Breaking News

Misrda dindan voz kechish xavfli


Misrdek dindor jamiyatda dahriylar juda kam uchraydi. Islomdan voz kechish xavfli. 2010-yilda o’tkazilgan so’rovda misrliklarning 84 foizi dinni inkor etganlarga o’lim jazosi berilishini qo’llab-quvvatlagan. Xatarga qaramay bir guruh faollar “Free Mind” (Erkin Idrok) telekanali orqali o’zgacha fikrlarni targ’ib qilmoqda.

Misrda dindan voz kechish xavfli/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

“Free Mind” ko’rsatuvlari Misrda tayyorlanadi, Qo’shma Shtatlarda montaj qilinadi va internet orqali efirga uzatiladi. Mualliflar Yaqin Sharqda nodiniy, liberal g’oyalarni targ’ib qiladi.

Ekranda boshlovchini chiroyli studiyada ko’rasiz. Aslida Ahmad Harqon ko’rsatuvni Misrdagi uyidan, kichik yotoqxonasidan tayyorlaydi. Orqasida yashil parda. Studiya qayerda joylashgani sir, chunki aksar misrliklar uchun ateizm dinni haqoratlash degani. Musulmonlikdan voz kechgan Harqon o’zi haqida hikoya qiladi.

“Bir kuni ko’chada odamlar meni va rafiqamni o’ldirmoqchi bo’lib quvlashdi. Politsiya idorasiga qochib kirdik. Odamlar ketimizdan kirib, islomni badnom qiluvchi teleko’rsatuvda chiqadigan mana shu deb meni ko’rsatishdi va shundan so’ng bizni hibsga olishdi”, - deydi Harqon.

Politsiya ularni 24 soatdan keyin ozod etgan, ammo oilasi bilan ta’qiblardan qochib boshqa uyga ko’chishga majbur bo’ldi.

Rafiqasi Nada Mandur ham sobiq musulmon. “Free Mind” televideniyesi dasturlariga rejissyorlik qiladi. Ikki yil oldin islomdan voz kechgan, oila a’zolari, qarindoshlari ayoldan yuz o’girgan.

“Dinni tanqid qilganim va o’zimni dahriy deb e’lon qilganim uchun mendan nafratlanishadi”, - deydi Mandur ota-onasini ko’rishga borolmasligini aytar ekan.

Sobiq nasroniy Ayman Ramzi
Sobiq nasroniy Ayman Ramzi

Yaqin Sharqda nafaqat sobiq musulmonlar, balki nasroniylikdan voz kechganlarga ham qiyin, deydi dastur ijodkorlaridan yana biri Ayman Ramzi.

“Aslida Misrda ateist bo’lish qonunga zid emas. Lekin diniy qarashlarimni ochiqchasiga ifoda etganim uchun hibsga olishgan meni. Jamiyat qadriyatlari hamda dinni haqorat qilganlikda ayblanganman”, - deydi u.

“Free Mind” o’z dasturlarini o’tgan yili, iroqlik prodyuser Xaldun Alg’animiy AQShga ko’chganidan keyin boshlagan. Amerikada Yaqin Sharqdagi dahriylar taqdiri haqida gapirish muammo emas, deydi u.

Hibsga olinish va qamalishdan tashqari Yaqin Sharqdagi dahriylar hatto kallasidan judo bo’lishi mumkin – masalan, Saudiya Arabistonida.

Ahmad Harqon o’z ko’rsatuvlarida o’zgacha fikrlovchi hamyurtlariga dalda berishga harakat qiladi, o’z qarashlarini ochiq muhokama qilishga chaqiradi. Shu orqali jamiyatda mavjud taqiqlarni yumshatish niyatida.

Biz bilan bemalol suhbatlashsa-da, Harqon yashash joyini ochiq aytmaydi. Dindorlar jamiyatida dindan voz kechish hamon xavfli, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG