Breaking News

Xitoyning bo'lajak rahbari prezident Obama huzurida


Oq Uy, Vashington
Oq Uy, Vashington

Bugun Xitoy vitse-prezidenti Shi Zinpin Oq Uyda mehmon. Kelasi yildan prezidentlik lavozimini egallashi kutilayotgan bu arbob va AQSh rahbari Barak Obama ilk bor muloqot qilmoqda.

Bundan 40 yil oldin, qishning qorli bir kunida AQSh rahbari Richard Nikson Xitoyga safar qilib, g’arb va sharqning yetakchi davlatlari orasidagi aloqalarda yangi sahifa ochiladi. Ko’plab siyosatdonlar nazarida 1972-yildagi tarixiy uchrashuvlar Amerika va Xitoyning jahondagi eng yirik iqtisodiy hamkorlarga aylanishida muhim rol o’ynagan.

Vitse-prezident Shi Zinpin bugungi global muammolar yechimi Xitoy va Amerika qo’lida deydi.

"Xalqaro moliyaviy inqiroz, iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, Koreya yarimorolidagi mojaro, Eron atom dasturi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi beqarorlik. Bu borada yaqindan maslahatlashib, fikr almashib kelayapmiz”, - deydi Shi Zinpin.

U 2013-yilda Xitoy Kommunistik Partiyasi raisi va shu tariqa mamlakat prezidenti lavozimini egallaydi.

Xitoy vite-prezidenti Shi Tsinping
Xitoy vite-prezidenti Shi Tsinping
O’tgan yili hozirgi prezident Xu Tsintao Vashingtonga tashrif buyurgan, Oq Uyda uning sharafiga shohona ziyofat berilgan va tomonlar hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olgan edi.

"Bugungi dunyoda hamma bir-biriga bog’langan. O’zaro muvaffaqiyat va kamchiliKlarimizdan birdek foyda va zarar ko’ramiz. Birga ishlasak, davlatlar birdek manfaat ko’radi”, - deydi Barak Obama.

Lekin bu ikki davlat kelisha olmayotgan masalalar bir dunyo, jumladan savdo shartlari, valyuta siyosati, inson huquqlari va demokratiya, Eron, Shimoliy Koreya. Qolaversa, arab dunyosidagi o’zgarishlar yuzasidan ham tomonlar turlicha pozitsiyada. Xitoy Suriya hukumatiga qarshi BMT Xavfsizlik Kengashida ko’rilgan rezolyutsiyaga Rossiya qatori veto qo’ydi.

AQSh Xitoy valyuta siyosatini qoralab keladi
AQSh Xitoy valyuta siyosatini qoralab keladi
Prezident Obama yaqinda Kongressda hisobot berganida, Xitoyni iqtisodiy g’irromlikda aybladi, “bunga boshqa toqat qilmaymiz” dedi. Amerika nazarida, yuan qiymatini ataylab past ushlab turib, Xitoy eksportdan katta daromad olmoqda. Yuan bahosini bozor belgilashi kerak, Xitoy hukumati emas, deydi Obama.

Kennet Libertal masalani o’rganib kelayotgan olimlardan.

“Amerika rahbari Xitoy siyosatidan g’azabda, bunga shubha yo’q. AQSh firmalari va xalqaro kompaniyalarning Xitoyda ishlashi oson emas”, - deydi Libertal.

Mahalliy bizneslar uchun esa sharoit muhayyo. Amerikada Xitoy firmalari uchun ko’plab imkoniyatlar yaratilgan, deya tushuntiradi ekspert.Pekin bu norozilikni tan olmaydi, hamkorlik shartlariga rioya qilayotganini ta’kidlaydi.

Xitoyning Amerikaga nisbatan ta’nasi shuki, bu davlat uning xavfsizligiga raxna solishga urinmoqda. AQSh nega Osiyo-Tinch okeani mintaqasida harbiylar sonini oshirmoqda deya so’raydi Xitoy diplomatlari.

Xitoy AQSh Osiyo-Tinch okeanida harbiy sonini oshirayotganidan norozi
Xitoy AQSh Osiyo-Tinch okeanida harbiy sonini oshirayotganidan norozi
Deyvid Lampton, Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti professori fikricha, Barak Obama va Shi Zinpin bu haqda albatta gaplashib oladi.

“Yaqinda Pekinda bo’lib qaytdim. Hammaning xayolida mana shu masala. Xitoy mintaqada hukmron kuch sifatida ko’rinayotgani va atrofdagilar bundan xavotirda ekanini biladi. Amerika shu sabab e’tiborini dunyoning bu qismlariga qaratib, hamkor davlatlarni himoya qilayotgani ham sir emas. Vitse-prezident Shi Zinpin AQSh rahbari bilan muloqotida “biz hech kimga xavf solmayapmiz va solmaymiz” deya ishontirishga harakat qilsa ajabmas”.

Obama ham o’z navbatida Xitoyni shunga ishontirishga bel bog’lagan.

Vashingtondan tashqari Shi Zinpin Ayova va Kaliforniya shtatlariga borib, xususiy sektor bilan sarmoya va biznes hamkorlik haqida muzokaralar olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG