Breaking News

Qrim-tatarlar: Rossiya Milliy Majlisni o’z qo’liga olishga urinyapti


Qrim yarimorolini o’ziga qo’shib olgan Rossiya hozir tatarlar Milliy Majlisi boshqaruvini ham butunlay nazorat qilishga urinmoqda.

Qrim-tatarlar: Rossiya Milliy Majlisni o’z qo’liga olishga urinyapti/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:17 0:00

Majlisning Rossiyaga moyil ayrim deputatlari bu organ rahbariyatini o’zgartirish, bu organni Rossiya qonunchiligiga binoan ro’yxatga olish talabi bilan chiqishgan.

Milliy Majlis raisi Refat Chubarov Qrimdan badarg’a qilingan va rais o’rinbosari Axtem Chiyg’oz qamoqda qolayotgan bir paytda bu tashabbuslar olg’a surilayotgani qrim-tatarlarni xavotirga solmoqda.

Milliy Majlis tarkibidagi "Qrim“ guruhi navbatdan tashqari qurultoy chaqirish, yangi rahbarlarni saylash, tashkilot tizimida o’zgarishlar qilish talabini ko’tarmoqda.

Guruh yetakchisi Remzi Ilyosov Qrim parlamentiga “Yedinaya Rossiya” partiyasidan saylangan bo’lib, ayni paytda parlament raisi o’rinbosari vazifasini bajaradi. Ilyosov bayonotiga ko’ra, uning tashabbusini 100 dan oshiq deputatlar qo’llamoqda, bu esa qurultoy o’tkazishga asos bo’ladi.

Bu takliflar Milliy Majlisga nisbatan tazyiqlar kuchaygan bir paytda qilinmoqda. Refat Chubarov hamda milliy yetakchi Mustafo Jemilev ketidan, Qrimning Rossiya tarkibiga kirishiga keskin qarshi bo’lgan boshqa tatarlar ham birin-ketin yarimoroldan badarg’a qilinayapti.

Qrimga kirishi taqiqlangan so’nggi faollar huquq himoyachisi Sinovar Qodirov, Mlliy Majlis a’zosi Abmajid Sulaymonovlar bo’ldi.

Qrim-tatarlar huquqi faollari Sinovar Qodirov (o'ngda) va Abmajit Sulaymonov
Qrim-tatarlar huquqi faollari Sinovar Qodirov (o'ngda) va Abmajit Sulaymonov

Qrim-tatarlar huquqi qo’mitasi muvofiqlashtiruvchisi Sinovar Qodirov Ukraina fuqarosi, ammo mahalliy hukumat uni viza tartibini buzganlik aybi bilan surgun qilgan.

“Men go’yo chet el fuqarosiman va Rossiyaga kirish tartibini buzganman. Men bu gaplarni asossiz deb hisoblayman, 90-yillardan buyon Qrimda muqim yashab kelganman. Buning sababi esa siyosiy faoliyatga bog’liq. Gap shundaki, Qrimni bosqin qilgan Rossiya mahalliy xalq qrim-tatarlar tomonidan qabul qilinmadi, Rossiyaga qo’shilish bo’yicha o’tgan referendumni boykot qilishdi. Shundan so’ng tub aholiga nisbatan bosim kuchayib bormoqda, ular yana o’z vatanidan surgun qilinmoqda”, - deydi Sinovar Qodirov.

Faollarga ko’ra, tub aholining bosqinga nisbatan pozitsiyasini o’zgartira olmagan Moskva ularning boshqaruv organi - Miliy Majlisni qo’lga olishga harakat qilmoqda. So’nggi paytda bu boradagi kurash jiddiy tus olgani aytiladi.

Majlisning navbatdan tashqari qurultoyini chaqirishni talab qilayotgan, “rossiyaparast” guruhini tuzishga harakat qilayotgan Remzi Ilyosov bu yig’in may-aprel oylarida o’tishi mumkinligini aytmoqda.

“Majlisning delegatlari soni 250 kishiga yaqin, ular faqat qurultoyda saylanadi. Hozir Majlis, qurultoy rossiyaparast delegatlar qo’liga o’tmasligi uchun kurash kuchaygan. Rossiya va mahalliy hukumat qurultoy chaqirib, Majlis boshqaruvuni o’z qo’liga olish niyatida. Shu yo’l bilan milliy harakatni jilovlash maqsad qilinmoqda. Bugun Ukraina sharqidagi to’qnashuvlarda har kuni odamlar qurbon bo’layotgan bir paytda Kiyevdan amaliy bir yordam kutish qiyin. Lekin bundan qat’i nazar Ukraina Rossiyaga nisbatan, Qrimni ozod qilish bo’yicha aniq bir mexanizm ishlab chiqishi kerak”, - deydi Sinovar Qodirov.

Ukraina sharqida separatistlar bilan davom etayotgan to’qnashuvlar Kiyevni Qrim masalasini keyingi planga surishga majbur etmoqda.

Prezident Petro Poroshenko hukumat almashishining bir yilligi munosabati bilan qilgan murojatida Ukraina, shubhasiz, Qrimni qaytarib olishini eslatdi. Prezidentning qrim-tatar yetakchilari Mustafo Jemilev va Refat Chubarov bilan uchrashuvida bu boradagi reja muhokama qilingan.

Ayni paytda "Ozodlik uyi" tashkiloti shu oy Qrimda mahalliy aholi haq-huquqlari toptalayotgani haqida hisobot chiqardi.

Huquq faoli: Rossiya Qrim tatarlariga o'z hukmini o'tkazmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:14 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG