Breaking News

Qrim tatarlari vaziyat adolat va tinch yo'l bilan hal etilishi tarafdori


Qrim tatarlari
Qrim tatarlari
Ukrainaning Qrim Avtonom Respublikasida 16-mart kuni hudud maqomi bo’yicha referendum o’tkaziladi. Qrim Ukraina tarkibida qoladimi yoki Rossiyaga qo’shiladimi, bu nafaqat referendum natijasi, balki yarimorol taqdiri xususida tortishayotgan tomonlar qudrati va irodasiga ham bog’liq. Oddiy xalq fikri esa bo’lingan. Muhimi, tinchlik bo’lsin, deydi ular.

Sabina asli Qo’qondan. Qrim tatari. Bir necha yil oldin ota-onasi bilan O’zbekistondan chiqib, Simferopolda joylashishgan. Yilda bir necha oy Turkiyada ham yashab keladi. O’tgan yil kuzidan beri Qrimda.

Ukraina va G’arb matbuoti hududda vaziyat taranglashgan, ahvol og’ir deyishiga qaramay, Sabina Qrimda hayot oldingiday davom etmoqda, deydi.

“To’g’ri, atrofda harbiylarni ko’rish mumkin endi. Ba’zilar “Putinga rahmat”, “Rossiyaga qo’shilmoqchimiz” deya namoyish qilmoqda. Shuni hisobga olmaganda, vaziyat tinch, vahima, qo’rquvga sabab yo’q. Siyosatchilar tortishmoqda, lekin xalqqa buni ta’siri yo’q. Kiyevdagi voqealarning ham bizga unchalik ta’siri bo’lmadi. Dollar qiymatining oshganini hisobga olmasak”, - deydi Sabina.

Qrimda yashayotgan sobiq o'zbekistonliklar fikr bildiradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00
Yuklab oling

Uning aytishicha, Qrimda Kiyevda bo’lgani kabi do’konlarda peshtaxtlar bo’shab qolmadi, odamlar vahimaga berilmadi.

“Xalqimiz ancha bosiqroq, ko’p millatli”, - deydi Sabina.

Qo’shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va Ukraina Rossiyani Qrimdan qo’shinlarini chiqarishga chaqirib keladi.

Sabinaning aytishicha, Simferopolning o’zida askarlar kam, Qrimning ayrim shaharlarida esa umuman yo’q.

Qrimda yashayotgan sobiq o'zbekistonliklar fikr bildiradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00
Yuklab oling

"Ular asosan Qora dengiz, harbiy qismlarga yaqin joyda turibdi", - deydi u.

Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, Qrim tatarlari Rossiyaga qo’shilishga qarshi, Ukraina tarkibida qolishni istaydi. Sabinaning aytishicha, bu masalada na tatarlarda, na ruslarda yakdillik bor.

“Ruslarning ham bir qismi Rossiyaga qo’shilishni istamaydi. “Ukrainada shuncha yil yashadik, o’zgarishlarning nima keragi bor” deyishyapti”, - deydi Sabina.

Suhbatdoshim dorixonada ishlaydi. Rossiyada iqtisodiy sharoit Ukrainaga qaraganda yaxshiroq ekanini tan oladi.

“Odamlar shunga ham Rossiya bilan bir bo’lishni istaydi”, - deydi u.

Qrim aholisining yarmidan ko’pini etnik ruslar tashkil etadi. Chorak qismi ukrainlar, yana 10-15 foizi tatarlar. Ozchilikda bo’lsak-da, bizga munosabat yaxshi, deydi Sabina.

“Men ruslar va ukrainlarni doim bir xalq deb hisoblaganman, ularni ajratmaganman. Hamma bilan tinchlikda yashashni istaymiz. Adolat hukm surishini xohlaymiz. Farqi yo’q, Rossiya tarkibida bo’lamizmi, Ukrainada qolamizmi, buni halol referendum hal qilsin”, - deydi u.

Sabina Kiyevdagi inqilobni yoqlamaydi. Unga ko’ra, jiddiy mavzular tinch yo’l bilan va qonun doirasida hal etilishi lozim.

“To’da xalq uchun hal qilmasin”, - deydi u.

Qrimning yangi hukumati ham, Kiyevdagi muvaqqat rahbarlar ham yarimorolda tatarlarga kengroq huquqlar berilishi haqida gapirdi, biroq Sabinaning aytishicha, bularning barchasi hozircha quruq gap.

Yaqinda Qrim Tatarlari Majlisi yangi rahbarni sayladi. 2009-yildan beri Jahon Qrim Tatarlari qurultoyini boshqarib kelayotgan Refat Chubarov endi Majlisga raislik qiladi. Chubarov asli Samarqanddan.

Qrim tatarlari yetakchisining aytishicha, yarimoroldagi tatar aholisiga namoyishlarda qatnashmaslik tavsiya qilingan.

“Chunki hech birimizning qo’limizda qurol yo’q. Qurolli odamlarga qarshi chiqmanglar, provokatsiya bo’lmasin, dedik. Askarlar biz yashaydigan joylarga yaqinlashgani ham yo’q”, - deydi Refat Chubarov.

Uning aytishicha, tatarlar rossiyaparast ommaning provokatsiyaga qo’l urishidan, rus harbiylariga hujumga o’tish uchun bahona bo’lishidan xavotirda.

Refat Chubarov Sovet Ittifoqi qulashi oqibatida 45 yillik surgundan so’ng o’z tuprog’iga qaytgan Qrim tatarlarining muxtoriyat kelajagiga munosabati xususida shunday deydi:

“Agar Qrim Rossiyaga o’tsa, bundan rozi bo’lmaymiz. Bu bizning tuprog’imiz. Lekin tan olish kerak, ozchilikmiz. Boradigan boshqa joyimiz yo’q. Aytish joiz, Ukraina hukumati so’nggi 23 yilda biz istaganchalik siyosat yuritmadi, talablarimizni qo’llab-quvvatlamadi. Shu bilan birga Ukraina tatarlarning Qrimga qaytishiga qarshi chiqmadi. Bu juda muhim”, - deydi Qrim tatarlari Majlisi raisi.

Refat Chubarovning aytishicha, Ukraina iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qaraganda qoloqroq, ammo ancha demokratik davlat.

“Putinning rejasini bilmaymiz, ammo qabihlikka qo’l ursa, Amerika unga mone bo’lishiga umid qilamiz”, - deydi Refat Chubarov.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG