Breaking News

Amerikalik imom: Markaziy Osiyoda ekstremizmga qarshi kurashda diniy ta'limning o'rni katta


Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm va radikalizmga moyil yoshlar paydo bo’layotgani haqida mintaqa rasmiylari tez-tez gapirib turadi. Hududga zo’ravon va diniy-radikal g’oyalar qanchalik tahdid solmoqda? Ularga qarshi kurashda hukumat va ulamolarning roli qanday? Yaqinda mintaqaga safar qilgan amerikalik imom Muhammad Bashar Arofat bilan shu mavzuda suhbatda bo'ldik.

Markaziy Osiyo: amerikalik imom bilan suhbat, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:13 0:00

Asli suriyalik imom Muhammad Bashar Arofat 1989-yildan beri AQShda diniy ta’lim va ma’rifat targ’iboti bilan shug’ullanadi. Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi jamg’armasi rahbari sifatida ko’plab musulmon mamlakatlarda bo’lgan. Diniy bag’rikenglik, islomning barcha zamon va makonlar uchun mosligi mavzusida va’z o’qiydi, ilmiy anjumanlarda qatnashadi.

Yaqinda u Qirg’izistonga borib, Markaziy Osiyo ularmolari anjumanida ishtirok etdi. Imomning aytishicha, boshqa ko’plab joylarda kuzatilgani kabi, ayrim markaziy osiyoliklar ham jihodchi guruhlarning buzg’unchi g’oya va va’dalariga aldanib qolmoqda.

“Ishonuvchan va soddadil bo’lgani sababli, Markaziy Osiyodagi ayrim odamlar jihod va qatl bilan shug’ullanuvchi bunday tashkilotlarga qo’shilish to’g’ri ish deb hisoblamoqda. Aslida esa ularning islom nomi bilan olib borayotgan ishlarining dinga hech qanday aloqasi yo’q. Bundan 25 yil muqaddam Suriyadan Amerikaga kelgan bir odam sifatida buni ishonch bilan ayta olaman”, - deydi u.

Amerikalik imom Muhammad Bashar Arofat
Amerikalik imom Muhammad Bashar Arofat

Ayni paytda bu yerdagi hukumatlarning dinni nazorat qilishga urinishi, odamlarga e'tiqod erkinligi huquqini bermayotgani ham tashvishlanarli, deydi imom. Uning aytishicha, hukumat xalqqa diniy erkinlik berishi bilan birga, diniy mutaxassislarning saviyasi va malakasi uchun ham mas’uldir.

“Diniy erkinlik bu jamiyatni sog’lom qiladigan masalalardan. Ayni paytda imomlarni to’g’ri tayyorgarlikdan o’tkazish ham muhim. Hukumat imomlar uchun almashinuv dasturlarini yo’lga qo’yishi kerak. Olimlar o’z bilimlarini muntazam yangilab borsin. Nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo ulamolari bilan aloqa o’rnatishlari kerak”, - deydi AQShlik olim.

Yoshlarning yo’ldan adashmasligi, diniy aqidasi buzuq guruhlarga qo’shilmasligi uchun kim mas’ul? Hukumatmi yoki diniy ulamolar?

“Yoshlarni tarbiyalash, terrorizm va ekstremizmga qarshi ularga to’g’ri islomiy bilim berish mamlakatdagi diniy idoraning vazifasi”, - deydi Arofat.

Lekin imomning so'zlariga ko’ra, diniy ta’limga hukumatning aralashishini ijobiy holat.

“Hukumat mo’tadil ulamolarni, islomning mo’tadil talqinini qo’llab-quvvatlashi muhim. Jamiyatni bulg’ashga urinayotgan ekstremist guruhlardan ogoh bo’lishda ham hukumatning ishtiroki kerak”, - deydi u.

Muhammad Bashar Arofat O’zbekistonda ham bo’lgan. Bu yurtning ulkan islomiy tarixi va madaniy merosidan yaxshi xabardor. Jamiyat har tomonlama ravnaq topib, bu xalq islomiy jabhada o’z tarixiga mos shavkatga yana ega bo’lishiga umid qilamiz, deydi olim.

“O’zbekistonning tarixiy merosiga mos konferensiyalar, tadbirlar va faoliyatlar tez orada yo’lga qo’yiladi, deb umid qilaman. Bu o’lkadan chiqqan ulamolar tufayli, Buxoro, Toshkent va Samarqand kabi joylar butun dunyoda ko’plab musulmonlarning yuragidan o’rin olgan”, - deydi u.

Mo’tadil islom targ’ibotchisi sifatida tanilgan amerikalik olimning ta’kidlashicha, islom haqida to’g’ri tasavvurning shakllanishi hukumat uchun ham, xalq uchun ham foydali.

“Hukumatning ekstremizm va terrorizmdan xavotirlanishini tushunaman. Lekin islomni to’g’ri tushuntirish, odamlarga to’g’ri ma’lumotni to’g’ri manbalardan olishda ko’maklashish O’zbekistonning foydasiga ishlaydi”, - deydi u.

Imom Arofat, ayni paytda, ekstremist g’oyalarning yoyilishiga yo’l qo’ymaslikda hukumatning yordami asosiy o’rin tutishiga yana bir bor urg’u beradi.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG