Breaking News

Xitoy Yevropa infratuzilmasiga ulkan sarmoya kiritmoqda


Yevropa Komissiyasi rahbari Xose Manuel Barroso (o'ngda) Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan, Bryussel, 31-mart, 2014-yil.
Yevropa Komissiyasi rahbari Xose Manuel Barroso (o'ngda) Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan, Bryussel, 31-mart, 2014-yil.

Yaqinda dunyoning eng uzun temiryo'li ishga tushdi: Xitoydan yo'lga chiqqan yuk poyezdi Ispaniya poytaxti Madridga yetib bordi. "XXI asrning Ipak yo'li" deya atalayotgan temiryo'l tarmog'i Xitoy amalga oshirayotgan yirik loyihalardan. Pekin qadimiy savdo yo'llari bo'ylab Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan qayta bog'lamoqchi. Yevropa Ittifoqi allaqachon Xitoyning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi.

Xitoy-Yevropa savdo aloqalari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Xitoyning sohil bo'yidagi Iu shahridan 40 vagon to'la yuk noyabrda 13 ming kilometrli safarga chiqib, uch haftadan so'ng Madridga yetib keldi. Bu kemada qilinadigan safardan ikki barobar kamdir. Ispan vinosi va sabzavotlari ortilgan yuk Xitoy yangi yili bo'lib o'tadigan fevralgacha yana ortga qaytishi belgilangan.

"Xitoy XXI asrda dunyo yetakchisiga aylanadimi?" deb nomlanuvchi kitob muallifi Jonatan Fenbining aytishicha, Pekin savdoni kuchaytirish uchun infratuzilmani yaxshilashga urinmoqda.

"Bu narsalar kengayishda, rivojlanishda davom etadi. Janubi-sharqiy Xitoyni Rossiya orqali Germaniyaning Duisberg shahri bilan bog'lovchi temiryo'l tarmog'i ham bor", - deydi u.

Germaniya - Xitoy temiryo'l tarmog'i har hafta besh marta qatnaydi. Unda "BMW" avtomobillari uchun ehtiyot qismlardan tortib "HP" kompyuterlarigacha bo'lgan turli mahsulotlar tashiladi.

Xitoy Yevropa infratuzilmasini yaxshilash uchun katta sarmoya kiritmoqda. Bosh vazir Li Ketsyan o'tgan oy Serbiyadagi Danube daryosi ustida xitoyliklar tomonidan qurilgan 167 million dollarlik ko'prikning ochilish marosimida qatnashdi. Serbiyaliklar Xitoy yordamidan minnatdor.

"Bu xitoylik quruvchilar Yevropada erishgan birinchi ulkan muvaffaqiyat bo'lib, Xitoy-serb do'stligining abadiy yodgorligi bo'lib qoladi. Xitoylik do'stlarimiz bilan yana ko'plab ana shunday loyihalarni amalga oshiramiz. Kelajakka yangi yo'llar va ko'priklar quriladi", - deydi Serbiya Bosh vaziri Aleksandr Vuchich.

Rejada Belgrad va Vengriyaning Budapesht shaharlarini bog'lovchi 1,9 milliard dollarlik yuqori tezlikli temiryo'l qurish ham turibdi. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Iga ko'ra, bunday loyihalar global aloqalarda yangi sahifa ochadi.

"2014-yil oxirigacha dunyoning asosiy mamlakat va mintaqalarida 70 dan ortiq strategik va hamkorlik aloqalarini o'rnatdik. Biz ittifoqlar tuzish o'rniga hamkorlik o'rnatishning yangi yo'lidan bormoqdamiz", - deydi u.

Xitoyning "Ipak yo'li orzusi" loyihasi Janubiy Osiyoni ham qamrab oladi. Pekin mintaqada infratuzilmani yaxshilash uchun 40 milliard dollar sarmoya yotqizishga va'da bergan. Tashqi investitsiya orqali Pekin global sahnada mavqeini mustahkamlash yo'lidan bormoqda. Ichki iqtisodiy o'sishning sekinlashgani ham buning sabablaridan biri, deydi Jonatan Fenbi.

"Xitoyda moliyaviy tizimdan tortib atrof-muhitgacha ichki muammolar ko'p. Hozirgi Xitoy yetakchilari taraqqiyot sekinlashayotganini tan olishga tayyor turibdi. Ayni paytda xitoyliklar bu muammolarga yechim topish lozimligini tushunadi", - deydi tadqiqotchi.

Yevropa iqtisodiy turg'unlikka yuz tutgan bir paytda Xitoy sarmoyasi jonga oro kirmoqda. Kuzatuvchilar esa buning Xitoydagi inson huquqlariga oid ahvolga e'tibor susayishiga yetaklashidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG