Breaking News

Jurnalist xavfsizligini ta'minlash kimning bo'ynida?


"Amerika Ovozi" muxbiri Skott Bob Suriyadan axborot uzatib keladi
"Amerika Ovozi" muxbiri Skott Bob Suriyadan axborot uzatib keladi
Jurnalistning ishi ma’lumot to’plash ekan, har qanday sharoit va vaziyatda bu vazifani ado etishga tayyor turishi kerak.

Texnologiya taraqqiy etishi bilan bu kasb egalari uchun ko’plab imkoniyatlar paydo bo’ldi, shu bilan birga, to’siqlar ham.

Axborot vositalari uchun internet muhim bir platformaga aylanar ekan, ko’plab tashkilotlar yangi xarajatlarni qoplash uchun chet eldagi muxbirlari sonini kamaytirdi.

Turli poytaxtlardagi doimiy korrespondentlar o’rnini shtatsiz hamkorlar, stringerlar egalladi. Ular ham jurnalistlar, ammo ish beruvchi vaqtincha yollangan bu mutaxassislarga ko’p imtiyoz bermaydi va zarur bo’lganida ularni himoya qila olmaydi. Faqat material uchun haq to’lanadi, xolos.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi axborot vositalarini barcha jurnalistlarga birdek g’amxo’rlik qilishga undamoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi – xalqaro tashkilot. U dunyo bo’ylab axborot vositalariga xizmat qilayotgan insonlar manfaatlarini himoya qiladi.

Internet asrida axborot tarqatish osonlashgan bo’lishi mumkin, ammo uni to’plash, tekshirish va nozik masalalarni yoritish har qachongidan ham qiyin. Oshkoralikni dushman deb bilgan hukumatlar to’siqlar qo’yishda davom etmoqda.

Alanga ichida yashayotgan Suriyadan muxbirlar keskin cheklovlar ostida xabar uzatmoqda. Yil boshida amerikalik jurnalist Mari Kolvin va fransuz operator Remi Oshlik halok bo’ldi.

“Skype” orqali biz bilan gaplashgan muxbir Roy Gatman deydiki, matbuot xodimlari - oson nishon. Chunki ular har yerda ishga tayyor.

"Jurnalistlar xavf har yoqdan kelishini biladi, lekin ularni hech kim himoya qilmaydi. Shu bois muxbirlar ehtiyot choralar ko’rishga majbur”,- deydi u.

“Amerika Ovozi” muxbiri Piter Xaynlayn bu yili Efiopiyada hibsga olindi. Namoyishchilar bilan gaplashayotganida xavfsizlik kuchlari uni olib ketishdi. Ishimiz kundan kunga qiyinlashmoqda, deydi jurnalist.

“Xabar uzataman deb xavfli hududlarga borayotganimizda gap hayot-mamot haqida ketayotganini tushunamiz. Lekin bu zarur ishni kimdir qilishi kerak. Afsuski, bizni to’xtatishga urinishadi, qo’rqitishadi”,- deydi u.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi urush zonalarida yurgan muxbirlar uchun maxsus qo’llanma ishlab chiqqan. Xavf darajasi oshganida nima qilmoq kerak? Ishxona nishonga olinganida qayerga chopasiz? Yaralangan jurnalist qayerga boradi? Hibsga olinganida nima qila oladi?

Bu savollarga ushbu qo’llanmada javob topasiz, deydi Frank Smit, tajribali jurnalist. Bu mojaroli nuqtalarda mehnat qilgan jurnalistlar maslahati, deydi u.

“Muxbirlar ma’lumotni qanday asrab-avaylashni ham ham o’ylab qo’yishi kerak. Har qanday aloqa, elektron pochta, uyali telefon… Hammasida ehtiyot bo’lish kerak”,- deydi u.

Ruhiy salomatlik ham bag’oyat muhim omil, deydi qonli urushlarni yoritgan jurnalistlar. Talofat, zo’ravonlik, qatliomlar, jinsiy tajovuz – bular odam tanlamaydi, jurnalistlar ham jabrlanishi turgan gap.

AQShning “Ey-Bi-Si” (ABC) telekanali muxbiri Marta Raddatz deydiki, jurnalist boshqalarga qaraganda kuchliroq, qo’rqmasroq va irodasi yanada mustahkam inson bo’lishi kerak. Boshqa yo’l yo’q.

“Muxbirlar tinch hayotga qaytgach ham urush xotiralari bilan yashaydi. Ruhiy jarohatlar ba’zida umuman bitmaydi. Yaqinda qizim dugonasi bilan qo’g’irchoq o’ynab o’tirib, “bolamni ol, bolamni ol” deganida xayolim Efiopiyaga ketdi. U yerda qahatchilikni yoritib yurgan paytimda ochlikdan o’lay deb turgan onalar bolalarini qo’limga tutqazib shunday iltijolar qilgan edi”.

Jurnalist zamonning azob-uqubatlarini yaqindan ko’radi, ularga guvoh bo’ladi.

Har qanday sharoitda teran fikrlay olish, xolis axborot yig’ib, uzatish – muxbirning asosiy burchi.

Bunga o’zini himoya qila olishni ham qo’shsangiz, deydi Marta Raddatz, dunyodagi eng mushkul vazifa deyavering. Jurnalist dunyo ahlini xabardor qilish uchun jon berishga tayyor turishi kerak.

Jurnalistika - tobora xavfli soha/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00
Yuklab oling

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG