Breaking News

Iqlim o'zgarishiga qarshi choralarda qishloq xo'jaligi asosiy o'rinda


Quruq yerda sholi ekayotgan kambojalik fermer
Quruq yerda sholi ekayotgan kambojalik fermer

30-noyabr kuni Parijda iqlim bo’yicha xalqaro konferensiya ish boshladi. Maqsad – barcha uchun majburiy bo’lgan yagona kelishuvga erishish. Mana 20 yildirki, xalqaro hamjamiyat by masalada murosaga erisholmay keladi. Yangi tadqiqotga ko’ra, atrof-muhit muhofazasi yo’lida birinchi navbatda qishloq xo’jaligida islohotlar qilinishi lozim.

Iqlim va qishloq xo'jaligi - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

Aksar mamlakatlar qishloq xo’jaligini yangicha iqlim sharoitiga moslashtirish va chiqindilarni kamaytirish uchun texnik va moliyaviy ko’makka muhtoj. Global qishloq xo’jaligi tadqiqotlari maslahat guruhi (CGIAR) o’tkazgan izlanish xulosalaridan biri shu.

Tashkilot vakili Bryus Kembell Parij sammiti katta ahamiyatga ega, deydi. Chunki kelasi 10 yilliklardagi harakatlar uchun poydevor yaratadi.

Iqlimga oid xalqaro muzokaralar shu paytgacha samara bermagan. Olim kelishuvga erishish uchun quyidagi shartlarni sanab o’tadi.

“Davlatlar atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirish uchun yetarli chora ko’rishga, yetarli mablag’ ajratishga va’da berishi kerak. Harorat ko’tarilib borayotgani shubhasiz, unga moslashish va oqibatlarini yumshatish uchun resurslar zarur”.

Sammitda 160 mamlakat qatnashayotgan bo’lsa, 80 foizi qishloq xo’jaligi islohotini iqlim o’zgarishi strategiyasiga kiritgan. Shunga qaramay, BMTning rasmiy hujjatida qishloq xo’jaligi tilga olinmaydi. Bu mahalliy va global miqyosdagi qarorlar hamohang emasligidan darak, deydi Kembell.

Uning fikricha, rivojlanayotgan davlatlar qishloq xo’jaligida tez fursatda katta o’zgarishlar qilishini kutmasa ham bo’ladi.

“Masalan, sholi ekinlari atmosferaga metan gazini chiqaradi. Yetishtirish uslubini o’zgartirish orqali bu gaz miqdorini 30-50 foizga kamaytirish mumkin. Ammo bu bilan hosil ko’paymaydi. Ish va xarajatlar ko’payadi, lekin daromad o’sha-o’shaligicha qoladi”, - deya tushuntiradi olim.

Shuning uchun suvni tejash, irrigatsiya tizimlarini yangilash va yangi texnologiyalarni joriy etishda rivojlanayotgan mamlakatlar ko’makka muhtoj.

Chorvachilik sohasida ham o’zgartirishlar kiritish orqali karbonat angidrid gazini kamaytirish mumkin.

“Masalan, Afrikada sut iste’moli oshib bormoqda. Chorvaga yaxshiroq yem berish orqali, birinchidan, har bir sigirdan olinayotgan sut hajmini ko’paytirish mumkin. Ikkinchidan, dehqon daromadi oshadi. Ayni vaqtda har bir litr sutni ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar kamayadi”, - deydi Kembell.

Eng muhimi - bunday rejalarni kim va qanday qo’llab-quvvatlaydi? Kim moliya bilan ta’minlaydi? Hozirgacha bu masalalarda jiddiy siljish yo’q. Parijdagi iqlim sammiti 30-noyabrdan 11-dekabrgacha davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG