Breaking News
Din

Amerika katoliklari: kelajak yoshlarniki, lekin ular dindan uzoq


Amerika katoliklariga yaqindan nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:26 0:00

Amerika katoliklariga yaqindan nazar

Amerikada 65 millionga yaqin katolik bor. Ular bu mamlakatdagi eng yirik diniy guruh. Katoliklarning uchdan bir qismi lotin amerikaliklar va ularning AQShda tug’ilib o’sgan farzandlari. “Pew” tadqiqot markaziga ko'ra, katolitsizmni tark etayotganlar soni ham, boshqa dinlarga qaraganda, juda yuqori. 2007-yildan beri uch million amerikalik katoliklikdan voz kechgan. Ular orasida lotin amerikaliklar ko’p. Cherkovdan uzoqlashganlar undan ruhiy madad olmayotganini aytadi.

Amerika katoliklari orasida - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Nyu-Yorkdagi Avliyo Yelizaveta cherkovida ispan tilidagi ibodatga keladiganlar sezilarli darajada kamaygan. Odamlar o’zini katolik deb tanishtirsa ham e’tiqodga oldingidek qiziqish yo’q. Ispancha yig’inlarga odatda yangi muhojirlar keladi. Bu tadbirlar madaniy ahamiyatga ega, chunki vatandoshlar shu yerda tanishadi. Lotin amerikaliklarning 90 foizga yaqini Rim papasi Fransisk haqida ijobiy fikrda. Rohiba Sesiliya Sid deydiki, Vatikan rahbari mehr-muruvvat urug’ini sochmoqda.

“U turli elatlarning dardini tushunadi va qiyinchiliklarni yengib o’tish uchun nima qilmoq zarurligi haqida aniq maslahatlar beradi. To’g’ri yo’l izlayotgan muhojirlar uning nasihatlarini tinglashni xohlaydi. Bunday odamlar ko’p”.

Katoliklar soni bu immigrantlar orasida kamayib bormoqda. Ayrimlar nasroniylikning boshqa yo’nalishlariga o’tib ketgan, ba’zilar esa dindan tamoman yuz o’girgan.

Ambiori Rodrigez Dominikan Respublikasidan. Nyu-Yorkda voyaga yetib, shu yerda peshvolik qiladi. Rim papasi Fransisk, deydi u, insoniyatni iymondan uzoqlashmasligi uchun qo’ldan kelgan barcha ishni qilmoqda. Ulamolarning roli beqiyos, ularga ishonch pasaymasligi kerak, deydi ota.

“Pontifik shunga urg’u berayaptiki, cherkovlar avom xizmatida bo’lmasa, xalq ularga kelmay qo’yadi. Diniy liderlar jamoat liderlari bo’lishi kerak”,- deydi Rodrigez.

Cherkovga keladiganlar odatda katta yoshdagilar. Yoshlarda qiziqish va xohish juda past. 30 ga kirmaganlar hatto bu borada gapirishni istamaydi.

Alias ismli mana bu katolik uchun Rim papasi haqiqiy rahbar.

“Katoliklar cherkov bizni tushunmaydi, zamon bilan hamnafas emas, eski an’analar jonga tegdi desa, papa mana oldinga siljiyapmiz deya isbotlashga urinmoqda”,- deydi u.

Vatikan rahbari zamonaviy texnologiya va ijtimoiy tarmoqlar orqali omma bilan muloqotda va ayniqsa yoshlarni o’ziga tortmoqda, deydi Alias.

“Yoshlar axir ertangi kunimizning yetakchilari. Cherkovlarni yuritish va dinni davom ettirish ularning vazifasi. Shunday ekan, yosh avlod bilan yaqindan ishlash kerak. Katolik dunyosi o’z kelajagi haqida qayg’ursa, mana shu achchiq haqiqatga asoslangan holda qarorlar qilishi kerak”,- deydi Alias.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG