Breaking News

Islom Karimov tashqi siyosati na izchil va na ishonchli, deydi tahlilchilar


Prezident Karimov Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton bilan, Toshkent, 2012
Prezident Karimov Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton bilan, Toshkent, 2012
Bu hafta Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universitetida (Columbia University) O’zbekistondagi ichki vaziyat va uning tashqi siyosati muhokamada bo’ldi. Bu mavzularni yoritib kelayotgan jurnalistlar, tahlilchilar va vaziyatni kuzatib kelayotgan xalqaro tashkilotlarning vakillari Kolumbiya universiteti qoshidagi Garriman institutida (Harriman Institute) o’z fikr va mulohazalarini bildirdi. Maqsad – Amerika ilmiy va siyosiy doiralarini dolzarb masalalardan ogoh etish, ularga mamlakatni tushunishga yordamlashish.

Islom Karimov, O'zbekiston tashqi siyosati/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:47 0:00
Yuklab oling

Anjuman Garriman instituti va Ochiq Jamiyat Jamg’armasi tomonidan tashkil etildi. Unda so’zlash uchun "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova ham taklif qilindi. Mutaxassis o'z faoliyati, 15 yildan oshiq davrdan beri yoritgan mavzulariga asoslanib, O’zbekiston tashqi siyosati ortidagi omillar, tuzum tabiati, Islom Karimovning Vashington va Moskvaga qanday yondashishini tahlil qilib berdi.

"Mustaqillikning 22-yilida ham O’zbekiston aniq tashqi siyosat doktrinasiga ega emas. Davlat xalqaro sahnada o’z boy tarix va madaniyatini targ’ib qilgan holda tanilishga, o’z nufuziga ega bo’lishga urinadi. Toshkent yirik davlatlar, jumladan AQSh va Rossiyadan nima istaydi? O’zbekiston bilan hamkorlikdan bu mamlakatlar qanday foyda ko’radi? E’tibor bunga emas, asosan O’zbekistonni tanqid ostiga olayotgan tomonlarga qaratiladi. Aloqalarni mustahkamlash, respublikaga nisbatan ishonchni oshirish uchun nima qilish kerak deb o’ylash o’rniga, Karimov ma’muriyati “uni nishonga olayotgan qora kuchlarga” qarshi harakat bilan mashg’ul. O’zbekiston rasmiylari hamisha “ajnabiy kuchlardan” shubhalanadi. Bu bilan davlat o’ziga bo’lgan ishonchi naqadar past ekanini namoyish etadi. Tashqi dunyoda Toshkentga nisbatan yangragan har bir tanqid shaxsiy tanqiddek qabul qilinadi. Xalqaro maydondagi munosabatlarni tahlil qilib, tegishli xulosa chiqarib, o’zaro ishonch-hurmatni kuchaytirish o’rniga, O’zbekiston rahbariyati “tanqidchilarni” jazolash bilan ovora. Mag’rur va kuchli davlat tanqidga chidaydi, o’z kamchiliklarini bartaraf etishga, yil sayin olg’a qadam tashlashga harakat qiladi",- dedi Imamova.

Prezident Islom Karimov tashqi siyosat tamoyillari haqida qanchalar bong urmasin, dunyo sahnasida, ayniqsa G’arbda uni tushunishga qiynalishadi.

"Nima uchun deb so’raganimizda, Amerika va Yevropa diplomatlari Toshkent tashqi siyosatida izchillik, barqaror asos yo’q deb aytishadi",- deydi jurnalist.

O’zbekiston kutilmagan qadamlar tashlashga o’rgangan. Vashington yoki Bryusselda tanqid yangrasa, Karimov birdaniga Rossiya bag’riga qaytishi mumkin yoki Moskvadan bosim oshsa, G’arb bilan apoq-chapoq bo’lishga harakat qilib qoladi.

"Ertaga nima bo’ladi, buni hech kim aniq aytolmaydi. Yakkahokimlikka asoslangan tuzumlarga xos illat bu. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham shunisi bilan ajralib turadi, chunki ularning barida hokimiyat bir shaxs qo’lida, tashqi siyosatni ham u belgilaydi",- deydi Imamova.

"Vashington Toshkent bilan munosabatlarda ehtiyotkorlik bilan qadam bosishga majbur. Davlat departamenti rasmiylari orasida “aks holda boridan ham quruq qolamiz” degan xavotir bor",- deydi jurnalist.

AQSh uchun ustuvor masala – Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston orqali Afg’onistonga kirib-chiqishni ta’minlash. Zarur ta’minot yo’llari ochiq turishi kerak.

Toshkent ham o’z navbatida 2014-yildan keyingi vaziyat qanday rivojlanishidan xavotirda. AQSh ketishini kutayotgan Rossiya Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirish ilinjida. Karimov muvozanatni saqlab qolish va o’z manfaatlarini yanada himoya qilishga intilishi tabiiy.

Britaniyalik mutaxassis, Markaziy Osiyo bo’yicha qator kitob va maqolalar muallifi Deyvid Luis (David Lewis) terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurash asosiy o’rinda qoladi degan fikrda. Vaholanki, hozirgi kunda bu tahdidlar uncha katta emas.

“O’zbekiston Islomiy Harakatini oladigan bo’lsak, u bundan 5-6 yil avvalgi vaziyatga qiyoslaganda Tolibonning uzviy qismiga aylanib bo’lgan, Pokistonda ancha faol. Uni moliyalaydigan kuchlar uchun harakatning Afg’oniston hukumatiga qarshi faoliyati muhimroq”.

Karimov hukumati o’z repressiyasini oqlash uchun terrorizm tahdidini bo’rttirib ko’rsatadi, deydi Luis.

“O’zbekiston fuqarosi bo’lsangiz, hukumat tomonidan o’ldirilishingiz ehtimoli terrorchilar qo’lidan nobud bo’lish ehtimolidan kattaroq. Qanchalik dahshatli tuyulmasin, bu haq gap”, - deydi ingliz olimi.

Qoradori savdosi haqida gapirar ekan, Luis 2014-yilda xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etganidan keyin bu muammo ancha jiddiylashishini aytadi.

"Hamma xavotirda. Biroq O’zbekiston orqali o’tadigan traffikka hukumat rasmiylari ham aralashgan. Kelajakda bu vaziyat o’zgarishiga ishonmayman. Rasmiylar uyushgan jinoiy guruhlar bilan yaqin aloqada va narkotiklar savdosi ustidan nazorat ular qo’lida,” - deydi Deyvid Luis.

Anjumanda so’zga chiqqan Alan Deletroz, Bryusselda asoslangan va xalqaro bo’hronlarni o’rganuvchi tashkilot (International Crisis Group) vitse-prezidenti nazarida, Yevropa Ittifoqining O’zbekiston bilan aloqalari bugungi kunda juda pragmatik.

“Andijon fojiasidan keyin joriy etilgan sanksiyalar ko’p o’tmay bekor qilindi. Ular natija bermadi, aksincha, Yevropa Ittifoqining zaifligini namoyish qildi. Hozirda Yevropaning Markaziy Osiyoga nisbatan uyg’un, uzoq kelajakni ko’zlaydigan strategiyasi yo’q”, - deydi Deletroz.

“Shunisi hammaga oydek ravshanki, Islom Karimov rejimi bilan aloqalarni rivojlantirish juda qiyin”, - deydi ekspert.

NATO qo’shinlarining Afg’onistondan olib chiqilishi katta mablag’ hamda qo’shni mamlakatlar hamkorligini talab qiladi. Demak, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga muhtoj. Bryussel Karimov bilan muloqotni davom ettiradi, deydi Deletroz.

Hozirda Toshkent G’arb bilan xalqaro qo’shinlarga tegishli harbiy asbob-uskunaning bir qismini O’zbekistonda qoldirilishi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

“Karimov pozitsiyasi juda mustahkam. Yevropa Ittifoqining bu rejimga ta’sir vositalari juda cheklangan. Afsuski, bu vaziyat G’arb davlatlari shu kungacha olib borgan siyosat mahsuli,” - deydi Deletroz.

Lekin, deydi mutaxassis, hozirda Yevropa Karimovga nisbatan zaif pozitsiyada ko’rinsa-da, kelajakda shunday qoladi deb bo’lmaydi. Demokratik tuzumlarning xotirasi yaxshi, kelajakda inson huquqlari va erkinlik borasidagi talablar yangilanadi deb ishonch bilan aytish mumkin, deya xulosa qiladi Alan Deletroz.



Kolumbiya Universitetida O'zbekiston haqida anjuman, 1-qism/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:02 0:00
Yuklab oling

Anjumandagi ma'ruzalar - original audio/Conference audio, original:

Columbia-OSF conference on Uzbekistan, Feb 20, 2013 Part 1
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:04:53 0:00
Yuklab oling

Columbia-OSF conference on Uzbekistan, Feb 20, 2013 Part 2
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:59:33 0:00
Yuklab oling

Columbia-OSF conference on Uzbekistan, Feb 20, 2013 Part 3
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:27:07 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG