanini ma’lum qilmoqda. Urushdan qochib qo’shni yurtga o’tgan yuz minglab afg’onlar ommaviy hibs va politsiya zulmiga duch kelayotgani aytiladi.

Islomoboddagi meva bozori afg’on muhojirlarini eng ko’p ko’rish mumkin bo’lgan joylardan biri. Bu yerda savdogarlar ham, ular uchun ishlaydiganlar ham bor: hujjatli va hujjatsiz qochoqlar. Politsiya tazyiqi bu yerda yangilik emas. Ulardan qutulishning eng yaxshi yo’li - pora. Dekabrda jangarilar Peshovardagi maktabga hujum qilib, 150 odamni o’ldirgach, politsiya zug’umi yanada kuchaydi.

Meva sotuvchi Zafar Xonning aytishicha, politsiya istalgan mashinani to’xtatib, erkak va ayollarni tintuv qilmoqda.

“Ularda afg’on muhojiri degan hujjat bor edi. Hammasini mashinadan chiqarib, tintuv qilishdi. 500 yoki 1000 rupiya pullarini olib qo’yishdi”, - deydi u o’zi guvoh bo’lgan hodisalardan birini xotirlab.

Guvohlarning aytishicha, ayrim kunlari politsiya birdaniga 100-200 afg’onni hibsga oladi. Ularning hujjati bor-yo’qligiga e’tibor berishmaydi.

Pokistonda 3 millionga yaqin afg’on muhojiri yashaydi. Ularning qariyb yarmi hujjatsiz. Hukumat 2015-yilning oxirigacha aksariyat muhojirlarni Afg’onistonga qaytarishni rejalagan. Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Tasnim Aslamning aytishicha, Islomobod Kobuldan bu qochoqlar uchun o’z vatanida uy-joy va ish o’rinlari yaratishni so’ramoqda.

“Afg’on hukumati bilan yaqindan ishlayapmiz. Bu ikki mamlakat o’rtasiga sovuqlik tushiradigan masala bo’lmasligi kerak”, - deydi u.

Ammo Afg’onistonda hayot oson emas. Muhojirlar buni juda yaxshi biladi.

“Bog’larni buzib, uylarni vayron qilishgan. Ularni qayta qurish uzoq vaqt oladi”, - deydi afg’on muhojirlaridan biri.

Asadulloh Pokistonga kelganida to’rt yoshda edi. Hozir uning 10 nafar farzandi bor. U Pokistonni tark etish niyatida emas va unga o’xshaganlar juda ko’p.

Xaroba kulbalarda yashaydigan qashshoq afg’onlar, shuncha tazyiq va muammolarga qaramay, bu yurtni tark etgisi yo’q. Chunki Afg’onistonda hayot bundan ham og’ir.

BMT ma’lumotiga ko’ra, yanvarda bo’lib o’tgan norozilik namoyishidan so’ng hujjatli muhojirlar uchun ahvol birmuncha yaxshilangan. Xalqaro migratsiya tashkiloti esa 45 ming hujjatsiz afg’on majburan Pokistondan chiqarib yuborilgani haqida xabar bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG