Breaking News

Xitoyda tibetliklar ommaviy namoyishga chiqqan


Tibet sharqidagi Rebkong hududida namoyishchilar hukumat binolari oldida to’plangan. Ayrim manbalarga ko’ra, minglab odamlar ko’chalarga chiqqan, ko’plar Xitoyning ta’lim tizimini tanqid qilgan.

“Ko'plab talabalar til erkinligi ta’minlanishini, Dalay Lamaning Tibetga qaytishini talab qilgan”, - deydi Erkin Tibet inson huquqlari guruhi rahbari Stefani Brijen.

2010-yilda ham Rebkongda ommaviy namoyishlar bo’lib o’tgan edi. O’shanda omma mahalliy maktablarda tibet tili o’rniga faqat xitoy tili o’qitilayotganidan shikoyat qilib, bunday siyosatni o’zgartirishni talab qilgan.

“Tibetliklar oldida qiyin muammo turibdi. Agar ular kelajakda o’qishni, xususan universitetlarga kirish va keyinchalik ish topishni xohlasa, xitoy tilini bilishi kerak. O’z tilini o’rganish ularni jamiyatdan ajratib qo’yishi mumkin”, - deydi Stefani Brijen.

Shu oy boshida BMTning inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili Xitoy rahbariyatiga murojaat qilib, Tibetning o’ziga o’t qo’yish hollari yuz bergan hududlarida mustaqil monitoring o’tkazish va jurnalistlarga u yerni borib ko’rishga ruxsat berishni so'radi. Juma kuni Pekindagi Xalqlar Kongressida qatnashayotgan rasmiylar bunga rad javobini berdi.

Tibet muxtor viloyatining Kongressdagi vakili Shiangba Punkog so’zlariga ko’ra, Xitoy Tibetda inson huquqlari toptaladi deb fikr bildirgan faollar Tibetga bormasligi kerak, deydi va xalqaro taftish o’tkazilishiga ham qarshi.

Xabarlarga ko’ra, namoyishchilarning aksariyati talabalar va rohiblar. Namoyishchilarni politsiya va xavfsizlik xizmatining ko’p sonli askarlari kuzatib turdi, lekin hozircha namoyishga aralashgani yo’q.

Payshanba kuni tibetliklar shu yerda Kalsang Jinpaning dafn etish marosimiga yig'ilgan edi. 18 yoshli Jinpa Dalay Lamaning Tibetga qaytishiga da’vat etuvchi shior ko’tarib turgan va Xitoyning Tibetga nisbatan siyosatini tanqid qilgan, so'ngra o'ziga o't qo'yib nobud bo'lgan.

Shu oyning o’zida Rebkongda uch kishi o’zini yoqdi.

Xitoyda siyosiy rahbariyat o’zgarar ekan, hukumat uchun ijtimoiy barqarorlikni saqlash katta ahamiyatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG