Breaking News

AQSh fuqarolik urushidan bir yarim asr o'tib ham uning sabablari unutilmagan


AQSh fuqarolik urushidan bir yarim asr o'tib ham uning sabablari unutilmagan
AQSh fuqarolik urushidan bir yarim asr o'tib ham uning sabablari unutilmagan

Bundan 150 yil avval shu oy Amerikada fuqarolik urushi boshlangan. 11 shtat ittifoqdan ajralib chiqib, konfederatsiya tuzgan va shu tariqa qishloq xo’jaligi va quldorlikka asoslangan iqtisodiy tizimini saqlab qolish uchun kurashgan.

1861 yilning 12 aprel kuni konfederatsiya qo’shinlari Janubiy Karolina shtatining Fort Samter qal’asida ittifoq armiyasiga qarata o’t ochadi.

Shimol va Janub bir-biriga qarshi urush e’lon qiladi. To’rt yillik qonli olishuv 1865 yilda konfederatsiya mag’lubiyati bilan nihoyasiga yetadi.

Amerika birligini saqlab qoladi. Oradan bir yarim asr vaqt o’tdi, ammo janub va shimol ahli hamon bu urush saboqlari haqida gapiradi.

Virjiniya shtati urushning asosiy fronti bo’lgan. Manassas shahriga har yili 600 mingga yaqin odam kelib, ochiq muzeylarni tomosha qiladi.

Jang maydoni bo’lgan joylarni ko’rib, qancha insonlar qirilib ketgani haqida o’ylamay iloj yo’q.

“Mana shu yerdan turib, atrofga qarab, o’sha damlarni tasavvur qiladi kishi",- deydi tarixchi Ed Klark.

Jang maydoni shafqatsiz bir joy. Minglab amerikaliklarning qoni to’kilgan bu yerda. Ular bir-birining jonini olgan. Jang qilgan, halok bo’lgan”.

AQSh fuqarolik urushidan bir yarim asr o'tib ham uning sabablari unutilmagan
AQSh fuqarolik urushidan bir yarim asr o'tib ham uning sabablari unutilmagan

To’rt yillik urushda 620 ming amerikalikning yostig’i qurigan. Mamlakat aholisining ikki foizi nobud bo’lgan.

Rey Braun, bu borada chuqur izlangan olimlardan biri.

“Shuncha odam qirilib ketgan… Buning o’sha paytdagi hayotga ta’sirini o’ylang. Ularning avlodlari chekkan azob-uqubat-chi? Ular bu alamidan chiqqanmi? Bir yarim asr o’tib ham odamlar kim-kimni o’ldirgani haqida gapiradi”.

Olim bu bilan amerikaliklar hamon alamzada demoqchi emas, aksincha, urushdan keyin bu xalq jipslashgan. U kunlarga also qaytmaylik deya ahd qilgan, deydi tarixiy obidalarni ko'rishga kelganlardan biri.

“Ajralamiz deganlar yutqazgan va ularning avlodlari haqiqatni tan olib, shu jamiyat ravnaqi uchun ter to’kkan. Bu urush Amerikani o’zgartirgan”.

Yel Universiteti professori Deyvid Blayt yarashish va ko’nikish haqida gapiradi:

“Dahshatli urushdan keyin mamlakatni qayta qurmoqchi bo’lsangiz, buning bir yo’li - tomonlar nimani va qanchalik boy berganini tan olish”.

Amerikada bunga urushdan 50 yil o’tib muvaffaq bo’lingan. 1911 yilda Gettisburg shahrida 50 ming sobiq jangchi yig’ilgan. Gettisburg urush paytida ajal o’chog’i sifatida tanilgan shahar edi.

“E’tibor urushga yetaklagan sabablar va undan kim foyda ko’rgani emas, shu yurt fuqarolari bevaqt halok bo’lgani, insonlar bir-birining qonini bekorga to’kkanida bo’lgan”,- deydi Deyvid Blayt.

Olim bu haqda tom-tom kitoblar yozgan.

“Bu urushning asosida qulchilik va quldorlik yotganini unutmaslik kerak. Mana shu tuzumdan voz kechish Amerika Qo’shma Shtatlarini tubdan o’zgartirib yubordi. 4 million inson qullikdan ozod etildi. Davlat konstitutsiyasi o’zgartirildi. Amerikani Amerika qilgan narsa mana shu o’zgarishlardir”,- deydi Blayt.

Lekin bunga erishish uchun 100 yil vaqt ketdi, ya’ni fuqarolik urushidan fuqaro huquqlari uchun kurashgacha.

1964 yilga kelibgina Amerikada qora tanli aholi, qullarning avlodlari, teng huquqli fuqarolar sifatida tan olindi.

Bugun bu davlatni qora tanli prezident boshqarmoqda. Lekin munozara va tortishuvlar hamon tinmagan.

“Amerikada shtatlar va federal hukumat qanday vakolatga ega va ega emasligi haqida gap ketganda, fuqarolik urushi davridan qolgan masalalar ko’tariladi",- deydi Deyvid Blayt.

"Amerikalik bo’lish nima degani? Irq, elat va din tanlamaydigan xalq bo’lish osonmi? Ijtimoiy-madaniy xilma-xillikning o’ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Bu tabiiy bir munozara, debat".

Manassass shahridagi jang maydoni va fuqarolik urushi kechgan boshqa joylarda odamlar yig’ilib, tarixni eslaganida mana shu haqda gap ochiladi.

“Tariximizni unuta olmaymiz, undan saboq olish burchimiz. Amerikada fuqaro tengligi va ravnaqi uchun kurash uzoq davom etgan va hozir ham davom etmoqda. Qurol bilan emas, munozara va fikr almashish bilan”,- deydi tarixchi Ed Klark.

Bugun Amerika 50 shtat va federal hudud – Kolumbiya Okrugidan iborat. Fuqarolik urushi bu zaminda yuz bergan eng yirik qonli mojaro bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG