Breaking News

AQSh “Islomiy davlat”ga qarshi uzoq muddatli kurashga hozir


AQShning Iroqdagi havo hujumlari islomiy jangarilarga qarshi ish berayapti, ammo ularni butunlay yo’q qilish uchun xalqaro jamoatchilik birgalikda harakat qilishi kerak.

AQSh “Islomiy davlat”ga qarshi uzoq muddatli kurashga hozir/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00
Yuklab oling

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeyglning ogohlantirishicha, “Iroq va Shom islomiy davlati” yoki “Islomiy davlat” deya yuritilayotgan guruh boshqa terror tashkilotlaridan ko’ra yaxshiroq qurollangan va harbiy jihatdan puxta.

Ekstremistlar internetga qo’ygan videoda haqiqatda amerikalik jurnalist Jeyms Foli qatl etilgani tasdiqlangach, xotira marosimlari boshlanib ketdi. Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, shu yoz boshida Foli va garovdagi boshqa odamlarni qutqarish uchun Suriyaga maxsus kuchlar yuborilgan. Biroq harbiylar manzilga yetib borganida garovdagilar u yerda topilmagan.

“Islomiy davlat” global tinchlikka xavf solishda al-Qoidadan ham o’zib ketdi, deydi vazir. “Ular o’ta radikal mafkurasi, harbiy strategiyasi va yaxshi moliyalangani bilan ajralib turadi”.

Chak Xeygl fikricha, Iroq shimolini bosib olgan jihodchilarni harbiy kuch bilangina yengib bo’lmaydi. Iroqdagi diniy mazhablar bir yoqadan bosh chiqarishi, siyosiy islohotlar qilinishi zarur.

AQSh Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari Martin Dempsi ekstremistlar ham Suriya, ham Iroqda in qurganini aytadi.

“Hozir Suriya va Iroq orasida chegara yo’q hisob, jangarilarni har ikki tarafdan siqib chiqarish kerak. Buning uchun mintaqada koalitsiya tuzilmasa bo’lmaydi”, - deydi general.

Uning aytishicha, Damashq va Bag’dod o’rtasidagi katta bir hududda yashovchi, o’zini haqsiz tahqirlangan hisoblovchi 20 million sunniy aholi ekstremistlarni rad etsagina “Islomiy davlat”ni mag’lub etish mumkin.

Pentagon rahbari bu guruhni yovuz bir kuch deya ta’rifladi, unga qarshi kurash uzoq davom etishini aytdi.

“Strategiyamiz ham uzoq muddatli bo’ladi. Jangarilar yangi hujumlarga hozirlanmoqda, shuning uchun Qo’shma Shtatlar Iroqda ularga qarshi zarba berishda davom etadi”, - deydi Chak Xeygl.

Jurnalist Jeyms Folini qatl etgan qora niqobdagi shaxs Londoncha aksent bilan so’zlaganini alohida ta’kidlash joiz. “Islomiy davlat” safida turli davlat fuqarolari bo’lsa, demak dunyo bo’ylab tarafdorlari borligidan darak bu. Shunday ekan, masalan Avstraliya hukumati xavfsizlik choralarini kuchaytirishga kirishgan.

“Terror xurujlari olis bir joyda emas, o’zimizning shaharlarda ham ro’y berishi mumkin. Fuqarolarni ogohlikka da’vat etaman”, - deydi Avstraliya Bosh vaziri Toni Abbott.

Yevropada ko’pchilik xorijdagi mojarolarga aralashishni istamaydi, biroq tahlilchilar nazarida ekstremist guruhlarning begunoh odamlarga nisbatan vahshiyona munosabati omma kayfiyatini o’zgartiradi, dunyo davlatlarini bir yoqadan bosh chiqarishga undaydi.

AQSh mudofaa vaziri Suriyadagi jangari manzillarini ham havodan nishonga olamiz deyishgacha bormadi. Lekin xoh xorijda, xoh vatanda bo’lsin, fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha chorani ko’ramiz, deydi Chak Xeygl.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG