Breaking News

Amerikaga eng ko’p talaba jo’natayotgan – Xitoy


"Xitoyda bir oilaga bir farzand siyosati ham ta'sir qilmoqda. Yakkayu yagona bolasiga ota-ona ko'p sarmoya kiritishga, g'arbga, eng sara universitetga jo'natishga tayyor", - deydi mutaxassislar.
"Xitoyda bir oilaga bir farzand siyosati ham ta'sir qilmoqda. Yakkayu yagona bolasiga ota-ona ko'p sarmoya kiritishga, g'arbga, eng sara universitetga jo'natishga tayyor", - deydi mutaxassislar.

AQShda chiqqan yangi izlanish natijalariga ko’ra, Amerikada ta’lim olayotgan xorijlik talabalar orasida Xitoy yoshlari eng ko’p.

Keyingi o’rinda hindistonlik studentlar. O’tgan yilga qiyoslaganda, O’zbekistondan bu yil kamroq talaba kelgan.

Bu raqamlarni AQShdagi Xalqaro ta’lim instituti (Institute of International Education) e’lon qilgan. Bu yilgi hisoblarga ko’ra, Xitoy oldinda. Shu paytgacha AQShda o’qiyotgan chet el yoshlari orasida hindistonliklar aksariyat ko’pchilikni tashkil etgan edi.

Institut rasmiysi Rajika Bandariy so’zlariga ko’ra, Xitoydan kelgan bakalavr studentlar soni 30 foizga oshgan. Ular xalqaro talabalarning 20 foizini tashkil etadi. Xitoyda iqtisodiy o’sish buning asosiy sababi, deya tilga olinmoqda.

Shu paytgacha AQShda o’qiyotgan chet el yoshlari orasida hindistonliklar aksariyat ko’pchilikni tashkil etgan edi
Shu paytgacha AQShda o’qiyotgan chet el yoshlari orasida hindistonliklar aksariyat ko’pchilikni tashkil etgan edi

AQSh Savdo vazirligi chamasicha, chet ellik studentlar Amerika iqtisodiyotiga har yili 20 milliard dollar daromad keltiradi. AQShda o’qish, yashash ancha xarajat talab qiladi.

Hisobotda aytilishicha, xitoylik talabalar asosan biznes boshqaruvi va muhandislikka o’qiydi. Hindiston yoshlari esa ko’pincha ilm-fan, texnologiya va matematikaga ixlosmand.

Xalqaro Ta’lim instituti rasmiysi Peggi Blumental deydiki, chet davlatga oshiqayotgan yoshlar soni yil-sayin ko’paymoqda.

“Ba’zilar mutaxassis, talantlar ketib qolmoqda, deb xavotir qiladi. Biroq gap boshqa tendensiya haqida ketmoqda. Kadrlar tinimsiz harakatda", - deydi rasmiy.

"Ular maktabni bir davlatda tugatadi. Keyin bakalavr darajasini boshqa yurtda oladi. Uchinchi o’lkaga borib, professional faoliyatini boshlaydi. Odamlar davlatlar o’rtasida qatnashga o’rganib qolgan. Bu – global jarayon”, - deydi Peggi Blumental.

Raqamlarga murojaat etsak, AQShda bu yil salkam 700 ming chet ellik student tahsil ko’rmoqda. Endi, shtatlarni olaylik, xorijlik studentlar soni jihatidan qay biri oldinda deng? Kaliforniya.

Misol uchun, Janubiy Kaliforniya Universitetida (University of Southern California) 8 ming nafar xorijiy talaba o’qimoqda. Keyingi o’rinlarda Illinoys (University of Illinois - Urbana-Champaign) va Nyu-York universitetlari (New York University).

Markaziy osiyolik yoshlar orasida Qozog’istondan eng ko’p, 1936 student Qo’shma Shtatlarda o’qimoqda. O’tgan yilga qaraganda, bu raqam 13 foizga o’sgan. O’zbekistondan 513 talaba bor – bakalavr va magistrlikka o’qiyotganlar soni deyarli baravar. O’tgan yili 688 tahsil olgan edi.

Qirg’izistondan 274, Turkmanistondan 195, Tojikistondan esa 288 student ta’lim olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG