Breaking News

Kaliforniya o'rmonlaridagi yong'in qishloqlarni vayron qilmoqda


Kaliforniya o'rmonlarida yong'in kuchaymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:46 0:00

AQShning qurg'oqchilik hukm surayotgan Kaliforniya shtatida o'rmonlar yonishda davom etmoqda. Vinochilik sanoati bilan mashhur Napa vodiysining shimolidagi hududlarda, xususan bir necha qishloqda, favqulodda holat e'lon qilingan. Bu yerdagi shaharchaning qariyb yarmi yonib bitgan. Minglab odam evakuatsiya qilingan. Shuningdek, regionda tutunlardan havoning sifati ham buzilgani ma'lum.

Kaliforniyada o't o'chiruvchilar o'rmonlarni yamlab yutayotgan yong'inni o'chirishga urinmoqda. Bunaqasi bir necha o'n yillardan beri endi kuzatilishi, deydi ular. Alanga 40 ming gektardan ortiq yerga yoyilib, yuzlab uy va binolarni yakson qilgan. Poytaxt Sakramento shimolidagi Middltaunda bir necha soat ichida katta-katta mahallalar yonib bitgan. Odamlar tahlikada.

"Qochganimizda lovullab yonayotgan edi. Juda dahshatli, hali ham shokdaman", - deydi fuqarolardan biri.

Rasmiylar shamol har tomonga tortayotgani va tutun samolyotlar yo'lini to'sib qo'ygani uchun olovni o'chirish juda qiyin bo'layotganini aytadi.

"Tutun tarqaganda ham quyosh va issiq harorat yong'inning yanada kuchayishiga hissa qo'shadi", - deydi Kaliforniya O'rmonchilik agentligi rasmiysi Skot Maklin.

To'rt nafar o't o'chiruvchi ikkinchi darajali kuyish bilan kasalxonaga yotqizilgan. Shtat gubernatori Jerri Braun yong'in kuchaygan hududlarda favqulodda holat e'lon qildi. Uning aytishicha, yozgi harorat har doimgidan yuqori bo'lgani bois falokat yanada kuchaymoqda.

"Bir necha yillik qurg'oqchilikni hisobga olsak, vaziyat yanada yomon. Havo quruq bo'lgani uchun olov tez alanga olmoqda va kutilmaganda tez yoyilib ketyapti", - deydi gubernator Braun.

Kaliforniyada bir paytning o'zida bir necha yirik yong'in yuz bermoqda. Ammo eng ko'p zarar ko'rgan joylar - Sakramentodan 160 kilometr g'arbda va sharqda joylashgan hududlardir. Hozirgacha alanganing faqat 30 foizi to'xtatilgan, xolos. Yong'inlar keltiradigan zarar ko'lami yanada oshishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG