Breaking News

Yevropa Ittifoqi qochqinlar oqimiga qanday javob beradi?


Ikkinchi jahon urushidan buyon eng katta qochqinlar oqimi bilan yuzlashib turgan Yevropa Ittifoqi bu muammoni qanday hal qilishga hayron.

Germaniya kansleri Angela Merkel va Bolqon davlatlari rahbarlari Avstriyada uchrashib, shu masalani muhokama qildi. Yevropa mushtarak yechim bilan chiqishga ojiz, degan tanqidlar tobora balandroq yangramoqda.

Qochqinlar uchun asosiy tranzit o'lkalar hisoblangan Makedoniya va Serbiya vazirlari ittifoqni aniq reja bilan chiqishga chaqiryapti. Ammo muhojirlar uchun Yevropaga darvoza deb ta'riflangan Vengriya sammitda qatnashmadi.

Shu kunlarda Makedoniya moliyaviy krizisga botgan Gretsiyadan har kuni uch ming migrantni qabul qilib olayapti.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, shu yilning o'zida 250 ming odam O'rta dengizni suzib o'tib, Yevropaga kirgan. Yo'lda ocharchilik va boshqa sabablar bilan o'lganlar esa 2,5 mingga yaqinlashmoqda.

Kuni-kecha Liviyadan kemada Italiyaga otlangan taxminan 200 migrant cho'kib ketgan. Ular Afrika, Pokiston, Suriya, Marokash va Bangladeshdan.

Avstriyada esa katta yo'l bo'yida topilgan yuk mashinasidan 71 qochqinning jasadi chiqdi - 59 erkak, sakkiz ayol va to'rt bola. Politsiyaning bildirishicha, bu voqeaga aloqador uch kishi hibsda. Ulardan ikkisi Bolgariyadan, yana biri venger.

28 davlat a'zo Yevropa Ittifoqi birgalashib chora ko'rmayotgani bois hukumatlar muammoga o'z bilganicha yondashmoqda.

Masalan, Vengriya qochqinlarni kiritmaslik uchun 175 kilometrli chegarada tikanli sim to'siq barpo etayapti. Makedoniya favqulodda holat e'lon qilgan. Germaniya 800 ming qochqinga, asosan, suriyaliklarga boshpana berishga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bu qaror Germaniyaning ayrim shaharlarida norozilik namoyishlariga turtki bergan.

Avstriya taklif etayotgan reja Yevropa sarhadlarini mustahkamlash va maxsus markazlar tashkil etishni ko'zlaydi. Yevropaga boshpana izlab kelganlar bu markazlarda ro'yxatdan o'tib, tekshirilib, so'ngra yashash va ishlashga ruxsat olishi mumkin bo'ladi.

Avstriya - Yuk mashinasi ichidan 71 jasad topildi
Avstriya - Yuk mashinasi ichidan 71 jasad topildi

Makedoniya
Makedoniya

Serbiya
Serbiya

Liviyalik qochqinlar
Liviyalik qochqinlar

Gretsiya-Makedoniya chegarasi
Gretsiya-Makedoniya chegarasi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG