Breaking News

Qish yaqinlasa-da, Afg'onistonda Tolibon hujumlari sustlashgani yo'q


Sentabr oyida toliblar Qunduz shahrini qisqa vaqt qamal qilgan edi.
Sentabr oyida toliblar Qunduz shahrini qisqa vaqt qamal qilgan edi.

Qish yaqinlashayotganiga qaramay, Afg'onistonda Tolibon hujumlari susaygani yo'q. Mamlakatdagi beqarorlik, iqtisodiy ahvolning og'irligi Prezident Ashraf G'aniga qarshi kayfiyatni oshirgan. Kuzatuvhcilarga ko'ra, Afg'onistonda ishsizlik 24 foiz atrofida, hokimiyat zaif.

Qish yaqinlasa-da, Afg'onistonda Tolibon hujumlari sustlashgani yo'q-Nasiba Tohir hikoya qiladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Afg'onistonda toliblar xavfsizlik xizmatiga bot-bot hamla qilayapti va ko'proq hududlarni egallamoqda. Ayniqsa, shimolda qattiq janglar ketayapti. Holbuki, avvallari qish yaqinlashgani sari olishuvlar sustlashar edi. O'tgan haftada Tolibon shimoli-sharqdagi Badaxshon viloyatida Yamgan tumanini qo'lga kiritdi. Sentabr oyida toliblar Qunduz shahrini qisqa vaqt qamal qilgan edi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Sidiq Sidiqiyning aytishicha, afg'on armiyasi jangarilarga qarshi qaqshatqich zarbalar berayapti va tez kunda "ijobiy natija" bo'ladi.

Hukumat toliblarni Yamgan tumanidan haydab solish ahdida qat'iy, deydi Sidiqiy. "Dushmanga ayovsiz zarbalar berib, shimolda boshqa bunday hujumlar qaytarilmasligini ta'minlaymiz", - deydi u.

Afg'oniston shimolida ishlayotgan amerikalik mutaxassis Ted Kalaxanning so'zlariga ko'ra, Tolibon qisqa vaqt bo'lsa-da ko'proq yerlarni bosib olib, o'ziga ishonchi ortdi. Natijada ko'proq odam yollab, qurolini jamg'ardi va afg'on armiyasiga dag'dag'a qila boshladi.

Ichki ishlar vazirligi so'zlovchisi Sidiq Sidiqiy deydiki, jangarilarni boshqa viloyatlar, xususan, ko'knor ishlab chiqaruvchi Hilmand viloyatidan siqib chiqarish uchun ham choralar ko'rilayapti.

Afg'oniston armiyasi Tolibonning bu qadar ildamlashiga hoziroq chek qo'yishi muhim, deb hisoblaydi Kalaxan.

Toliblar bugun, kunning sovug'ida shunchalik olg'a siljidimi, demak bahor kelib yanada kuchga to'lishi mumkin. Ular hozirdanoq strategik manzillarga yaqinlab qolgan, deydi ekspert.

Bu orada, odam o'g'irlab, pul talab qilish holatlari tobora ko'p uchrayapti va aholi norozi bo'lib hukumatga qarshi bosh ko'tarmoqda. Natijada muxolifat Prezident Asharf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdullaning iste'fosini talab qila boshlagan.

Ayrim qonunchilar oqsoqol va olimlarni maslahatga chorlab, hukumat kelajagini muhokama qilishga undamoqda. Biroq bu da'vatlarni xalqaro hamjamiyat qo'llab-quvvatlashi gumon.

Amerika generali, NATOning Afg'onistondagi faoliyatiga mas'ul Jon Kambell o'tgan oy Kongress qo'mitasida so'zlab, Ashraf G'ani boshliq hukumatning ishiga halaqit bermaslikka chaqirdi.

Kobulda vaziyat tobora xatarli ekan, chet el diplomatik va harbiy missiyalari, shuningdek, gumanitar tashkilotlar xodimlari hatto poytaxtda juda ehtiyot bo'lib ishlashga majbur.

AQShning Afg'onistonda qayta qurish ishlarini tekshirayotgan idora uchun mas'ul Jon Sopko yaqinda mamlakatda bo'lib qaytdi. U o'tgan hafta Vashingtonda so'zladi. Amerika elchixonasi xodimlari ko'cha-ko'yda oddiy transportda qatnashi mumkin emas, faqat vetolyotga suyanib qolgan, deydi u.

"Afg'onistonga borganimda xalqaro aeroportga qo'naman. Amerika elchixonasi o'sha yerdan 2 yarim kilometr narida joylashgan. Lekin men oddiy transportda borolmayman. Vertolyotga o'tirib, o'sha 2 yarim kilometr masofani bosishim kerak. Fevraldan beri ahvol shu", - deydi Sopko.

Uning aytishicha, eng katta xavotir ham shu - Afg'oniston hukumati, bugun qanchalik harakat qilmasin, elchixonalar erkin faoliyat ko'rsatishi uchun xavfsizlikni ta'minlab bera olmayapti.

Oktabr oyida vertolyotlardan biri qo'nayotib, quladiyu koalitsiyaning besh askar o'ldi. Orasida ikki nafar amerikalik bor edi.

Sopko so'zlariga ko'ra, xavfsizlik bilan bog'liq ahvol og'ir ekani bois u bugun Afg'onistonni uch yil oldingiday puxta tekshira olmayapti.

Qo'shma Shtatlar o'tgan o'n yilda Afg'onistonni qayta qurish uchun 110 milliard dollar sarfladi. Sopko mas'ul idora mana shu qurilish-ta'minlash ishlari ijrosi, moliya nimaga va qanday sarflanayotganini tekshirib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG