Breaking News

Rossiya turkman gazidan yuz o'girib, umidni O'zbekistonga bog'lamoqda


Moskva
Moskva

Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Turkmaniston bilan hamkorlikni to’xtatdi. Moskva va Ashgabat gaz narxi bo’yicha kelisha olmagan. Rossiya O’zbekistondan sotib olinayotgan mahsulot miqdorini ko’paytirmoqchi.

Turkmaniston bilan hamkorlikni uzgan Rossiya O'zbekistondan ko'proq gaz olmoqchi - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:48 0:00

Ashgabat-Moskva ziddiyati moliyaviy inqiroz davrida o’z majburiyatlarini bajara olmay qolgan “Gazprom”ning import hajmini qisqartirishi, Turkmaniston gazini Rossiyaga yetkazayotgan quvurlaridagi portlashlarga borib taqaladi.

“Turkmengaz” tarqatgan press relizga ko’ra, shu yilning yanvar oyidan boshlab “Gazprom” jahon bozoridagi o’zgarishlardan kelib chiqqan holda bu davlat mahsulotini xarid qilishni to’xtatgan.

Moliyviy inqirozdagi “Gazprom” 2015-yil davomida sotib olingan gaz uchun Turkmanistonga haq to’lay olmagani yuzasidan Ashgabat oldin ham bayonot tarqatgan edi.

“Gazprom” rahbari Aleksey Millerning aytishicha, endi O’zbekistondan ko’proq gaz sotib olinadi.

Turkmanistondan yiliga 4 milliard, O’zbekistondan esa 1 milliard kubometr mahsulot kelayotgan edi. Moliyaviy inqirozdan avvalgi yillarda bu ko’rsatkich 60 milliard kubometrgacha yetgan.

Moliyaviy inqiroz, Rossiya iqtisodining sanksiyalarga uchrashi, deydi sharhlovchilar, “Gazprom”ning mintaqadagi monopoliyasiga chek qo’ydi.

Markaziy Osiyoda muqobil energetik yo’nalishlarga qarshi Rossiya import majburiyatlarini bajara olmay qolgan.

Mintaqa gaz zaxirasining asosiy iste’molchisi sifatida bugun Xitoy ko’rilmoqda. O’zbekistonning Xitoyga eksporti hozirda yiliga 10 milliard kubometrni tashkil etmoqda.

2016-yilning yozidan esa O’zbekiston va Xitoy kompaniyalari “Markaziy Osiyo -Xitoy” quvurlarining to’rtinchi yo’nalishi bo’yicha qurilish ishlarini boshlashi kutilmoqda. Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston orqali Xitoyga yetuvchi tizim yiliga 85 milliard kubometr gaz yetkazishga mo’ljallangan.

Mintaqa gazining asosiy eksportchisi Turkmanistonda esa TAPI loyihasi bo’yicha qurilish ishlari boshlandi. Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston va Hindiston bo’ylab tortilishi kutilayotgan quvur so’nggi yillardagi eng yirik va eng qimmat proyekt sifatida e’tirof etilgan.

Siyosiy muhojir, turkman faoli Ak Velsapar deydiki, energetik zaxiralarni eksport qilish bo’yicha imkoniyatlarni kengaytirish o’ta muhum, ammo Rossiya qarshiligiga barham berildi deb bo’lmaydi.

“Turkmanistonda muqobil yo’nalishlar topish bo’yicha ishlar davom etayapti, nafaqat Sharqqa tomon, balki Yevropaga chiqish yo’llari izlanmoqda, lekin bu borada Rossiya qo’yayotgan to’siqlarning hamon mavjudligini e’tibordan soqit qilish kerak emas. Rossiya nafaqat Turkmaniston, balki muqobil loyihalarga bosh qo’shayotgan boshqa tomonlarga ham bosim ko’rsatishdan qaytmaydi ”, - deydi Ak Velsapar.

Turkmaniston o’z kuchi hisobiga mamlakat zaxiralarini Kaspiy dengizigacha olib boruvchi quvurlar yotqizdi. Ularni Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa davlatlariga ulash imkoniyati bor.

Ak Velsapar nazarida Yevropani gaz bilan ta’minlaydigan Rossiya bu loyihadan hadiksiraydi.

“Agar Kaspiy dengizi ostidan quvurlar yotqizish ishlari boshlansa, bu Yevropaga gaz sotishda monopoliyaga ega Rossiya uchun Turkmanistonni asosiy raqobatchiga aylantiradi. Rossiya esa bundan jiddiy qo’rqadi. Turkman gazi bu yo’nalishda jiddiy raqobat keltirib chiqaradi ”, - deydi Ak Velsapar.

“Gazprom”ning o’zbek gazi xaridini ko’paytirish haqidagi bayonotiga Toshkent munosabati noma’lum. Ammo mahsulot eksporti oshsa, gaz yetishmovchiligidan muntazam ravishda qiynalayotgan O’zbekiston ahlining turmushi yanada qiyinlashishi turgan gap.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG