Breaking News

Afg’oniston xavfsizlikni deyarli to’liq qo’lga olish arafasida


Afg’oniston hukumati xavfsizlikni o’z qo’liga olar ekan, mamlakatning qariyb 90 foizi tez orada mahalliy kuchlar zimmasiga o’tadi.

Xavfsizlik uchun mas’ul rasmiylardan Ashraf G’ani Ahmadzayning aytishicha, hozir afg’on armiyasi aholining 75 foizini mudofaa qilmoqda.

Yaqin oylarda yana 52 ma’muriy hudud, xususan, 12 viloyat mahalliy qurolli kuchlarga topshiriladi, deydi u.

Uning so’zlariga ko’ra, maqsad 2014-yilning dekabrigacha, ya’ni NATO harbiylari ketguniga qadar Afg’onistonni to’liq nazoratga olib ulgurish.

Jarayon qanday kechayotgani va xavfsizlik bilan bo’gliq ahvoldan, umuman olganda, qoniqish hosil qildik, deydi Ahmadzay.

Oxirgi yilda Afg’oniston qurolli kuchlari safi sezilarli darajada kengaygan, lekin chet el armiyasi mamlakatni tark etgach, afg’onlar mudofaani eplay olish-olmasligi bahsga sabab bo’lib keladi.

Ahmadzay so’nggi uch yilda diqqatni songa qaratdik, endi sifat va malakaga e’tiborni oshiramiz, deydi.

2012-yilda Afg’onistonda jangarilar xurujlari va to’qnashuvlar kamaygan hamda xavfsizlik bilan bo’gliq vaziyat nisbatan yaxshilangan. Lekin mahalliy harbiylar yoki zobit kiyimidagi jangarilar koalitsiyaga bot-bot hujum qilib, 60 dan ziyod xorijlik askar nobud bo’lgan. Bu esa o’zaro ishonchni yemirmoqda, deydi tahlilchilar.

Pokiston, bu orada, to’rt tolibni, jumladan, Afg’onistonda jangarilar hukmron yillarda adliya vaziri bo’lib ishlagan Mulla Nuriddin Turobiyni qamoqdan qo’yib yuborgan. Ozodlikka chiqqanlar orasida Hilmand viloyati sobiq hokimi Abdul Boriy ham bor.

Turobiyning salomatligi og’ir, deydi rasmiylar. U 2009-yilda Afg’onistonda Tolibon qo’mondonlaridan biri etib tayinlangan va jangarilar rahnamosi Mulla Umarning muovini bo’lgan.

Sal oldin Pokiston to’qqiz tolibni turmadan ozod qilgan. Rasmiy Islomobod shu tariqa Afg’onistonda toliblar bilan muzokara oldinga siljishiga ko’maklashmoqda.

Shuningdek, kecha Pokiston shimoli-g’arbida to’qqiz jangarining jasadi topilgan. Ular Tolibon a’zolari bo’lgani aytiladi. O’tgan hafta mintaqada 21 politsiyachining o’ligi aniqlangan edi. Ular Peshovar shahri yaqinida politsiya postiga hujum paytida garovga olinib, bedarak ketgan edi.

Pokistonning shimoli-g’arbidagi Xaybar-Paxtunxva viloyatida qurollangan guruh gumanitar ishchilar ketayotgan mashinaga hamla qilib, yeti odamni o’ldirgan. Besh nafari ayol muallimlar bo’lgani aytilmoqda.

O’tgan oy Pokistonda poliomiyelitga qarshi emlash bilan shug’ullangan odamlar nishonga olinib, to’qqiz odam jon bergan edi. Natijada Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti va BMT mamlakatda vaksinalash kampaniyasini vaqtincha to’xtatgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG