Breaking News

"O'zga Yer" - Gollivudning yangi filmi


Kartina nufuzli Sandens film festivalida ikki mukofotga loyiq topildi. Kino ekspertlar va tomoshabinga ham u ma’qul
Kartina nufuzli Sandens film festivalida ikki mukofotga loyiq topildi. Kino ekspertlar va tomoshabinga ham u ma’qul

Tasavvur qiling, ko’kda huddi sizu biz yashaydigan sayyoraning ayni jufti bo’lsa. Rejissyor Mayk Kaxill ishlagan yangi fantastik film ana shu haqda.

“O’zga Yer” nomli kartina qahramoni avtomobil halokatiga uchrab, uning aybi bilan ona-bola o’ladi.

Ayol afsus-nadomatda hayot kechirib, tarki dunyo qiladi. Kunlarning bir kuni esa fazoda yerning egizagi paydo bo’ladi.

Filmdan dialog:

Olima Tallis: “Mening ismim doktor Joan Tallis. Yer sayyorasidan gapirayapmiz. Eshitayapsizmi? Kim bor?”

Olimlar: “Javob kelayapti. Qarang”.

O'zga Yerdan kelayotgan ovoz: “Ha, eshitayapmiz. Menman doktor Joan Tallis”.

O’zga sayyora deb o’ylangani aslida Yerning nusxasi bo’lib chiqadi. Yer ahli hayron.

Roda Vilyams uchun esa bu xushxabar. Avtomobil halokatida ikki odamni o’ldirgani uchun qamoqda o’tirib chiqqach, qiz ota-onasinikida yashab kelgan.

O’zini koyib kun kechiradi. Lekin o’zga Yerda uning hayoti butkul boshqa bo’lishi mumkin. Balki mashina rulini burib ulgurgandir. O’zga Yerda uning hayoti osuda va baxtlidir balki?

Roda uchun chipta juda qimmat. U insho yozish bo’yicha bellashuvda qatnashadi. Va g’alaba qozonib, evaziga orzu qilgan biletini oladi.

Lekin hayotida bir voqea ro’y berib, uni ikkilantirib qo’yadi. Gunohini yuvish uchun halokatda rafiqasi va bolasidan ayrilgan odamning uyiga borib, kechirim so’ramoqchi bo’ladi.

Lekin haqiqatni aytishga jasorati yetmay ish qidirib yuribman, uyni tozalashga roziman, deydi.

Falokat paytida o’smir bo’lgani bois uning ismi-sharifi oshkor etilmagan va uning aslida kim ekanidan bexabar Jon ayolni yollaydi.

Sekin-sekin orada do’stlik, so’ng muhabbat paydo bo’ladi. Roda safarga otlanayotganidan xabar topgan Jon uni tabriklaydi. Lekin yana bir sevgan odamingdan ayrilish osonmi?

G’am-g’ussadan qaddi bukilgan beva kishi Jon Boros rolini Vilyam Mepoter ijro etgan. Garchi fantastik film bo’lsa-da, hissiyot va dardga to’la film bu, deydi u.

“O’zga sayyora, o’zga Yer deganda odatda fantastika xayolga keladi. Lekin kartinada bu haqda xuddi kundalik turmushdek, odatiy holdek gapiriladi. Biz aktyorlar xayolotga berilishimiz shart emas edi”, - deydi u.

Roda Vilyams obrazini gavdalantirgan Brit Marling. U ssenariy hammuallifi hamda prodyuseri. Odamzot o’zini chetdan ko’rishni, hayoti boshqa bo’lishini istaydi ba’zan. Film ana shu fikrdan paydo bo’lgan.

“Kechirimli bo’lish haqida bu kartina. O’ziga nisbatan shafqatsiz insonlar odatda o’tmishda sodir etgan qaysidir qilmishidan afsuslanib yashaydi, o’zini shu tariqa jazolaydi. Gunohimni shunaqa qilib yuvaman, deydi”, - deydi aktrisa.

Rejissyor Mayk Kaxill kinoasarni hujjatli film formatida ishladi, kamerani ko’pincha qo’lda ushladi.

“Auditoriyaning diqqatini jalb etish, qiziqtirishni hamma ham xohlaydi. Tomoshabin shunaqasi ham bo’lar ekan, men bilan ham ro’y berishi mumkin, deb o’ylasa zo’r. Chunki xayolot olamiga sho’ng’imagan odam yo’q o’zi”, - deydi rejissyor.

“O’zga Yer” falsafiy, qiziqarli, kamdan kam uchraydigan, oxiri ham ajoyib tugaydigan film. Mualliflar uni yaratish uchun bor-yo’g’I 100 ming dollar sarflagan.

Kartina nufuzli Sandens film festivalida ikki mukofotga loyiq topildi. Kino ekspertlar va tomoshabinga ham u ma’qul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG