Breaking News

Afg'onistonda saylov natijalari chiqmasdan ayrim nomzodlar o'z g'alabasini e'lon qildi


Kobuldagi ovozlarni sanash markazi, 6-aprel, 2014-yil.
Kobuldagi ovozlarni sanash markazi, 6-aprel, 2014-yil.
Afg’onistonda 5-aprel kuni o’tgan prezidentlik saylovi xalq uchun ulkan muvaffaqiyat sifatida olqishlanmoqda. Ammo natijalar e’lon qilinmasdan turib nomzodlar o’rtasida g’oliblikni da’vo qilayotganlar paydo bo’ldi. Bu esa saylovning silliq yakun topishiga shubhalarni orttirmoqda.
Afg'onistondagi saylovlar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00
Yuklab oling
Afg’onistonning yangi prezidenti uchun berilgan ovozlar hali sanalmay turib, ikki asosiy da’vogar o’z g’alabasini e’lon qilishga shoshildi.

Jahon bankining sobiq rasmiysi Ashraf G’anining aytishicha, uning ko’pchilik ovozlarni qo’lga kiritgani aniq, chunki tarafdorlari ko’p bo’lgan hududlarda aholining aksariyati saylovda ishtirok etgan.

G’anining asosiy raqibi, sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulloh Abdulloh esa jami ovozlarning 60 foizini qo’lga kiritganini aytmoqda.

Saylovda g’olib bo’lish uchun nomzodlardan biri kamida 50 foiz ovoz yig’ishi kerak. Agar hech kim buncha ovoz to’play olmasa, eng ko’p ovoz olgan dastlabki ikki nomzod keyingi bosqichda yana bellashadi.

Vashingtondagi Yangi Amerika jamg’armasining Afg’oniston bo’yicha tadqiqotchisi Umar Samadga ko’ra, saylovning ikkinchi bosqichga o’tishi ehtimoli baland.

“Asosiy da’vogarlar oxirigacha kurash olib boradi. Chunki har ikkisi ham raqibini mag’lum qilishga shay”, - deydi u.

Samadning fikricha, tez orada qolgan olti nomzod ikki asosiy da’vogardan birini qo’llab-quvvatlash yo’liga o’tadi.

Dastlabki natijalar shu hafta oxirigacha e’lon qilinishi mumkin. So’nggi rasmiy natija may o’rtalariga borib ma’lum bo’ladi.

Mustaqil saylov komissiyasi rahbari Ahmad Yusuf Nuristoniy nomzodlarni taxminlarga ergashmasdan, rasmiy natijalarni kutishga chaqirdi.

“Afg’oniston xalqidan va nomzodlardan taxminlarga asoslangan raqamlarni tarqatmaslikni so’raymiz. Natijani, belgilanganidek, Mustaqil saylov komissiyasi e’lon qiladi”, - deydi u.

Afg’onistonning erkin va adolatli saylov jamg’armasi direktori Jandad Spingarning aytishicha, samarali xavfsizlik choralari hamda kutilganidan ko’proq saylovchining ovoz bergani sababli saylov muvaffaqiyatli o’tdi.

So’nggi natija e’lon qilinishidan oldin, hamma ovozlar sanab tugatilishi hamda firibgarliklar haqidagi shikoyatlar ko’rib chiqilishi kerak, deydi u.

“Shundan so’ng biz haqqoniy saylov o’tkazdik va natijalar qabul qilish uchun yaroqli deb ayta olamiz. Agar ikkinchi bosqichni o’tkazishimizga to’g’ri kelsa, undan oldin nomzodlar o’zaro shunga kelishib olishadi, deb umid qilamiz”, - deydi Spingar.

Jamg’arma ma’lumotiga ko’ra, saylov davomida firibgarliklar yuzasidan 2600 ta shikoyat tushgan.

Saylov bo’yicha mamlakatning yetakchi rasmiysi Ziyoulhaq Amarxayl har bir shikoyat puxta o’rganib chiqilishini aytadi.

Afg’onlar saylovni xatarli davrda o’tkazmoqda, der ekan Amarxayl shunga qaramay, nomzodlardan biri yoki bir nechtasiga nisbatan adolatsizlik bo’lgani aniqlansa, Mustaqil saylov komissiyasi bu shikoyatlarni jiddiy va to’liq o’rganib chiqadi, deydi Amarxayl.

Tahlilchi Samadning aytishicha, shikoyatlarning qanday o’rganilishi saylov natijalariga bo’lgan ishonch darajasini belgilaydi. Kuzatuvchilarga ko’ra, ayrim nomzodlar tomonidan natijalarning taxminiy va erta e’lon qilinayotgani aholi orasida asossiz gap-so’zlarning ko’payishiga sabab bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG